Eronning ajalvor hujumi va Tehronda navbatdagi portlashlar. Urushning uchinchi kunidagi asosiy voqealar
Isroil harbiy obektlar atrofida yashovchi eronliklarni uzoqroq ketishga chaqirdi. Bir necha soat o‘tib Tehronning turli nuqtalarida portlashlar ro‘y berdi. Eron razvedkasi boshlig‘i va Tehron politsiyasi boshlig‘i o‘ldirilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi..

Foto: Ronen Zvulu / Reuters / Scanpix / LETA
Isroil va Eron o‘rtasidagi ommaviy raketa hujumlari almashinuvi uchinchi kun davom etmoqda. Eronning zarbalari yanada halokatli tus ola boshladi va Isroil tinch aholisi orasida katta qurbonlarga olib keldi. Isroil armiyasi esa bombardimon qilish obektlari tarmog‘ini kengaytirmoqda: harbiy va atom infratuzilmasidan tashqari, Eron iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan neft va gaz sanoati korxonalari ham hujumga uchramoqda. Yaqin vaqtlar ichida Isroilning yana bir zarbasi ehtimoli bor – nishon yana harbiy obektlar bo‘lishi mumkin, ammo o‘qqa tutish ko‘lami, aftidan, shunchalik katta bo‘ladiki, Eronning tinch aholisiga ham xavf tahdid soladi. Quyida Yaqin Sharqdagi katta mojaroning uchinchi kuni haqida.
Mojaroning uchinchi kunida Isroil Eron hududi bo‘ylab navbatdagi keng ko‘lamli raketa zarbalarini amalga oshirdi. 14 iyun kuni kechqurun ham islom respublikasining Janubiy Forsdagi yirik gaz koni hujumga uchragan, natijada obektda gaz qazib olish qisman to‘xtatilgandi. 15 iyunga o‘tar kechasi Tehrondagi Shahron neft saqlash ombori, Eron mudofaa vazirligi bosh qarorgohi hamda Mudofaa innovatsiyalari va tadqiqotlari tashkiloti (SPND) hamda boshqa qator binolar zarbalar ostida qoldi. Xalqaro atom energetikasi agentligiga ko‘ra, ulardan biri Isfahondagi uranni qayta ishlash zavodi bo‘lgan: korxonada «to‘rtta muhim bino», jumladan, «uran konversiyasi va yoqilg‘i plastinalari ishlab chiqarish sexi» shikastlangan. Eron nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, fuqarolik infratuzilmalari ham chetda qolmagan: Tehron shimoli-sharqida raketa zarbasi oqibatida turar joy binosi vayron bo‘lgan. Fars agentligi xarobalar ostida ko‘plab kishilar, jumladan 10 nafar bola halok bo‘lganini xabar qilgan. Isroil mudofaa armiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 80 dan ortiq obekt tungi hujumlar nishonlari bo‘lgan. Uch kun mobaynida esa isroillik harbiylar Erondagi 170 dan ortiq nishonga aniq zarba bergan.

Majid Asgaripour / WANA / Reuters / Scanpix / LETA
Eron o‘z hududi bo‘ylab hujumlarga uch kunlik mojarodagi eng ajalvor hujum bilan javob qaytardi. 15 iyunga o‘tar kechasi Isroil tomon 80 ga yaqin ballistik raketa uchirilgan. Tinch aholi vakillaridan kamida 10 kishi halok bo‘ldi: mamlakat shimolidagi Tamra shahrida to‘rt ayol va Tel-Aviv chekkasida – Bat-Yam shaharchasida olti kishi, jumladan, ikki bola halok bo‘lgan, bu yerda zarba oqibatida ko‘p qavatli turar joy binosi vayron bo‘lgan. Bat-Yamdagi qutqaruv operatsiyasi joyiga 15 iyun kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu tashrif buyurib, Erondan qasos olishga va’da berdi. Isroil bo‘ylab 200 dan ortiq kishi jarohatlangan. Rexovot shahridagi Veysman fan instituti qoshidagi tadqiqot markazi binosi va Hayfadagi Bazan kompaniyasining neftni qayta ishlash zavodi qisman vayron bo‘lgan (shu bilan birga, korxona o‘z ishini to‘xtatmagan). Islom inqilobi muhofizlari korpusi Eron harbiylari Isroil qiruvchi samolyotlari uchun yoqilg‘i ishlab chiqarish obektlari va Isroilning energiya ta’minoti markazlariga zarba berganini ma’lum qilgan. Isroil tomoni bu ma’lumotlarni tasdiqlamadi.

