O‘zbekiston | 09:15
3366
16 daqiqa o‘qiladi

Propiska mashmashasi, “sud-pud demaydigan” hokim va Rossiyaga nota - hafta dayjesti

Taksichilar va propiska mashmashasi: vazirning izohi hukumat qaroriga mos kelmayapti. Videosi tarqalib ketgan Buxoro va Samarqanddagi amaldorlar: ularning dag‘dag‘asi qonunlarga zid. Rossiyada migrantlar yana tahqirlandi: O‘zbekiston bu safar nota yubordi. Yirik kompaniyalarga nisbatan da’volar: Beeline, Yandex va Humans ustidan shikoyat qilishdi. Ortda qolayotgan hafta voqealari – Kun.uz dayjestida.

Hamma o‘z viloyatida taksichilik qilishi rad etildi

O‘zbekistonda avtomobillarning davlat raqamidagi hududiy kodlardan voz kechish kerak. Bu kodlar xalqimizning birligi, jipsligi, yagona jamiyat sifatida shakllanishiga to‘siq bo‘lib, mahalliychilik kayfiyatini parvarishlayapti. Shu hafta mediamakonda ko‘tarilgan shov-shuv – bu kodlar propiska rejimining yangicha shakllarini joriy etishda qurol vazifasini bajarishi mumkin degan xavotirlarni ham o‘rtaga chiqardi.

Avvaliga ijtimoiy tarmoqlarda “endi hamma o‘zining viloyatida taksichilik qiladi” degan video tarqaldi, keyin Transport vazirligi matbuot xizmati buni rad etmasdan, Vazirlar Mahkamasining 2 oy oldingi qarorini ko‘rsatdi. Jamoatchilik ne ko‘z bilan ko‘rsinki, 2 aprelda imzolangan qarorda taksi litsenziyasini berishda avtomobilning davlat raqamidagi hududiy kodga qaralishi yozib qo‘yilgan ekan. Shundan keyin faollar “propiska rejimining rasman qaytgani” haqida bong ura boshladi. Ko‘p o‘tmay, bu konstitutsiyaga zid tartib bekor qilinishi kerak degan pozitsiyani muxolifatdagi Xalq demokratik partiyasi ham qo‘llab chiqdi va savol-javob uchun transport vazirini parlamentga chaqirdi.

Shov-shuv ko‘tarilganiga bir sutkadan ko‘proq vaqt o‘tgach, juma kuni transport vaziri Ilhom Mahkamov jurnalistlar bilan uchrashdi va “qaror noto‘g‘ri talqin qilingani”ni aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, taksichilarning litsenziya olayotgan paytda faoliyat ko‘rsatish hududini erkin tanlash huquqi bekor qilinmagan, faqatgina ana shu tanlangan hudud va unga tutash hududdan tashqarida taksichilik qilishi noqonuniy deb belgilangan xolos. Yuzaga kelgan tushunmovchilik uchun mas’uliyat vazirlikning matbuot xizmatiga yuklandi. Yig‘ilishdan keyin e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, qaror kuchga kirganidan beri 5 mingdan ortiq talabgorga avtomobil qayd etilgan hududdan boshqa hududlarda faoliyat ko‘rsatish uchun litsenziya berilgan.

Shunday bo‘lsa-da, vazir aytgan izohlar rasmiy hujjatga mos emas. Hukumat qarorida litsenziyaga talabgor shaxsning hududni ixtiyoriy tanlash huquqi nazarda tutilmagan. Bundan tashqari, rezonansli talqinni rasman rad etish bir sutkadan ko‘proqqa cho‘zilgani, shundan keyin ham ochiq matbuot anjumani emas, kamera va mikrofonlarsiz yopiq yig‘ilish o‘tkazilgani – aytilgan izohga ishonch uyg‘otadigan omillar emasdi.

Nima bo‘lganda ham, bir narsa aniq: 2 apreldagi qaror bilan, haydovchilarning litsenziyada yozilganidan boshqa hududda taksichilik qilishiga cheklov kuchaytirilgan. Aniqrog‘i, avval ham mavjud bo‘lgan talabga rioya etish bo‘yicha Yandex Go, Uklon, MyTaxi kabi agregatorlarga qat’iy majburiyat yuklatilgan. Ya’ni, bundan buyon masalan vodiyda Yandex-taksi qilib yurgan haydovchi faoliyatini Toshkentda davom ettirishni istasa, yangi litsenziya olishga majbur, aks holda agregator unga mijoz topib bermaydi.

