Boysun o‘rmon hududida yirik yong‘in: 3 gektar maydondagi olov qariyb 14 soatda o‘chirildi
Surxondaryo Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi 17 iyun kuni kelib chiqqan yong‘inni o‘chirishga o‘rmon xo‘jaligi, IIB va harbiylardan ko‘mak olgan hamda qariyb 200 kishini jalb qilgan. Shuningdek, o‘nlab texnika, Mudofaa vazirligi vertolyoti va chegarachilarning dronlari ham yong‘in o‘chirish ishlarida qatnashgan.
Kecha, 17 iyun kuni soat 17:45 larda Surxondaryo viloyati Boysun tumani “Kengdala” o‘rmon xo‘jaligi bo‘limiga qarashli archazorlarga tutash hududda quruq o‘tlar yonishni boshlagan.
Kelib tushgan xabar bo‘yicha viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga yetib borgan hamda ertasi kuni tongda yong‘inni o‘chirgan.
«Xabarga asosan zudlik bilan yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga yetib borib, tegishli xizmatlar va ko‘ngillilar hamkorligidagi harakatlar natijasida 3 gektar maydondagi yong‘in o‘chog‘i 18 iyun kuni soat 07:10 da bartaraf etilib, keng maydonlarga tarqalishi oldi olindi», deyiladi FVV xabarida.
Ma’lum bo‘lishicha, yong‘inni bartaraf etishga viloyat FVBdan 85 nafar shaxsiy tarkib, 4 ta texnika, o‘rmon xo‘jaligi bo‘limidan 40 nafar xodim, 4 ta texnika, IIBdan 6 nafar xodim, Mudofaa vazirligidan 20 nafar harbiy xizmatchi va bitta harbiy vertolyoti, mahalliy aholidan 40 nafar ko‘ngilli jalb etildi.
Shuningdek, sodir bo‘lgan yong‘inni bartaraf etish jarayonida yong‘in o‘chog‘ini monitoring qilish uchun chegara qo‘shinlarining uchuvchisiz uchish vositalari – dronlardan unumli foydalanilgan.
FVV yong‘in kelib chiqish sabablari va zarar ko‘lamiga to‘xtalmagan. FVV matbuot kotibi Kun.uz'ga voqea sabablari o‘rganilayotgani va natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishini aytdi. FVVga ko‘ra, yong‘in natijasida jarohat olganlar yoki vafot etganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan.
Mavzuga oid

21:32 / 19.05.2025
Boysunning kelajagi nima bo‘ladi? FVV mas’uli izoh bera olmadi

17:37 / 13.05.2025
“Na ketishni bilamiz, na qolishni” - boysunliklar gaz hidi haqida

20:56 / 11.05.2025
“Buning oxiri bormi?” – kofrunliklar o‘z holiga tashlab qo‘yilganidan xavotirda

14:06 / 05.05.2025