Sport | 20:34 / 18.06.2025
5190
34 daqiqa o‘qiladi

Klublar o‘rtasidagi JChda ko‘pchilikka notanish bo‘lgan 11 iste’dod. Kimlar turnir kashfiyoti bo‘lishi mumkin?

Bu ro‘yxatda kichik Bellinghem, «Real» va «Chelsi»ning yangi futbolchilari, serbiyalik nemis hamda boshqalar bor.

Foto: Getty Images, Global Look Press

AQShda klublar o‘rtasidagi jahon chempionati bahslari boshlandi. Dunyoning turli chekkalaridan bo‘lgan 32 jamoa Amerikaga eng kuchli tarkiblari bilan tashrif buyurgan, bu jamoalarda endi porlayotgan yosh yulduzlarga ham o‘rin topilgan. Qoidaga ko‘ra, yozda o‘tadigan turnirlar jahon futbolida qator yangi nomlarni kashf etadi. Yangi formatdagi klublar o‘rtasidagi jahon chempionati ham bundan istisno emas. Quyida turnir davomida kuzatib borish tavsiya etiladigan yosh futbolchilar haqida ma’lumotlar keltiriladi.

Senni Meyulyu

19 yosh, «PSJ», markaziy yarimhimoyachi
Transfer qiymati: 15 million yevro
(Transfermarkt)

Senni Meyulyu.
Foto: Reuters

Yosh yarimhimoyachi ilk professional shartnomasini 2024 yil 20 mayida imzolagan. Bir yil o‘tib Meyulyu «Inter» darvozasini ishg‘ol etdi va klublar miqyosidagi eng nufuzli turnir finalida gol urgan eng yosh fransuzga aylandi, u turnir finallarida gol urgan eng yosh futbolchilar reytingida Patrik Klyuyvertdan keyingi uchinchi o‘rinda.

Meyulyu «PSJ»ga besh yarim yil oldin kelgan. Fransuz futbolchisi akademiya murabbiylarida o‘zining kattalardek o‘ynashi bilan yaxshi taassurot qoldirgan. Uning bu fazilatiga Luis Enrike ham e’tibor qaratdi va uni 2023 yil noyabrida asosiy jamoa mashg‘ulotlariga jalb etadi. Keyingi yil martiga kelib Senni muntazam ravishda «Park de Prens» va Fransiyadagi boshqa stadionlarda muntazam ravishda ko‘rinish berib, mavsumdagi so‘nggi to‘qqiz turdan sakkiztasida ishtirok etadi.

Luis Enrikening sxemalarida yosh futbolchilar muhim rol o‘ynaydi. Ispaniyalik murabbiyning asosiy jokerlaridan biri aynan Meyulyudir. Bu mavsumda Enrike ushbu yosh iste’dodga barcha turnirlar doirasida jami 29 o‘yinda ishonch bildirdi, faqat ko‘p holatlarda uni zaxira o‘rindig‘idan maydonga tushirdi. Bu o‘yinlarning deyarli barchasida Senni markaziy yarimhimoyachi pozitsiyasida chiqqan, shunga qaramay, sermahsullik namoyish etgan — gol va pas bo‘yicha 5+3 ko‘rsatkichini qayd etgan, jumladan YeChL finalida milanliklar darvozasiga oxirgi golni urgan. 15 iyun kuni esa klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida «Atletiko»ga qarshi o‘yinning ikkinchi bo‘limida zaxiradan maydonga tushib, o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.

U bir necha yil oldin ham «PSJ» akademiyasining eng istiqbolli futbolchisi sifatida ko‘rilardi. Bu mavsumda Senni nihoyat ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi, keyingi mavsumda Fransiya chempionatining eng yorqin porlashlaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Jamoada yana kimni kuzatish mumkin: Ibraim Mbayye. 17 yoshli futbolchi yoshlar o‘rtasidagi Chempionlar ligasida to‘rt o‘yinda 2+4 ko‘rsatkichini qayd etdi va kattalar jamoasida o‘n marta maydonga tushdi. Ushbu o‘ng qanot vingeri klub tarixida boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olgan eng yosh futbolchi bo‘lgan (16 yosh, 6 oy va 23 kunligida). Enrike asosiy tarkib futbolchilari charchaganida Mbayyega imkoniyat berishi mumkin.

Job Bellinghem

19 yosh, «Borussiya» Dortmund, markaziy yarimhimoyachi
Transfer qiymati: 22 million yevro

Job Bellinghem
Foto: Reuters

Angliyalik futbolchi intervyularida bir necha bor shuni takrorlagan: u o‘zini akasi Jud bilan solishtirishlarini xohlamaydi. Hatto «o‘ziga xoslik»ka ega bo‘lish uchun, «Sanderlend»dan futbolkasiga faqat ismini yozishni so‘ragan. Ammo u baribir akasining izidan bormoqda: avvaliga chempionshipda yulduzga aylandi, keyin esa Dortmundning «Borussiya» klubiga yo‘l oldi.