Propiska mavzusi ochilganda aytish kerakki, rasmiy doiralarda bu tartibni butkul bekor qilib yuborishga qarshi chiqayotganlarning vazni hamon og‘irlik qilayotganga o‘xshaydi. Yodingizda bo‘lsa, 2023 yilda Konstitutsiya yangilangach, undagi qoidalarni amaliyotga kiritish haqida farmon chiqqan, o‘sha farmonda Toshkent propiskasi haqidagi qonunni bekor qilish ko‘zda tutilgan edi. Mash’um o‘tmishga ega bu qonunda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan fuqarolarning 12 ta toifasi sanab o‘tilgan. Topshiriq berilganiga 2 yildan oshdi, lekin qonun hamon o‘z kuchida qolyapti. Uni bekor qilish masalasi o‘tgan yili yozda Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishdan o‘tgan edi, shundan keyin qaytib bu masalaning daragi chiqmadi.

Yana qonun ustuvorligi haqida

O‘zbekiston o‘zi bilan bir xil suveren reytingga ega davlatlardan qonun ustuvorligi borasida ortda qolyapti. Bu haqda juma kungi bayonotida Moody’s xalqaro reyting agentligi ma’lum qildi. Agentlik O‘zbekistonning suveren reytingini Ba3 darajasida tasdiqlab, prognozni “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirdi. Ba3 reytingi – “spekulyativ” toifada bo‘lib, O‘zbekiston “investitsion” darajaga chiqish uchun hali ikki pog‘ona yuqoriga sakrashi kerak.

Moody’s hisobotida izohlanishicha, O‘zbekistonning joriy suveren reytingi – bir tomondan ijobiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va qarz yukining nisbatan pastligi, ikkinchidan tomondan aholi daromadlarining kamligi va institutlarning zaifligini anglatadi. Institutsional asoslar biroz yaxshilangan bo‘lsa-da, O‘zbekiston ovoz berish, hisobdorlik, qonun ustuvorligi va korrupsiyani cheklash kabi yo‘nalishlarda xuddi shunday reytingga ega davlatlardan ortda qolishda davom etmoqda, deyiladi xalqaro agentlik sharhida.

Moody’s bayonotida urg‘u berilgan hisobdorlik va qonun ustuvorligi masalalarini jamoatchilik bu hafta Buxoro viloyati hokimi bilan bog‘liq keysda yodga oldi. Botir Zaripov Buxoro shahridagi 2-sonli bog‘chaga borganida, allaqanday obektni sudsiz buzib tashlashni buyurgani ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Bog‘cha hududiga kirganlarning hammasining huquqiy hujjatlarini ko‘tarasan. Yo‘g‘ini hech kimni eshitmasdan buzasan. Sud-pud demasdan, bugunning o‘zida buzib tashlaysan. Narsasi, ichidagi odami bilan ko‘mib tashlaysan! Bo‘ldi endi, sud-pud deb, hammasini erkalatganimiz. Orqadan eshik ochganning hujjatini ko‘rasan”, – degan Botir Zaripov.

Hokimlik matbuot xizmatiga ko‘ra, tarmoqda tarqalgan videoda Botir Zaripov bog‘cha hududiga olib boruvchi noqonuniy kirib-chiqish yo‘lagini nazarda tutgan. Bu yo‘lakni bog‘chaga tutash joydan o‘zboshimchalik bilan egallangan yerda qurilgan kafening egasi ochgani, hokim esa bolalarning xavfsizligini o‘ylab hissiyotga berilgani aytildi. “Viloyatda qonun ustuvorligi ta’minlanadi, bironta noqonuniy buzilish qilinmaydi”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Qonun ustuvorligi masalasi Samarqandda ham aktual bo‘lib turibdi. Kun.uz'ga kelib tushgan videoda, o‘zini Urgut tumani agroprom xodimi deb tanishtirgan shaxs fermerlarning yerini xitoyliklarga berib yuborish bilan ogohlantirgan.

Mana, xitoyliklar kelib, yerlarni ko‘rishni boshladi. Ekishni xohlamagan, pillani, g‘allani bajarmagan, soliq to‘lamaganlarning yerini berishni boshlaymiz. Mana, suvli maydonlarni olaman deyapti xitoyliklar. 2 ming gektar maydonni ko‘rsatib chiqyapmiz”, deydi u.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi Urgutdagi bu holatni qoralab chiqdi. “Tashqi bosim orqali fermerlarni yerdan mahrum qilishga urinish qonunchilikka mutlaqo zid”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Urgutdagi amaldor o‘z murojaatida pilla va g‘alla rejasini bajarmaganlar haqida gapirgandi. Sovetlardan qolgan bunday “plan”lar korrupsiyaning uyasi ekani kuni kecha Qashqadaryoda yana bir bor o‘z isbotini topdi. DXX xabariga ko‘ra, Dehqonobod tumani hokimi o‘rinbosari fermerdan 300 kg pilla topshirish rejasini yopib berish uchun 21 mln so‘m pora talab qilgan va kelishilgan puldan 7 mln so‘mini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtda qo‘lga tushgan.

