Jahon | 23:40 / 12.06.2025
14491
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar bo‘yicha yangi bayonot berdi

Oq uy rahbari urushni to‘xtatishga qodir ekaniga ishonishini ta’kidladi.

Foto: Getty Images / Anna Moneymaker

Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp nafaqat Rossiya, balki Ukrainaning ham xatti-harakatlaridan «juda hafsalasi pir bo‘lganini» aytdi.

Jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida Amerika yetakchisi yana urushdagi katta yo‘qotishlar haqida gapirib, tomonlar allaqachon kelishuvga erishgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Shu bilan birga, u o‘z jamoasi urushni tugatishga erisha olishiga ishonadi:

«Ular haftasiga besh-olti ming kishini yo‘qotmoqda - asosan askarlar, balki tinch aholi ham, chunki shaharlar yana raketalardan o‘qqa tutilmoqda. Uyda yashash va kechqurun unga raketa tegishi mumkin, deb o‘ylash qanday? Bu dahshatli. Bunday sharoitda yashash dahshatli bo‘lsa kerak. Lekin aminmanki, bunga barham beramiz. Haligacha barham bermaganimizdan afsusdaman», dedi Tramp.

Amerika prezidenti Tramp Ukraina va Rossiya o‘rtasida mas’uliyatni taqsimlab, har ikki tomonni bir necha bor tanqid qilgan.

Tinchlikka erishish harakatlarining boshida u Moskva urushni tugatishga moyillik ko‘rsatmasa, sanksiyalar bilan tahdid qilgan edi. Ammo hech qanday sanksiyani joriy qilmadi.

Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan uchrashuvda AQSh prezidenti urushni bolalar maydonchasida kurashayotgan bolalarga qiyoslab, biror ish qilishdan oldin ularni «urishib olishiga qo‘yib berish»ni taklif qildi.

Mavzuga oid