Jamiyat | 21:42 / 18.06.2025
15208
6 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shmachi “provodnik”: poyezd kupesi ishratxonaga aylantirilgani aniqlandi

“Olot-Toshkent” yo‘nalishidagi poyezdda vagon kuzatuvchisi bo‘lgan shaxs kupeda qo‘shmachilik qilib kelgani ma’lum bo‘ldi. U 300 ming so‘m evaziga yo‘lovchi erkak va ayolga jinsiy aloqa qilishlari uchun bo‘sh kupeda sharoit yaratib bergan. “Provodnik”ning bu harakati tezkor tadbirda fosh qilindi.

Illyustrativ foto

Poyezd kupesida qo‘shmachilik qilgan vagon kuzatuvchisi jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.

Sud hujjatida keltirilishicha, 1985 yilda Payariq tumanida tug‘ilgan Dilshod Hamdamov 2019 yil may oyidan “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish filiali vagonlar xizmatchisi lavozimida ishlab kelgan.

Dilshod Hamdamov 2025 yil 21 fevral kuni 071-raqamli “Olot-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanuvchi yo‘lovchi poyezdning 7-vagonida kuzatuvchi bo‘lgan. U shu kuni “Qorako‘l” temiryo‘l vokzalidan chiqqan yo‘lovchi B.O‘.ga tanishi G.O‘. bilan jinsiy aloqa qilib ketishi uchun 300 ming so‘m evaziga 7-vagonning 2-kupesida sharoit yaratib bergan. Aslida bu yo‘lovchilarning chiptasi poyezdning 11-vagoniga olingan bo‘lgan.

“Provodnik”ning poyezdda qo‘shmachilik qilgani Navoiy viloyati Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi jinoyat qidiruv guruhi xodimlari tomonidan aniqlangan. Tadbirda ishlatilgan 300 ming so‘m pul ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Dilshod Hamdamov sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.

2025 yil 21 fevral kuni “Olot-Toshkent” yo‘nalishidagi 071-raqamli yo‘lovchi poyezdining 7-vagonida kuzatuvchilik qildim. Shu kuni soat 19:00 larda “Olot” bekatidan yo‘lga chiqib, soat 20:00 larda “Qorako‘l” temiryo‘l bekatiga yetib keldik. Yo‘lovchilarni vagonga chiqarish vaqtida yonimga B.O‘. bir ayol kishi bilan keldi. Ularning chiptasi 11-vagonning 48- va 50-joylari edi. B.O‘. va yonidagi ayolni 7-vagonning 5- yoki 6-kupe vagoniga kiritib, shu yerda o‘tirib turishlarini aytdim. O‘zim SV tipli xonalarni tekshirib, 3 ta bo‘sh SV tipli xona Samarqandgacha bo‘sh ekanini aniqladim. Erkak va ayolni 3-SV xonaga joylashtirdim. Biroz vaqt o‘tib, ayol keldi va SV xonaning eshigi yopilmasligini aytib, boshqa xona qilib berishni so‘radi.

Keyin ularga 2-kupega kirishlarini aytdim. Kirishganidan so‘ng ularga kupeda dam olib ketishlari uchun sharoit yaratib berdim. Buning evaziga erkakdan 300 ming so‘m oldim. Erkak menga kupeda hamroh ayoli bilan jinsiy aloqa qilib ketishini bildirdi. Ularni hech kim bezovta qilmasligini, eshikni ichkaridan qulflab olishni aytib, yangi choyshab hamda yuvinishlari uchun iliq suv keltirib berdim”, degan Dilshod Hamdamov o‘z ko‘rsatmasida.

Poyezd Qiziltepa bekatiga kelib to‘xtagan. Dilshod Hamdamov yo‘lovchilarni chiqarayotganida IIB xodimlari uning yoniga kelib, 2-kupeni ochishni so‘ragan. Shu tariqa u tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Dilshod Hamdamov ushbu erkakka oldin ham “xizmat ko‘rsatgan” bo‘lgan. Buni sudda guvoh sifatida so‘ralgan B.O‘. tasdiqlagan.

2024 yil sentabr oyi o‘rtalarida N. ismli tanishim bilan ish yuzasidan Buxoro viloyatining Qorako‘l tumaniga bordim. Qaytishda N. bilan poyezdda Toshkent shahriga ketishni rejalashtirib, chipta sotib oldik. Chiptalarimiz bo‘yicha o‘rnimiz turli vagonlarda edi.

Poyezd kelganidan so‘ng vagon oldida turgan Dilshod Hamdamov yoniga borib, sherigimni yonimda olib ketmoqchi ekanimni bildirdim. U buning iloji borligini, faqat qo‘shimcha to‘lov qilishim kerakligini aytdi. U sherigim Nigorani o‘zim o‘tirgan kupega joylashtirib berish evaziga 200 ming so‘m so‘radi.

Dilshod Hamdamovga sherigim bilan alohida xonada ketishim kerakligini, u bilan jinsiy aloqa qilib ketmoqchi ekanimni aytganimda u yana 200 ming so‘m bersam o‘zining xonasini bo‘shatib berishini bildirdi.

Vagon kuzatuvchisi o‘zining xizmat xonasida tanishim bilan jinsiy aloqa qilishim uchun sharoit yaratib berdi. Keyin biz kupega kirib, eshikni ichkaridan qulflab oldik. Samarqand shahrigacha kupeda tanishim bilan jinsiy aloqa qilib ketdim”, degan erkak sudda.

Shundan so‘ng erkak yo‘lovchi vagonlarda bunday axloqqa zid harakatlarga chek qo‘yish maqsadida 2025 yil 21 fevral kuni Navoiy viloyati Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan. Uning arizasi asosida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Sud hukmi bilan Dilshod Hamdamov Jinoyat kodeksining 131-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni (g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qo‘shmachilik qilish) sodir qilganlikda aybdor deb topilgan. Unga oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Shuningdek, Dilshod Hamdamov 1,5 yil “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ tizimidagi korxona va tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan ham mahrum qilingan.

Mavzuga oid