Job «Sanderlend»ga atigi ikki yil «Birminghem»dan kelgandi va darhol asosiy tarkib futbolchisiga aylandi va barcha turnirlar doirasidagi 48 o‘yindan 44 tasida maydonga tushdi. O‘tgan mavsumda kichik Bellinghemda jiddiy o‘sish kuzatildi: chempionshipda o‘tkazgan o‘yinlari sonini 100 taga yetkazib qo‘ydi, keyin esa mavsum ramziy jamoasiga kirdi va eng yaxshi yosh futbolchi uchun atalgan sovrinni o‘ziniki qildi.

Job nafaqat tashqi ko‘rinishi bilan, balki o‘yin uslubi bilan ham katta Bellinghemni eslatadi. Texnika, plastika — u to‘p bilan estetik muomila qilishi bilan ham Juddan qolishmaydi. Uzun oqli, driblingda erkin va nafas qiladigan Job raqib jarima maydoniga kirishda tez-tez muhim uzatmalarni amalga oshiradi — bu Krishtianu Ronalduning «Manchester Yunayted»dagi ilk yillarini ham eslatib yuboradi. Bellinghem doimo sovuqqon, raqib bosimi ostida o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi.

U o‘tgan mavsumda «Sanderlend»ning asosiy yulduzi bo‘ldi, «qora mushuklar»ning APLga chiqishida ham Jobning xizmati katta. Usiz jamoa ilk mavsumdayoq chempionshipga qaytishi mumkin.

Jamoada yana kimni kuzatish kerak: Jyeymi Gittens. «Chelsi» bilan 7 yillik shartnoma borasida kelishib qo‘ygan, ammo klublar o‘rtasida hozircha muzokaralar qiyin kechmoqda. U o‘tgan mavsumning birinchi yarmida dortmundliklarning asosiy yetakchilaridan biri edi, ammo Kovach kelgach, asosiy tarkibdan tushib qoldi.

Franko Mastantuono

17 yosh, «River Pleyt», hujumkor yarimhimoyachi/vinger
Transfer qiymati: 30 million yevro

Franko Mastantuono.
Foto: Reuters

Madridning «Real» klubi yana Janubiy Amerika bozoriga e’tibor qaratmoqda. Vinisius, Rodrigo va Endrik bilan bo‘lganidek, «qaymoqranglilar» argentinalik ushbu futbolchi bilan u hali balog‘at yoshiga yetmasidan kelishib qo‘ydi. «River Pleyt» 45 million yevroga ega bo‘ladi, Franko esa qadrdon klubi safida oxirgi turnirini o‘tkazmoqda va 14 avgustda, 18 yoshga to‘lgan kunida Madridga keladi.

«Real»da bu futbolchi uchun raqobatchilar ko‘p edi: «Barselona», «Bavariya», «Manchester Siti» va «PSJ» shular jumlasidan. Ayniqsa parijliklar Mastantuononi qo‘lga kiritish uchun qattiq kurashdi. Hatto futbolchi bilan og‘zaki kelishuvga erishilgani haqida xabarlar ham tarqaldi. Yakunda Habi Alonsoning aralashuvi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi: u Frankoga uning jamoadagi rolini tushuntirdi va uni yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishiga ishontirdi.

17 yoshigacha ushbu argentinalik qator rekordlarni o‘rnatib bo‘lgan:

klub tarixidagi eng yosh gol muallifi (16 yil, 5 oy va 24 kunlik);
Argentina milliy jamoasida rasmiy o‘yinlardagi eng yosh debyutant (17 yil, 9 oy va 23 kunlik);
Argentina chempionati tarixidagi eng qimmatbaho sotuv (45 million yevro);
superklasikoda («River Pleyt» va «Boka Xuniors» derbisi) gol urgan eng yosh futbolchi.

O‘tgan yil iyulida 16 yoshli yigitcha «Boka Xuniors» darvozasiga taxminan 28 metr masofadan «to‘qqizlik»ka urgan goli bilan barchaning tiliga tushgandi.  Umuman olganda, jarima zarbalarini ijro etish uning asosiy xususiyatlaridan biridir.

Argentinalik vunderkind – klassik «o‘nlik», ammo so‘nggi mavsumda u ko‘proq hujumning o‘ng qanotida o‘ynadi. Markazda o‘ynash uchun argentinalik futbolchida maydonni ko‘rish qobiliyati, futbol intellekti, pasni his qilish va pressingdan chiqib ketish qobiliyati bor. Qanot uchun esa – yaxshi boshlang‘ich tezlik va texnika.

