Toshkent xalqaro aeroportida kutib oluvchilar terminal ichiga kirishi mumkin bo‘ldi
Toshkent xalqaro aeroportida uchib kelish zali rekonstruksiyasining 1-bosqichi yakunlandi. Zal kengaytirilib, kutib olishga kelganlar uchun 120 ta o‘rindiqqa ega zona tashkil etilgan. Yuk karusellari bittaga ko‘paygan. Zalga tutash hududga maxsus yo‘lak yotqizilgan va avtoturargoh tashkil etilgan. Rekonstruksiyaning 2-bosqichini yil oxirigacha yakunlash reja qilingan.

Foto: Uzbekistan Airports
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida uchib kelish zali rekonstruksiyasining dastlabki bosqichi yakunlandi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” AJ xabar berdi.
Qayd etilishicha, birinchi bosqichda zalning faqat o‘ng qismi yangilangan, umumiy maydoni kengaytirilib, avtotransport va avtobuslar uchun yangi yo‘lak, 120 o‘rinli avtoturargoh qurilgan va yashil hudud barpo etilgan.
“Bino fasadining kengayishi uchib kelish zali maydonini 2100 kvadrat metrga oshirish imkonini berdi. Natijada bojxona hududi kengaytirildi, qo‘shimcha yuk karuseli o‘rnatildi, terminal ichida kutib oluvchilar uchun ilk bor 120 o‘rindiqli hudud tashkil etildi”, – deyiladi xabarda.
Shuningdek, kutib oluvchilar maydonidan tashqari qisqa muddatli to‘xtash uchun zalga tutashgan maxsus ajratilgan yo‘lak ochilgan. Aeroport xizmatlariga ko‘ra, endi zal oldigacha ham taksi, ham shaxsiy avtomobillar va avtobuslarda kirish mumkin. Yo‘lakda turish vaqti jo‘nab ketish zalidagi yo‘lak kabi 10 daqiqani tashkil etadi.
Rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichini 2025 yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan. Bunda qo‘shimcha yuk tashish kamarini o‘rnatish, kafelar, do‘konlar va boshqa xizmatlar joylashgan kutib oluvchilar hududini kengaytirish nazarda tutilgan.
Yakuniy bosqich – kelish va jo‘nash zallarini yagona terminal majmuasiga birlashtirishdir. Ishlar yakunlangach, terminalning umumiy maydoni 10 000 kvadrat metrdan oshishi, o‘tkazish qobiliyati esa soatiga 2400 yo‘lovchiga yetkazilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili kuzida “Uzbekistan Airports” boshqaruv raisi Javlonbek Umarxo‘jayeva Toshkent xalqaro aeroportining uchib ketish zali modernizatsiyasiga 40 mlrd so‘m yo‘naltirilganini, loyihaning yakuniy bosqichi uchun esa kredit olinishini ma’lum qilgandi.
Shuningdek, u rekonstruksiya loyihasining umumiy qiymati texnik-iqtisodiy asoslar chiqqanidan keyin e’lon qilinishini bildirgandi. Ammo hozirgacha bu summa ochiqlanmagan.
Mavzuga oid

12:34
Hukumat qarori: Propiskasi yo‘qlar Toshkentda taksichilik qilolmaydi

11:05
Qurilish vazirligi Toshkentda 110 mingta uy buzilishi boshlangani haqida tarqalgan xabarlarni rad etdi

13:05 / 11.06.2025
Toshkentdagi davlat maktabida pulli sinf ochildi. Maktab direktori bu yangilik emasligini aytdi

23:40 / 10.06.2025