Abir Sultan / EPA / Scanpix / LETA

Ikki mamlakatda ham tinch aholi orasida qurbonlar soni ortib bormoqda. O‘tgan tun, yuqorida aytilganidek, Isroil uchun eng halokatli tun bo‘ldi. Eron zarbalari tufayli mamlakat bo‘ylab uch kundan kamroq vaqt ichida kamida 13 kishi halok bo‘lgan, 200 dan ortiq kishi yaralangan. O‘z navbatida, Isroil hujumlari 120 dan ortiq eronlik hayotiga zomin bo‘ldi, 900 kishi yaralangan. Isroil tomoniga ko‘ra, bu statistika «zarbalarning qonuniy nishoni» bo‘lgan yuqori martabali harbiylar va atom dasturi muhandislarini ham o‘z ichiga oladi.

Ircs / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
15 iyun kuni kunduzi Isroil Eron bo‘ylab zarba berishni davom ettirdi. Bundan oldinroq TSAHAL vakillari islom respublikasi aholisini fors tilida ogohlantirdi: Isroil armiyasi qurol ishlab chiqarish korxonalari va yordamchi infratuzilma yaqinida yashovchi barcha tinch aholini vaqtincha xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilishga chaqirdi. Shundan bir necha soat o‘tgach, Tehronda bir nechta kuchli portlashlar sodir bo‘ldi. Shaharda havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlagan. Tasnim agentligi Valiasr maydonida portlash ro‘y berganini yozgan. Fars agentligi yozishicha, yana bir snaryad Talegani ko‘chasiga tushgan. OAVda shaharning turli chekkalarida beshta avtomobil portlatilgani haqida xabar berildi. Bu portlashlar oqibatida eronlik yadrochi olimlar o‘ldirilgani aytilmoqda. Bundan tashqari, The Jerusalem Post nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Mehrobod aeroporti ham hujumga uchragan bo‘lishi mumkin.
Eronning bosh razvedkachisi ham o‘ldirilgani aytilmoqda. Isroil harbiylari Islom inqilobi muhofizlari korpusi razvedka tashkilotining Tehrondagi binosiga zarba bergan. Iran International nashri ma’lumotlariga ko‘ra, razvedka tashkiloti rahbari, brigada generali Muhammad Kozimiy va uning o‘rinbosari Hasan Muhageg vayronalar ostida qolib ketgan. Ularning taqdiri haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Razvedka binosi jiddiy zarar ko‘rgan. Voqea joyida qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilmoqda.
Bu vaqtda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Fox News kanaliga bergan intervyusida Kozimiy o‘ldirilganini ma’lum qildi. «Eron rejimi hozirda juda zaif ahvolda. Biz yaqindagina Tehronda Islom inqilobi muhofizlari korpusi razvedka boshlig‘i va uning o‘rinbosarini yo‘q qildik», – dedi u.
Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi zarbalar vaqtida Eron poytaxti politsiyasi boshlig‘i – «Tehron qassobi» laqabi bilan tanilgan Ahmadrizo Radan ham yo‘q qilingan.
Eron AQSh bilan yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga tayyorligini ma’lum qildi. «Eron unda yadroviy qurol bo‘lmasligini kafolatlovchi bitimni imzolashga tayyor», – dedi Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy 15 iyun kuni. U islom respublikasi rasmiylari Vashingtonning Isroil hujumlarini rejalashtirishda ishtirok etganiga hali ham ishonchi komilligi, biroq shu bilan birga Eron yadroviy dasturi bo‘yicha murosaga kelish uchun Donald Tramp ma’muriyati bilan muloqotni davom ettirishga ochiqligini ma’lum qilgan. U shuningdek Isroil mintaqadagi agressiv harakatlarini bas qilsa, Eron Isroilga har qanday zarbani to‘xtatishini ham qo‘shimcha qildi. Oq uydan hozircha bu bayonotga hech qanday munosabat bo‘lmadi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Truth Social tarmog‘idagi bayonotida Eronga nisbatan jiddiy ogohlantirish berdi. U agar Eron AQShga qarshi hujum amalga oshirsa, AQSh «ilgari kuzatilmagan darajada zarba» berishini bildirdi. Shu bilan birga, Tramp AQSh Isroilning o‘tgan kechadagi Eronga hujumiga aloqador emasligini ta’kidladi: «Biz Eron va Isroil o‘rtasida osonlikcha kelishuvga erishib, bu qonli nizoni tugatishimiz mumkin».
Mavzuga oid

14:13 / 15.06.2025
Isroil Eron mudofaa vazirligi binosiga va Tehrondagi asosiy neft omboriga hujum qildi

13:22 / 15.06.2025
Tel-Aviv yaqinida turar joy binosi vayron bo‘ldi

10:46 / 15.06.2025
Yaqin Sharqdagi «porox to‘ldirilgan bochka». Isroil va Eron ziddiyati tarixi

08:39 / 15.06.2025