Har qanday argentinalik yosh futbolchi kabi Franko ham Messining muxlisi. «River»da u 30-raqamli futbolkani olgani ham shu bilan bog‘liq – Leo faoliyatini boshlaganida aynan shunday raqamli futbolkada maydonga tushgan. Professional faoliyatining boshida esa u o‘zini «Barselona» va shaxsan Lionelning muxlisi deb e’lon qilgan. Avgust oyidan boshlab esa u kumirning hayotidagi asosiy raqiblari safida o‘ynashiga to‘g‘ri keladi.

Jamoada yana kimni kuzatish kerak: Ian Subiabre. Tezkor va dadil harakatlanuvchi vinger. Qishda unga «Chelsi» qiziqish bildirgandi.

Andrey Santos

21 yosh, «Chelsi», markaziy yarimhimoyachi
Transfer qiymati: 35 million yevro

Amalda Andrey 2023 yil yanvaridayoq «Chelsi» futbolchisi bo‘lgan, ammo u ko‘klar safidagi ilk o‘yinini shu turnirda o‘tkazishi mumkin. Londonliklar Santosni «Vasko da Gama»dan 12,5 million yevro evaziga sotib olishgan. Faqat  braziliyalik futbolchi Yevropadagi faoliyatini hali yo‘lga qo‘ya olmadi. U 2023/24 yillar mavsumining yarmida «Nottingem Forest»ga ijara berildi, ammo faqat ikkita o‘yinda qatnashdi. «Chelsi» qishda futbolchisini chaqirib oldi va Angliyadan tashqariga yubordi: havbek Fransiyaning «Strasbur» klubiga yo‘l oldi. U yerda Santosning ishlari yurishib ketdi.

Liga 1 chempionatida o‘tgan bir yarim yillikda braziliyalik futbolchi darhol jamoaning asosiy futbolchisiga aylandi va fransuzlar «Chelsi» bilan ijara kelishuvini yana bir mavsumga uzaytirdi. Santos uyaltirmadi va chempionatning haqiqiy kashfiyotiga aylandi. Andrey Fransiyada ko‘plab muhim mezonlarga ko‘ra top daraja namoyish etdi. Masalan, chempionatda eng ko‘p marta raqiblardan to‘p olib qo‘ydi (110) va yutib chiqilgan duellar va muvaffaqiyatli yakkakurashlar ulushi bo‘yicha Fransiyaning eng yaxshilaridan biri bo‘ldi.

Andrey — top-chempionatlardagi eng yosh jamoaning muhim futbolchisi. «Strasbur»ning o‘rtacha yoshi — 22 yoshdan ortiqroq. Eng yaqin ta’qibchisi — «Chelsi»da — 24,3. Liga 1 o‘yinlarida jamoasida undan ko‘proq daqiqa faqat Gela Due bo‘ldi (u YeChL finali qahramoni bo‘lgan Dezire Duening akasi), u Santosdan 41 daqiqa ko‘proq maydonda bo‘lgan (2225 ga qarshi 2266).

Santosning yakunlangan mavsumdagi performansini ko‘plab statistik portallar tasdiqlaydi. Masalan, Andrey Sofascore versiyasiga ko‘ra Yevropa chempionatlarining 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilari ramziy jamoasidan o‘rin oldi (7.44 baho bilan). Taqqoslash uchun: uning yarimhimoya chizig‘idagi sheriklari Joau Nevesh va Jud Bellinghemning reytingi ham deyarli farq qilmaydi — 7.45.

Santos hozirda — maydon markazining zaif nuqtasi yo‘q futbolchisi, ammo «Strasbur» va liga 1 darajasini hisobga olganda. Chidamli va tap tortmaydigan, brazillarga xos klassik driblingi bor va vaziyatlardan foydalanishda havbeklar uchun yuqori ko‘rsatkichga ega. Andrey ko‘p gol uradi — yakunlangan mavsumda «Strasbur»da undan ko‘proq golni (10) faqat markaziy hujumchi Emanuel Emega (12) urgan.  180 santimetr bo‘yga ega braziliyalik ikkinchi qavatda ham juda yaxshi harakat qiladi — mavsumdagi barcha turnirlar doirasidagi 11 golidan uchtasini Andrey bosh bilan urgan, umuman olganda esa, chempionatda xuddi shu pozitsiyadagi futbolchilar bilan havodagi to‘p uchun kurashlarning 95,6 foizida ustun kelgan. Uni zamonaviy boks-tu-boks uchun etalon namuna deyish mumkin.

Jamoada yana kimni kuzatish kerak: Dariu Essugu. «Chelsi»ning navbatdagi transferi — bahorda 22 million yevroga sotib olingan. Mavsum yakunlariga ko‘ra segundaga tushib ketgan «Las-Palmas»da klassik tayanch yarimhimoyachisi sifatida o‘ynagan. Agar o‘yin amaliyoti berilsa, uni kuzatish qiziq bo‘ladi.

