Jahon | 19:57 / 16.06.2025
12927
10 daqiqa o‘qiladi

Qo‘rquv, shok va sarosima: Eronda nimalar bo‘lmoqda?

Isroil Eron bo‘ylab so‘nggi yillardagi eng jiddiy havo zarbalari seriyasini amalga oshirmoqda. Bu esa Eron tomonidan javob harakatlarini keltirib chiqardi va ikki tomon bir-birini o‘qqa tutishda davom etmoqda.

ABEDIN TAHERKENAREH/EPA-EFE/Shutterstock

Isroil hududlari qatorasiga uch kun o‘qqa tutilishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 20 dan oshgan. Tehronda ham turli obektlar, jumladan turar joy binolariga zarba berilmoqda. Eron nashrlari isroilliklarning zarbalari qurbonlari soni kamida 128 nafarni tashkil etayotgani to‘g‘risida xabar bergan.

Tehron aholisi nima qilishini bilmayapti.

«O‘rtada qolib ketdik» – BBC Fors xizmati jurnalistlari bilan gaplashgan odamlarning aksariyati bugungi kundagi Eron hayotini shunday tasvirlaydi.

Ayollardan biri ikki kundan buyon uyqu bilmayotganini aytgan: «Men juda og‘ir damlarni boshdan kechirdim».

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaziyat unga 1980-yillarda Eron-Iroq urushi tufayli bombapanagohlarda o‘tkazilgan kunlar va shaharlar bombalanishini eslatadi. O‘shanda u bola bo‘lgan: «Farqi shuki, o‘sha vaqtda hujum boshlanganida biz sirenalarni eshitardik yoki hech bo‘lmaganda ogohlantirish bo‘lardi. Hozir esa bombalash yoki havo zarbalari chog‘ida sirenalar ham, ogohlantirishlar ham yo‘q... Aftidan, ular [amaldorlar] endi bizning hayotimiz haqida qayg‘urmayapti».

Urushdan keyin tug‘ilgan yoshlar bu qandayligini bilmaydi, deydi BBC Fors xizmati vakili G‘uncha Habibiozod.

Tehronda benzinga navbat
ABEDIN TAHERKENAREH/EPA-EFE/Shutterstock

Tehronda yashovchi yana bir kishi shunday deydi: «Men yoqilg‘i quyish uchun uyimdan ancha uzoqqa borishimga to‘g‘ri keldi, chunki hammayoqda ulkan navbatlar yuzaga kelgan».

Shahar aholisining bir qismi esa allaqachon «mulozimlar yashovchi joylardan nari ketishni boshlagan».

Internet ishlashi barqaror emas, shu tufayli mamlakat ichkarisidagi odamlar bilan aloqa o‘rnatish juda qiyin bo‘lmoqda, deydi nashr muxbiri.

Mamlakat tashqarisida yashovchi eronliklar o‘z yaqinlariga xabar yuborib, javob kelishini hadik bilan kutishmoqda.

Tehronda yashovchi ayol zarbalar ostida qolmaslik uchun vaqtincha shaharni tark etish haqida o‘ylayotganini aytadi.

«Biz hammamiz kichik shahar yoki qishloqlarga, xohlagan joyga ketishni xohlaymiz, lekin har birimizning keta olmaydigan yaqinlarimiz bor va biz ular haqida qayg‘uramiz. Biz boshdan kechirayotgan voqealar barchamizga, Eron aholisiga nisbatan adolatsizlikdir», – deydi u. 

U shuningdek eronliklar «falaj» bo‘lib qolgandek ko‘rinayotgani haqida gapirgan.

«Mamlakat rahbarlari hech birimiz haqida qayg‘urmayotgani juda afsusli va biz barchamiz [nima qilib bo‘lsa ham] bu kunlardan o‘tib olishga harakat qilyapmiz – tinkamiz qurigan, qo‘rquvda va kuchli stressdamiz, buning barchasi favqulodda og‘ir va og‘riqli».