Migrantlarga zo‘ravonlik bo‘yicha rasmiy nota

Rossiyadagi o‘zbeklarning navbatdagi marta tahqirlanishiga javoban, rasmiy Toshkent bu safar Moskvaga nota yubordi. 8 iyun kuni Rossiya kuchishlatar tuzilmalari Moskvada o‘tkazgan reydda migrantlarni haqoratlab, ularni urgan, tepgan, hatto elektroshoker bilan hujum qilgan. 3-4 iyun kunlari esa Peterburgda migratsiya markazi yonidagi ko‘chalar to‘sib qo‘yilib, hujjatsiz migrantlar uchun “qafas” tashkil qilingan, natijada 200 ga yaqin mehnat muhojirlari ko‘chada tunashga majbur bo‘lgan.

Moskvadagi holat bo‘yicha O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaga nota topshirdi. Notada inson huquqlari yaqqol buzilgani va bu qabul qilib bo‘lmas holat ekani aytilgan, Rossiya tomonidan holatga izoh berish va OMONchilarning harakatlariga huquqiy baho berish so‘ralgan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi nota tegishli idoralar tomonidan o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

Nota yuborilgani haqidagi xabarning ertasiga Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev videomurojaat bilan chiqib, hech qayerda rasman ishlamaydigan va o‘qimaydigan muhojirlarni mamlakatdan yuborishga chaqirdi. Aksilmigratsion ritorikadan iborat chiqishida vazir qo‘l ostidagi xodimlarining migrantlarga noinsoniy munosabatda bo‘layotganiga to‘xtalgani yo‘q.

Inflatsiya – prognozdan yuqoriroq

Toshkentda yashovchilarning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi bir yilda pul 18,5 foizga qadrsizlanib ketgan. Shahar aholisining bu fikri Markaziy bankning har oylik so‘rovi asosida aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, may oyi yakunlariga ko‘ra aholi tomonidan sezilgan inflatsiya respublika bo‘yicha 14,5 foizni, Toshkent shahrida 18,5 foizni tashkil etgan. Navoiyliklar esa narx-navo oshishini hammadan ham kamroq sezyapti: ularning fikricha, oxirgi 12 oyda pulning qadrsizlanishi darajasi 11,7 foiz bo‘lgan.

Inflatsiya darajasi kutilganidan yuqoriroq bo‘layotganini payshanba kungi bayonotida Markaziy bankning o‘zi ham tasdiqladi. “Umumiy inflatsiya prognoz qilingan trayektoriyadan yuqoriroq shakllanmoqda”, deyiladi bank boshqaruvi yig‘ilishidan keyin tarqatilgan press-relizda. Yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qilindi. Regulyatorning ogohlantirishicha, energiya narxlari oshirilishining ikkilamchi ta’sirlari inflyatsion bosimlarning uzoqroq davom etishiga ishora beradi.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, oxirgi bir yilda dori-darmonlar narxi boshqa tovarlarga qaraganda ko‘proq oshgani bilan ajralib turadi. Kun.uz suhbatlashgan mutaxassis Eldor A’zamovning aytishicha, dorilar narxining qimmatligi import monopoliyasi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Bir qarashda hammasi qonuniy, risoladagidek O‘zbekistonga import bo‘layotgandek tuyuladi. Lekin buni ko‘rib chiqish kerak bo‘lgan, monopoliya bo‘lishi ehtimoli bo‘lgan jihatlari bor. Distribyutor, importyor bir-biri bilan kelishadi va masalan undan boshqa hech kim bu dorini O‘zbekistonga olib kira olmaydi”, – deydi Eldor A’zamov.

Slovakiya – strategik sherik

Vengriya, Italiya, Fransiya va mana endi Slovakiya. O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi strategik sheriklari soni to‘rttaga yetdi. Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoning Toshkentga tashrifi vaqtida ikki davlat rahbarlari Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Tomonlar bir qator yo‘nalishlarda, xususan qurol-aslaha ishlab chiqarish va tanklarni modernizatsiya qilish borasida ham hamkorlikka kelishib oldi.