Alvaro Karreras

22 yosh, «Benfika», chap qanot himoyachisi
Transfer qiymati: 35 million yevro

Alvaro — o‘ziga xos futbol jahongashtasi. 22 yoshgacha u to‘rt bor jamoa almashtirgan, futbolchilikni esa ikki nomdor klubda boshlagan — «Real» va «Manchester Yunayted» akademiyalarida tahsil olgan. Karreras «qizil iblislar» safida baribir o‘ynab ketolmadi va faqat bir necha bor APL o‘yinlari qaydnomasidan o‘rin olish bilan cheklandi.

Bir necha ijaradan keyin («Preston» va «Granada») chap qanot himoyachisi «Benfika»da paydo bo‘ldi, qizig‘i, u bu jamoaga ham ijara asosida o‘tgandi. U yarim yil ichida «burgutlar» rahbarlarini sotib olish opsiyasini faollashtirish kerakligiga ishontirdi — «MYu» hisobiga olti million yevro o‘tkazib berildi, 2023/24 yillar mavsumini futbolchi portugallar jamoasining to‘laqonli a’zosi sifatida boshladi.

Karrerasning transfer epopeyasi bu yozda ham davom etadi. «Real» o‘z tarbiyalanuvchisini qaytarishni xohlamoqda va buning uchun qiziqarli sxemadan foydalanmoqchi: transfer uchun Lissabon klubiga ikki barobar haq to‘lamaslik uchun, «MYu»dan ispaniyalik futbolchini 18 million yevroga qayta sotib olish huquqidan foydalanishni va Madridga 30 million yevroga sotishni so‘ramoqda. «Benfika» Karreras transferi uchun madridliklardan 50-60 million yevro olishni ko‘zlagan.

Alvaroning asosiy afzalligi — maydonning raqib darvozasi tomondagi uchinchi qismida faol harakatlanishidir. U avvaliga uzun uzatmalar orqali hujum boshlaydi va o‘zi ham oldinga yetib boradi, u shunday o‘yini evaziga «Benfika» safida yakunlangan mavsumda barcha turnirlar doirasidagi 50 o‘yinda 4 gol urib, 5 golga uzatma bergan. Chidamliligi evaziga Alvaro o‘yin oxiridagi qarshi hujumlarda ham jamoaga foyda keltirishi mumkin.

«Real»da 3-4-2-1 yoki 3-5-2 sxemasidan foydalanishi kutilayotgan Xabi Alonso uchun muhim bonus: Karrerasda lateral pozitsiyasida o‘ynash amaliyoti bor. Bo‘yi (186 santimetr) va taktik ko‘nikmalari tufayli Madrid klubining yangi bosh murabbiyi Alvarodan turli amplualarda foydalanishi mumkin.

Jamoada yana kimni kuzatish kerak: Andreas Shelderup. Hujumda yorqin harakatlanuvchi universal. Ko‘pincha chap qanotda paydo bo‘ladi. U boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olishi dargumon, lekin unga ma’lum daqiqalar berilishi tayin.

Rodrigu Mora

18 yosh, «Portu», hujumkor yarimhimoyachi
Transfer qiymati: 40 million yevro

Portugaliyalik iste’dodli futbolchi Andre Vilash-Boashning «Portu» prezidenti lavozimidagi asosiy topilmasi bo‘ldi. 2024 yil boshida «ajdarlar» chuqur inqiroz holatida edi va katta qarzga botgandi. Bunday vaziyatda barcha umid ko‘plab yulduzlarni yetishtirib bergan akademiyadan edi. Shunday ham bo‘ldi.

Mora o‘tgan yil yozida asosiy jamoaga jalb etildi, shunday ekan, hozirgi mavsum uning uchun kattalar futbolidagi birinchisidir. Portugaliyalik futbolchi 17 yoshlilar o‘rtasidagi Yevropa chempionatida ham ko‘zga tashlangandi. U yerda Rodrigu jamoasi bilan finalgacha yetib borib, besh gol urgan holda turnirning eng yaxshi to‘purari bo‘lgandi.

18 yoshida u «Portu» hujum chizig‘i yetakchilaridan biriga aylandi. Mavsum oxirini esa juda kuchli o‘tkazdi: so‘nggi to‘qqiz turda Rodrigu 7+1 ko‘rsatkichiga erishdi. Portugaliya primerasida u jami 10 gol va to‘rt golli uzatma bilan gollar soni bo‘yicha ham, «gol plyus pas» bo‘yicha ham jamoada ikkinchi bo‘ldi.

Mora — keskin o‘girilishlar bilan harakat yo‘nalishini o‘zgartirishni xush ko‘radigan texnar futbolchi. Yengilligi, osongina tezlanishi va ikkala oyoq bilan o‘ynash qobiliyati tufayli portugaliyalik  futbolchi raqiblar orasidagi bo‘shliqni a’lo darajada topadi va ular orasida oson manyovr qiladi.