Poytaxtda yashovchilardan yana biri shunday deydi: «Men Tehrondan shunchaki ketolmayman. Uzoqqa va uzoq muddatga borolmaydigan keksa ota-onamni tashlab, o‘zim shahardan chiqib keta olmayman. Bundan tashqari, men ishga borishim kerak. Nima ham qila olardim?»

Ba’zilar Isroil harbiylaridan harbiy obektlar yaqinidagi hududlarni tark etishni so‘rab yuborgan ogohlantirishni qabul qilgan. Aftidan, bundan eng ko‘p Tehron aholisi xavotirda.

«Ha, afsuski, men bunday ogohlantirishni ko‘rdim. Lekin biz aynan qayerda harbiy obekt borligini va qayerda yo‘qligini qayerdan bilaylik?» – deydi ulardan biri.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hujumlarning ikkinchi kunida eronliklarga alohida murojaat qilib, ularni oyoqqa turishga va amaldagi rejimni ag‘darib tashlashga chaqirdi.

Ammo, BBC Fors xizmati muxbiri Darvesh Karimiyning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat aholisi hozircha birinchi navbatda o‘z xavfsizligi to‘g‘risida qayg‘urishni afzal ko‘rmoqda va kimdir Netanyahuning chaqirig‘iga qarab harakat qilishining hech qanday belgilari ko‘zga tashlanmayapti.

Hukumat versiyasi

Fuqarolar ham, hukumat amaldorlari ham turar joy binolari bu qadar vayron bo‘lishini kutmagandi. Foto: Getty Images

BBC Fors xizmati vakili Puyana Kalanining so‘zlariga ko‘ra, eronliklarni yadroviy obektlar va aviabazalarga qilingan hujumlardan ham ko‘ra, turar joy binolarining vayron bo‘lishi ko‘proq larzaga solgan – buni oddiy fuqarolar ham, hukumat rasmiylari ham kutmagan edi.

Vayronalar ostida halok bo‘lgan bola, ko‘chada changga belanib yotgan ayiqcha o‘yinchog‘i va rasm daftarii qog‘ozlari – ko‘plab eronliklar Eron-Iroq urushidan beri, ayniqsa poytaxt ko‘chalarida bunday holatga guvoh bo‘lmagan.

Tehronga hujum bo‘lgan ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘ydi: nima bo‘lyapti o‘zi, ko‘lami qanday, o‘zini va oilasini qanday himoya qilsa bo‘ladi?

Bundan tashqari, Eron rasmiylari nima uchun mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimi shunchalik samarasiz bo‘lib, Isroil bir necha soat ichida muhim obektlarga zarba bera olganiga izoh bera olmadi.

Juma kuni kechasi Isroilning birinchi zarbasidan bir necha soat o‘tgach va hatto bir kundan ko‘proq vaqt o‘tgach, Eronning hech bir rasmiy idorasi odamlarga Isroil zarbalarining haqiqiy ko‘lamini va ularga qanday munosabatda bo‘lishni tushunishga yordam beradigan hech qanday oshkora ma’lumot yoki tushuntirish bermadi. Ko‘pchilik keng ko‘lamli urush boshlanishidan qo‘rqib qolgandi.

Davlat televideniyesida paydo bo‘lgan deyarli barcha rasmiy shaxslar «hech qanday jiddiy narsa bo‘lmagani»ni anglatuvchi ohangda gapirib, hammasi «nazorat ostidaligi» va shaharlardagi vaziyat «xavfsiz va tinch» ekanini ta’kidladi. Isroil samolyotlari Tehron va boshqa shaharlarga qanday qilib to‘siqsiz yetib borgani va belgilangan nishonlarga zarba bergani haqida hech bir rasmiy ma’lumot bermadi.

Ammo juma kuni tushga yaqin Eron oliy rahbarining maktubi va videomurojaati e’lon qilingach, davlat telekanallarining boshlovchilari va ekspertlari bir ovozdan «qattiq javob» haqida gapira boshladi.

Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xominaiy Isroil zarbalaridan so‘ng xalqqa murojaat qildi

Oyatulloh Ali Xominaiy o‘z videomurojaatida «qurolli kuchlar qat’iy harakat qilishini va razil sionistik rejimni tiz cho‘ktirishi»ni haqida gapirdi.

Kechga borib Eron Tel-Aviv yo‘nalishida ballistik raketalarni uchirdi va Eron davlat ommaviy axborot vositalari voqea joyidan to‘g‘ridan to‘g‘ri efirni boshladi, unda raketalar Isroilning ushbu megapolisi markaziga qanday tushayotgani ko‘rsatildi. Ushbu kadrlar fonida tahlilchilar Eron raketalari Isroil mudofaasini yorib o‘tib, unga «saboq» bergani va qator «halokatli zarbalar» yo‘llaganini ta’kidladi.

Shunday qilib, g‘alaba manzarasi shakllandi, unda hatto Tel-Avivdagi havo trevogasi sirenalarining ovozi ham qo‘rquv belgisi sifatida taqdim etildi.

Bularning barchasi Isroilning Eronning Natanz, Fordo va Isfahondagi aviabazalari va yadroviy obektlariga davom etayotgan hujumlari fonida sodir bo‘ldi, shanba kuniga kelib Tehron uzra Isroil dronlari ham uchib yurardi.

Odamlarning bir qismi yoqilg‘i quyish shoxobchalariga shoshildi, u yerda avtomobillardan iborat uzun navbatlar hosil bo‘ldi, katta ehtimol bilan, ular shahardan qochish niyatida edi. Boshqalar esa non sotib olayotgani yoki taqchillik yuzaga kelganda guruch va o‘simlik yog‘i zaxirasini g‘amlayotganini aytishdi.

Oradan bir necha soat o‘tib, Eron ichki ishlar vaziri davlat ommaviy axborot vositalarida aholiga murojaat bilan chiqib, quyidagi tavsiyalarni berdi: «Xotirjamlik saqlang, vahimaga berilmang, faqat rasmiy manbalarga ishoning, keraksiz safarlardan tiyiling va favqulodda xizmatlar bilan hamkorlik qiling». Biroq bu bayonotlar ko‘proq tartibsizliklarga yo‘l qo‘ymaslik talabidek yangradi.

Islom inqilobi muhofizlari korpusining bir necha yuqori martabali harbiy qo‘mondonlari va yadro sohasi olimlari halok bo‘lgani haqidagi xabardan tashqari, yagona rasmiy ma’lumot ommaviy axborot vositalaridagi tarqoq xabarlar – harbiy va yadroviy obektlarga berilgan zarbalar haqidagi qisqacha tafsilotlar va hududlar gubernatorlari yoki mahalliy Qizil Yarim Oy vakillari tomonidan e’lon qilingan qurbonlar haqidagi bir-biriga zid keluvchi ma’lumotlar edi.

Buning o‘rniga, axborot agentliklari rasmiylar, diniy uyushmalar va boshqa turli muassasalarning bir ovozdan eronliklarni «mazlum, ammo bardoshli xalq» deb atagan, «Qarshilik o‘qi» (Eronning mintaqaviy ittifoqchilari) deb ataladigan kuch o‘z harakatlarini davom ettirishini tasdiqlagan hamda oliy rahbarni «qattiq qasos»ni ta’minlashga chaqirgan bayonotlari bilan to‘ldirildi.

Biroq, bu xabarlar o‘rganib chiqilgandan so‘ng ham, Isroil qanday qilib bunday miqyosdagi zarbalarni amalga oshira olgani, qancha amaldorlar va olimlar halok bo‘lgani, tinch aholi orasidagi qurbonlar soni qanchaligi, aynan qaysi obektlarga zarar yetkazilgani, haqiqiy zarar miqdori va Tehron hamda boshqa yirik shaharlarda bo‘lish xavfsizmi-yo‘qmi, noma’lumligicha qolmoqda.

Mavzuga oid