Fitsoning tashrifidan bir kun o‘tib, Bolgariya prezidenti Rumen Radev ham Toshkentga keldi va O‘zbekiston–Bolgariya hamkorligini kengaytirish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Shu kuni Slovakiya va Bolgariya yetakchilari, Markaziy Osiyo davlatlarining bosh vazirlari, xalqaro tashkilotlar va xorijlik investorlar Toshkent xalqaro investitsiya forumida jam bo‘ldi.

Butun komandamga topshiriq berganman, manfaat ikki tomonda ham bo‘lishi kerak. Kelgan investorning manfaatini biz albatta kafolatlaymiz. Qonunlarimiz bor, qarorlarimiz bor, oxirgi yillarda qilgan hamma ishlarimiz shundan yaqqol dalolat beradi. Shuning uchun, hurmatli investorlar, hurmatli aziz mehmonlarimiz, ikki tomonlama manfaatni kafolatlaymiz va albatta ta’minlaymiz”, dedi prezident Shavkat Mirziyoyev forumdagi nutqida.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Mundialga ilk yo‘llanmani muddatidan oldin hal qilgan O‘zbekiston saralashni ko‘tarinki kayfiyatda yakunladi. Toshkentdagi o‘yinda Qatar 3:0 hisobida mag‘lub etildi. Biri biridan chiroyli gollar bilan, bayram bayramdek bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev o‘yinni bevosita tribunadan turib tomosha qildi, unga Slovakiya bosh vaziri, Bolgariya prezidenti va qo‘shni davlatlarning bosh vazirlari hamrohlik qildi. O‘yindan keyin Islom To‘xtaxo‘jayev o‘ziga berilgan BYD'ni jamoadoshi Bobur Abduxoliqovga sovg‘a qilib, muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi.

Raqobat qo‘mitasi Beeline kompaniyasiga abonent to‘lovi masalasida ko‘rsatma berdi. Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, Beeline'ning 10 dan ortiq tarif rejalarida oylik abonent to‘lovi uchun hisobda mablag‘ yetarli bo‘lmaganda, avtomatik ravishda kunlik abonent to‘lovi yechiladi, abonent esa buni rad eta olmaydi. Hatto hisobdagi pul kunlik to‘lovga yetmagan taqdirda ham, kunlik to‘lov yechiladi, natijada balans minusga kirib, abonent bloklanadi, ya’ni ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olinadi. Iste’molchilar huquqini himoyalovchi organ bunga chek qo‘yishni buyurdi. Beeline bu talabni bajaradimi-yo‘qmi, hozircha ma’lum emas.

Raqobat qo‘mitasi boshqa bir shov-shuvli keysda ham diqqat markazida. Ma’lum bo‘lishicha, Uzum Market o‘zining yangi raqobatchisi – Yandex kompaniyasining reklama roligi sabab qo‘mitaga shikoyat qilgan. Rolikda Uzum Market nomi bevosita tilga olinmasa-da, uzum mevasini ko‘rsatish orqali mamlakatdagi eng yirik marketpleysga ishora qilingan. Raqobat qo‘mitasi bu holatda insofsiz raqobat bor-yo‘qligini o‘rganyapti. Qayd etish kerak, Yandex Market'ning yurishi marketing sahnasida javobsiz qolmagan: Uzum Market ham nomlar tilga olinmagan, qahramonlar kiyimining rangi orqali ishora berilgan videorolik e’lon qilgan.

Yirik kompaniyalar o‘rtasidagi yana bir nizo sudda ko‘rib chiqilyapti. Octobank 13 iyundan boshlab Humans kobrending kartalari bo‘yicha operatsiyalarga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatdi. 13 iyun kuni sud Octobank'ning Humans'dan qarzdorlikni undirish haqidagi da’vosini qanoatlantirdi. Da’vo qiymati 500 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etadi. Humans esa o‘ziga nisbatan Octobank, Markaziy bank va bozorning boshqa ishtirokchilari tomonidan “muvofiqlashtirilgan bosim” bo‘layotganini aytyapti. Humans shartnoma majburiyatlarini bajarmaganlik ayblovi bilan bankka javob da’vosini tayyorlamoqda. Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zbektelekom” ham Humans'dan 500 mlrd so‘mdan ortiq qarzdorlikni to‘lashni talab qilgan va sud buni qanoatlantirgandi.

Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvirchi – Shohruzbek Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova

Mavzuga oid