7 may kuni, 18 yoshga to‘lganidan ikki kun o‘tib, Mora «Portu» bilan shartnomasini 2030 yilgacha uzaytirdi va 70 million yevro tovon puli belgilandi. Katta ehtimol bilan, yaqin kelajakda u «Portu»ning «An-Nasr» va «Manchester Siti»ga 60 million yevroga sotilgan futbolchilari Otavio va Niko Gonsalesni ortda qoldirib, transfer rekordini yangilaydi.

Jamoada yana kimni kuzatish kerak: Samu Agexova. 193 santimetr bo‘yga ega bo‘lgan baquvvat forvard «Portu»ga o‘tgan yil yozida «Atletiko»dan 20 million yevro evaziga o‘tgandi. U Portugaliyada 42 o‘yinda 25 gol urdi va Ispaniya milliy jamoasida ham debyut qildi.

Kenan Yildiz

20 yosh, «Yuventus», vinger/o‘nlik forvard
Transfer qiymati: 45 million yevro

Germaniyada nemis ayoli va turkiyalik muhojir oilasida tug‘ilgan Kenan hech qachon bundestim uchun o‘ynamagan. 17 yoshidan Yildiz Turkiyaning turli yosh toifasidagi jamoalari safida o‘ynab keladi. Ushbu vunderkind yetti yoshida «Bavariya» tizimida paydo bo‘lgan, ammo 2022 yilda «Yuventus» vakillari uni Italiyaga olib ketgan. O‘shanda «Keksa siniora» uni qo‘lga kiritish uchun «Barselona» bilan raqobatlashishga to‘g‘ri kelgan.

Yildiz 2023/24 yillar mavsumida «Yuve» safidagi ilk o‘yinidan keyin g‘alati holat sodir bo‘ladi: o‘yindan keyingi matbuot anjumanida byankonerilarning o‘sha vaqtdagi bosh murabbiyi Massimiliano Allegri turkiyalik futbolchini sochlari uchun tanqid qiladi: «Kenan ertaga sochini kaltalatishi kerak, chunki u yuz marta qo‘llarini sochiga olib bordi. U soch turmagini o‘zgartiradi va barchasi to‘g‘ri bo‘ladi». Yildiz keyingi mashg‘ulotga chindan ham sochini kaltalatgan holatda keladi.

Bu mavsumda Kenan — turinliklar klubidagi kam sonli yorqin yulduzlardan biri bo‘ldi. YeChLning birinchi turida PSVga qarshi kechgan o‘yinda u Alessandro Del Piyeroning rekordini yangilagan holda, klubning turnir tarixida gol urgan eng yosh futbolchisiga aylanadi. Turkiyalik yulduz o‘sha kuni 19 yosh-u 136 kunlik edi, italiyalik afsona esa biroz kattaroqligida gol urgan — 20 yosh-u 308 kunligida.

Italiya chempionatida Yildiz butun mavsum davomida muhim golli harakatlarni amalga oshirdi, masalan, birinchi davrada «Inter»ga qarshi o‘yinda uning dubli bilan 2:4 hisobi 4:4 ko‘rinishiga keltiriladi. U mavsum oxirini ham juda yaxshi o‘tkazdi: uning gollari va assistlari «Keksa siniora»ga avvaliga to‘rtlikka kirish, keyin esa u yerda mustahkam o‘rnashib olishga yordam beradi. A seriyaning so‘nggi to‘qqiz turidan Kenan yetti o‘yinda qatnashdi (ikki o‘yinni diskvalifikatsiya tufayli o‘tkazib yubordi) va tom ma’noda jamoani YeChLga olib chiqdi: «Jyenoa» darvozasiga yagona golni urdi (1:0), «Lechche» bilan o‘yinda g‘alaba goli muallifi bo‘ldi (2:1), so‘nggi ikki turda ham astoydil harakat qildi — «Udineze» bilan o‘yinda (2:0) ikki assist amalga oshirdi, «Venetsiya» darvozasiga ham bitta gol urdi (3:2).

U hujum chizig‘idagi universal hisoblanadi. U «o‘nlik» sifatida ham, hujumchi ortida ham va hatto markaziy forvard sifatida ham harakat qilishi mumkin, ammo u hozircha ko‘proq o‘ng qanot vingeri sifatida o‘ynagan. Igor Tudor turkiyalik futbolchidan markazga yaqinroq joyda foydalana boshladi va bu o‘z samarasini berdi. Yildiz to‘p bilan yaxshi dribling qiladi, to‘psizligida — ayniqsa, hujumchi ortida harakatlanganida jamoadoshlari uchun bo‘shliqlar ochib beradi.

