AOKA: Meta kompaniyasiga 23 mingta so‘rov yubordik, ularning 80 foizi qanoatlantirildi
Meta va TikTok kompaniyalari O‘zbekiston rasmiylarining noqonuniy deb topilgan kontentlarni o‘chirishga doir so‘rovlarini 80-90 foizga “ijobiy” hal etmoqda. Telegram va Youtube'da esa bu samaradorlik pastroq, deya ma’lum qildi AOKA direktori o‘rinbosari Dilshod Saidjonov. Agentlik o‘zbek tilidagi qo‘pol va haqorat so‘zlarni jamlab, bu so‘zlar Facebook va Instagram'da paydo bo‘lmasligi bo‘yicha Meta bilan ishlamoqda.

10 iyun kuni Toshkentda Mass-media fondi va Meta kompaniyasi hamkorligida «Yoshlar va o‘smirlarda ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanish madaniyatini shakllantirish» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Tadbirda qatnashgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov berilgan savolga javoban agentlikning Meta bilan hamkorligiga to‘xtaldi.
«Meta bilan birga yaqindan ishlayapmiz. Biz, AOKA internetning o‘zbekzamon segmentida ishlatiladigan, «ban» kategoriyasiga kiradigan qo‘pol va haqorat so‘zlarning har xil variantini yig‘ib chiqdik. Bitta narsani tan olishimiz kerak, [haqorat so‘zlarni] yozayotganlarning fantaziyasi juda keng ekan. Yig‘ilgan so‘zlar soni rosa oshib ketdi. Ular har xil variatsiyada: kirillcha, lotincha, aralash va inglizcha… Ta’lim darajasidan kelib chiqib, kimdir to‘g‘ri yozadi, kimdir xato yozadi. Ular yig‘ilganda bu so‘zlarning hajmiga o‘zimiz ham hayron bo‘ldik. Ulardan hatto bitta lug‘at yasasa ham bo‘larkan.
Hozir bu yo‘nalishda Meta bilan ishlayapmiz. Meta o‘zining sun’iy intellekti bilan birgalikda bizga yordam beradi. Meta platformalari – Facebook va Instagram'da bu so‘zlar paydo bo‘lmasligi exey yordam berishga va’da berishdi. Aminmizki, bu hamkorlik juda zo‘r meva beradi», dedi Saidjonov.
Uning aytishicha, Meta vakili bilan o‘rnatilgan doimiy aloqa orqali AOKA yuborgan so‘rovlarning qariyb 80 foizi «ijobiy» hal qilingan. Boshqacha aytganda, Meta kompaniyasi Facebook va Instagram'da O‘zbekiston rasmiylari noqonuniy deb hisoblagan kontentlarning katta qismini o‘chirib tashlamoqda.
«Biz monitoring olib boruvchi organ bo‘lganimizdan keyin, bizga bu ekstremizm holatlari Instagram'da ham, Facebook'da ham juda yaxshi ko‘rinadi. Meta bilan biz zo‘r platforma qildik, ya’ni bu mavzudagi murojaatlarimizni juda tez hal qilib berishadi.
Qisqa bo‘lsa ham raqam keltiraman: 2024 yilda Meta'ning o‘ziga 23 mingdan ortiq link yubordik. Ularning 80 foizini Meta bizga hal qilib berdi, ularning aksariyati ekstremizm [bilan bog‘liq kontent]. Mana, bu yil 2025 yilning endi yarmidamiz, bizning so‘rovlarimiz soni 40 mingdan oshib ketdi. Ya’ni aytmoqchi bo‘lganim, ekstremizm resurslarini yopganimiz bilan, yana o‘ntasi paydo bo‘ladi, ular yopilsa yuztasi paydo bo‘ladi. Afsuski, reallik shunaqa.
AOKA so‘rovlarni jo‘natishni davom ettiradi. Meta bizga yordam beryapti, hamkorlikka yaxshi asos solingan, fundamentimiz mustahkam. Umid qilamanki, bu borada yanada ko‘p natijalarga erishamiz va [ijobiy javob olish] protsentimiz o‘sib boradi», deya Saidjonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
AOKA rasmiysining Kun.uz muxbiriga aytishicha, o‘chirib yuborilishi kerak bo‘lgan kontentlar senzura maqsadida emas, balki qonunchilikka asosan tanlanadi.
«Meta'ga so‘rovlar tarmoqlardagi postlarni senzura qilish uchun emas, «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunning 12-1-moddasida keltirilgan noqonuniy kontentlar ro‘yxatiga ko‘ra yuboriladi. Bunday kontentlarning asosiy qismi ekstremistik materiallar, keyin narkotiklar savdosi, pornografiya, o‘z joniga qasd qilishga chaqiruvchi, milliy, etnik nizo qo‘zg‘aydigan materiallar, shafqatsizlik hamda qurol-yarog‘ savdosi bilan bog‘liq kontentlarni [o‘chirish so‘raladi].
Meta'ning ham o‘z qonunchiligi bor – Guidelines. Bizning qonunchilik bilan ularning tartiblari bir-biriga tushishi kerak, shunda hamkorlik samarali bo‘ladi. Aksariyat hollarda to‘g‘ri kelyapti, biz tushuntiryapmiz. Natijada ular [biz aytgan kontentni] haqiqatda noto‘g‘riligini tan olyapti va shundan keyin yordam berishyapti.
Boshqa tarmoqlar borasida TikTok ham bizga yordam bermoqda: 90 foiz atrofida so‘rovlarimiz bajarmoqda. Meta keyingi o‘rinda. Telegram va YouTube ham biz bilan ishlaydi, lekin ularning so‘rovlarimizga javob berishi samaradorligi ancha pastroq», dedi Dilshod Saidjonov.
Avvalroq AOKA ijtimoiy tarmoqlarga oid qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygandi.
Mavzuga oid

21:14 / 06.06.2025
YeIga a’zo 5 ta davlat bolalar uchun TikTok va YouTubeʼni taqiqlash taklifi bilan chiqdi

10:43 / 09.05.2025
Media sohasini tartibga soluvchi yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi

22:41 / 10.04.2025
Jamoatchilik fikri: ijtimoiy tarmoqdagi kommentlar real hayot in’ikosimi?

00:27 / 09.02.2025