Jahon | 13:10
8660
3 daqiqa o‘qiladi

“10 daqiqa erta borganimda samolyotda bo‘lardim” - talaba yo‘ldagi tirbandlik sabab Dreamliner halokatidan omon qoldi

Bhumi Chauhan turmush o‘rtog‘i bilan Bristol shahrida yashab kelgan. Biznes boshqaruvi maktabida ta’lim olayotgan Bhumi Hindistonga ta’til uchun kelgandi.

Foto: REUTERS

28 yoshli Bhumi Chauhan 12 iyun kuni Air India’ning AI171 reysi bilan Londonga uchishi kerak edi. Ayolning aytishicha, u samolyotga chiqish boshlanganidan 10 daqiqa o‘tib yetib kelgan. Aeroport xodimlari esa uni ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortib, samolyotga chiqishiga ruxsat bermagan. 

Bhumi uni mashinada olib kelgan haydovchidan g‘azablanib, aeroportni alam bilan tark etishga majbur bo‘lgan. 

“Qattiq xafa bo‘ldim. Aeroportdan chiqib, choy ichish uchun to‘xtadik. Orada sayyohlik agentligi xodimi bilan chipta pulini qanday qilib qaytarib olish haqida ham gaplashdik. O‘sha yerda menga samolyot halokatga uchraganini aytib qo‘ng‘iroq qilishdi”, — deya eslaydi Bhumi.

Talaba ayol BBC muxbiri bilan suhbatda o‘zining omon qolishini “mo‘jiza” deb atagan. Uning chiptasi esa samolyotning ekonom-klassidagi 36G o‘rin uchun bo‘lgan. 

Bhumi Ankleshvardan 200 km masofa bosib Ahmadobodga kelgan, biroq shaharning markaziy yo‘llaridagi tirbandlik sabab reysga ro‘yxatdan o‘tishga kechikkan. 

“Parvozni o‘tkazib yuborganimdan hafsalam pir bo‘ldi, tushkunlikka tushdim. Keyin esa miyamda faqat bir fikr aylanardi: agar biroz ertaroq yo‘lga chiqqanimda men ham shu samolyotda bo‘lardim”, — deydi Chauhan.

Eslatib o‘tamiz, 12 iyun kuni Hindistonning Ahmadobod shahri aeroportidan Londondagi Gatvik aeroportiga uchgan Air India aviakompaniyasiga qarashli Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti parvozdan taxminan 30 soniya o‘tib qulab tushdi. Aviahalokat oqibatida samolyot bortida bo‘lgan 241 kishi halok bo‘ldi. Faqat bir yo‘lovchi omon qolgan. Samolyot turar joy binosiga qulagani ortidan yerda ham odamlar halok bo‘ldi. Ularning soni 60 dan oshiqligi aytilmoqda.

Hindistonda Dreamliner qulashi: aviahalokat sababi nima bo‘lishi mumkin?

Mavzuga oid