Leo Messi ham u kelajakda katta futbolchi bo‘lib yetishishiga ishonch bildirgan. Argentinalik futbolchi Adidas butsalarining yangi modeli (F50) promokampaniyasida 10 nafar iste’dodli futbolchini tanlagan. Ro‘yxatga u Lamin Yamal bilan birga Yildizni ham kiritgan.

Jamoada yana kimni kuzatish kerak: Samyuel Mbangula. O‘ng oyoqda o‘ynovchi ajoyib driblyor. U mavsumning dastlabki ikki turida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushib, 1 gol va uch assist muallifi bo‘lgandi, ammo keyin u ko‘proq zaxiradan o‘yinga qo‘shiladigan bo‘ldi.

Savio

21 yosh, «Manchester Siti», o‘ng qanot vingeri
Transfer qiymati: 50 million yevro

Savio Braziliyani erta tark etgan. Balog‘at yoshiga yetishi bilanoq City Football Group u bilan shartnoma imzolagan va u avvaliga kompaniya tarkibidagi klublardan biri «Trua»ga qo‘shilgan. Ammo yosh braziliyalik Yevropaga yo‘l olishidan oldinroq «Atletiko Mineyro»ga Braziliyada trebl qilishda yordam bergan. 2021 yilda ushbu klub A seriyada, shtat chempionatida va Braziliya Kubogida g‘olib chiqqandi.

Ammo Savio Fransiyada o‘ynab ketolmadi, mish-mishlarga ko‘ra, u faqat o‘zining sevimli pozitsiyasida, o‘ng qanot vingeri sifatida o‘ynashni istagan, «Trua»da esa bu pozitsiya o‘shanda Vilzon Odoberniki edi. Avvaliga PSVga ijaraga berilgan braziliyalik ko‘p o‘tmay «Jirona»da (bu klub ham City Football Group tarkibida) paydo bo‘ladi.

Ispaniyada ushbu vinger faqat bir mavsum o‘tkazdi, ammo jamoaga tarixiy natijaga erishishda yordam beradi — uchinchi o‘rin va Chempionlar ligasi yo‘llanmasi qo‘lga kiritiladi, futbolchining o‘zi esa la liga va Ispaniya kubogi o‘yinlarida 11+10 ko‘rsatkichi qayd etadi, parallel ravishda muvaffaqiyatli aldab o‘tishlar soni bo‘yicha chempionatda tengsiz bo‘ladi. Futbol holdingining asosiy klubi — «Manchester Siti» darhol unga e’tibor qaratadi.

Angliyada Savioning sermahsulligi pasaydi, ammo bu klub uchun inqiroz ichida o‘tgan mavsum edi. Ammo braziliyalik futbolchi doimo asosiy tarkib futbolchisi bo‘lib qoldi. U barcha turnirlar doirasida 45 o‘yinda maydonga tushdi va ikki gol urib, 12 golga uzatma berdi. Shu bilan birga, u faqat autsayderlar va o‘rtamiyonalarga qarshi o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatish bilan cheklanmadi, masalan, «Arsenal»ga qarshi ikki o‘yinda ham bittadan assist amalga oshirdi.

Tezkorlik – Savioning asosiy qurolidir. Bo‘sh joyda braziliyalikni shunchaki to‘xtatib bo‘lmaydi. Agar uning qochib ketishiga yo‘l qo‘yilsa, bu katta ehtimol bilan raqib uchun halokatli yakun topadi. Shuningdek, braziliyalik futbolchining arsenalida yaxshi pas va sherigining boshiga aniq to‘p oshirish qobiliyati bor. Savio qanotda raqibning boshini aylantirib, to‘pni jarima maydoni ichiga oshiradi. Tez orada u «Man Siti»ning yangi transferlari – Rayan Sherki va Tidjani Reynders bilan qanchalik yaxshi o‘ynab ketishi oydinlashadi.

Jamoada yana kimni kuzatish kerak: Oskar Bobb. Norvegiyalik futbolchi Savioning o‘ng qanotdagi raqobatchisi hisoblanadi. O‘tgan mavsumda Gvardiola uni asosiy tarkib futbolchisiga aylantirmoqchi bo‘lgandi, u mavsum boshida «MYu»ga qarshi kechgan Superkubok uchun bahsni asosiy tarkibda boshlagandi. Ammo o‘sha o‘yindan keyingi mashg‘ulotlarda Bobb oyog‘ini sindirib oldi va faqat aprel oyida safga qaytdi.

O‘zbekistonlik muxlislar esa Abduqodir Husanov uchun bu turnir o‘zini ko‘rsatish imkoniyati bo‘lishini kutishmoqda.

Aleksandar Pavlovich

21 yosh, «Bavariya», tayanch yarimhimoyachi
Transfer qiymati: 55 million yevro

Aleksandar serblar oilasida o‘sgan, ammo o‘zini haqiqiy myunxenlik yigit deb atashi mumkin: Bavariya poytaxtida tug‘ilgan va yetti yoshida shu nomli klub akademiyasiga kirgan. Bolaligida u «Alyans Arena»da bol-boy sifatida klubning ko‘plab chempionliklarini futbolchilar bilan nishonlagan. Bu mavsumda Pavlovich o‘zi ham shu jamoaning asosiy tarkib futbolchisi sifatida kumush tovoq bilan birga suratga tushdi.

U faqat o‘tgan mavsum o‘rtalarida «Bavariya»ning asosiy tarkibiga qo‘shildi, ammo qisqa vaqt ichida boshlang‘ich tarkibning muntazam vakili bo‘lib oldi. Myunxenliklar safidagi dastlabki o‘yinlaridan biridan keyin Tomas Myuller Aleksandarni e’tirof etib, «Pavloning muxlisi» ekanini aytgandi.

Joriy mavsumda ushbu tayanch yarimhimoyachisi jarohat va kasalliklar tufayli ko‘p o‘yinlarni o‘tkazib yubordi — kuzda o‘mrov suyagi sinishi tufayli bir yarim oy maydonga tusha olmadi, martda esa mononukleoz uni safdan chiqardi. Ammo bu ham Pavlovichga Germaniyada mavsumning eng yaxshi yarimhimoyachilaridan biri bo‘lishiga xalal bermadi. Aleksandar — bundesligada uzatmalar aniqligi bo‘yicha (93,5 foiz) yetakchi bo‘ldi, chempionat doirasidagi o‘yinlarda yarimhimoyachilar o‘rtasidagi duellarda ustun kelish bo‘yicha (62,7 foiz) eng yaxshilar qatoriga kirdi.

Maydondagi pozitsiyasiga ko‘ra Pavlovich — tayanch yarimhimoyachisi. Ammo uni toza tayanch yarimhimoyachisi deb ham bo‘lmaydi. U har bir o‘yinda Kimmih bilan birgalikda o‘yin sur’atini nazorat qiladi, ular bir-birini ajoyib tarzda to‘ldirishadi: Yozua Pavlovichga qaraganda to‘pni oldinga olib borishga harakat qiladi, Aleksandar esa ancha orqaroqdan turib pleymeykerlik qiladi. Shu bilan birga, Pavlo o‘rta va uzoq masofalarga juda yaxshi to‘p uzatadi, tez-tez diagonal uzatmalar ham beradi va himoyada juda tartibli harakat qiladi — u mavsum davomida atigi ikki bor sariq kartochka olgan.

Pavlovich — «Bavariya»ning so‘nggi yillarda asosiy jamoa darajasiga chiqa olgan kam sonli tarbiyalanuvchilaridan biri. «Alyans Arena»dagi fanatlar Tomas Myuller davridan buyon akademiyadan top futbolchi yetishib chiqishini kutishardi.

Jamoada yana kimni kuzatish kerak: Tom Bishof. Hujumkor yarimhimoyachi nemis futbolining o‘z yosh toifasidagi asosiy iste’dodlaridan sanaladi. Myunxenliklar klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘ynatish uchun uning «Hoffenhaym»dan transferini tezlatishdi.

Pablo Barrios

21 yosh, «Atletiko», markaziy yarimhimoyachi
Transfer qiymati: 55 million yevro

Pablito futboldagi yo‘lini o‘zining hozirgi jamoasining ashaddiy raqibi — Madridning «Real» klubi safida boshlagan. U yerdagilar olti yil davomida kichik Barriosning kelajagini ko‘ra olishmadi va uni akademiyadan ketkazishadi. Bundan esa Ispaniya poytaxtining boshqa jamoasi — «Atletiko» foydalanib qoladi.

Barriosning karerasida Fernando Torres muhim o‘ringa ega. Pablo «Atletiko» yoshlar jamoasida o‘ynagan va afsonaviy ispaniyalik hujumchi qo‘l ostida 2021/22 yillar mavsumda yoshlar o‘rtasidagi chempionatda g‘olib bo‘lgan va klub tarixida birinchi marta yoshlar o‘rtasidagi Yevropa chempionati yarimfinaliga chiqqan jamoaga yetakchilik qilgan.

O‘sha mavsumda Pabloning onasi vafot etadi, shuning uchun Torres har kuni futbolchi bilan suhbatlashib, futboldan tasalli izlash kerakligiga ishontiradi. Fernandoning yordami tufayli Barrios baxtsizlikdan keyin tushkunlikka tushib qolmaydi.

Uni Liorente va Kokening aralashmasi deyish mumkin. Pablo ham Markos kabi ishchan yarimhimoyachi, butun maydon bo‘ylab harakatlana oladi. Ammo Madrid klubidagi tajribaliroq hamkasbidan farqli o‘laroq, u hujumkor harakatlarga biroz kamroq yo‘naltirilgan — aynan Koke kabi jamoa o‘yinini boshqaradigan ko‘proq miya markazi. Bu mavsumda yosh ispaniyalik «Atletiko»ning asosiy tarkib futbolchisiga aylandi.

O‘tgan yil oxirida Barriosga Angliyaning top jamoalari — «Liverpul» va «Manchester Siti» qiziqish bildirgandi, bahorda esa «Chelsi» ham uni transfer qilishni xohlab qoldi. Ammo may oyida yarimhimoyachi mish-mishlarga barham berdi va «Atletiko» bilan shartnomani 2030 yilga qadar uzaytirdi.

Jamoada yana kimni kuzatish kerak: Juliano Simeone. U bir necha klublarda ijara asosida o‘ynab kelganidan keyin otasining boshqaruvidagi klubda ilk to‘laqonli mavsumni o‘tkazdi. Hech narsadan tap tortmaydigan bu vinger turnirda madridliklarga katta yordam berishi tayin.

Estevao Villian

18 yosh, «Palmeyras», o‘ng qanot vingeri
Transfer qiymati: 60 million yevro

Estevao Villian
Foto: AFP

Yosh braziliyalik Braziliyadagi gazetalar sahifalarida 10 yoshidayoq paydo bo‘lgan, o‘shanda u Nike bilan shartnoma tuzgan eng yosh braziliyalik futbolchi bo‘lgandi. Bu bilan u Neymar (u Nike bilan 13 yoshida shartnoma imzolagan) va Rodrigoni (11) ortda qoldirgan.

2021 yilda Estevao «Kruzeyro»dan «Palmeyras»ga o‘tadi va bir necha yil ichida Janubiy Amerika futbolining haqiqiy yulduziga aylanadi. Yangi klubida ushbu vinger darhol yoshlar futbolidagi sovrinlarni kolleksiya qilishni boshlab, 15 yosh va 17 yosh toifasidagi turnirlarda chempion bo‘ladi.

18 yoshga kelib Estevao «Palmeyras» safida barcha turnirlar doirasida 78 o‘yinda maydonga tushib ulgurgandi (26 gol va 15 golli uzatma). 2024 yilda esa «yashil-oqlar» bilan paulistada (Braziliyadagi eng kuchli shtat chempionati) qatorasiga uchinchi chempionlikka erishadi. Bu sovrinda Estevaoning xizmati beqiyos edi, u jamoa urgan gollarning 36 foiziga mualliflik qilgan, 31 o‘yinda 13 gol urib, to‘qqiz golga uzatma bergan.

O‘tgan yozda «Chelsi» tezkor harakat qilib, janubiy amerikalik vunderkindni o‘ziniki qilish uchun 34 million yevro to‘ladi, yana 23 million yevro bonus va’da qilingan. Braziliyalik futbolchi bir yilga «Palmeyras»da qoldirildi. U klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan keyin Londonga ko‘chib o‘tadi.

Estevao Neymarning yoshligini eslatadi — yorqin, yengil va dadil harakat qiladi — raqiblar qurshoviga kirishdan tortinmaydi. U ham chinakam Joga Bonito namoyish etadi: to‘pni chap oyog‘iga yopishtirib olgandek harakatlanadi, tezlikda ketayotganida ham vaziyatni yaxshi nazorat qiladi va tor hududlarda raqiblarni osonlik bilan aldab o‘tadi.

Estevao jarima maydoni tashqarisidan turib ko‘p zarba beradi, uning zarbalari ham kuchli, ham aylanma trayektoriya hosil qilib uchadi. Undagi aniqlik yosh Vinisiusnikidan yaxshiroq: Vini «Flamengo»dan ketayotganida 69 o‘yinda 14 gol urgandi.

Uni bolaligida Messinio deb ham atashgan, uning o‘zi afsonaviy argentinalikka havas qilishini yashirmagan va hatto bir safar Kataloniya grandi safida o‘ynashni orzu qilishini aytgan: «Imkon tug‘ilishi bilanoq «Barselona» o‘yinlarini tomosha qilaman. Bolalik orzum — qachondir «Kamp Nou»da o‘ynash. Agar orzu amalga oshsa ham, bu keyinroq bo‘ladi, hozircha esa Estevao «Stemford Brij»da debyut qilishga tayyorlanmoqda.

Jamoada yana kimni kuzatish kerak: Vitor Roke. «Barsa»dan ketganidan keyingi mavsumlar o‘xshamadi («Betis» safidagi 33 o‘yinda 7+2 va «Palmeyras»da 19 o‘yinda 3 gol), ammo muxlislar uning yulduzli onlari kelishiga ishonmoqda.

Mavzuga oid