Yana yuzlab odam aldangan: Alfa va Baraka avtolizing sudidan reportaj
Bu ikki firma 2023-2024 yillarda faoliyat yuritib, lizing va boshqa qulay shartlar asosida mashina olib berishni taklif etgan. Odamlar mahalliy avtomobillarga to‘lovning 20-30 foizini amalga oshirgan. Shartnomada mashina olib berish muddati 6 oy ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, firma mas’ullari hammaga har xil, 1 yoki 3 oy ichida mashina chiqishini aytgan. Biroq firma mansabdorlari o‘nlab odamlardan pul olib, va’dasini bajarmagan. Pullarni qaytarish so‘ralganda, ayrim hollarda berilgan mablag‘dan 10 mln so‘m ushlab qolinishi aytilgan.

Toshkentda firibgarlikda ayblanayotgan Umid auto leasing, Alfa auto business va Baraka auto community mansabdorlariga oid jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilmoqda. 13 iyundagi sud majlisida Kun.uz muxbiri ishtirok etdi. Unda avtolizing kompaniyasiga aldangan bir nechta jabrlanuvchining ko‘rsatmasi tinglandi. Ularga ko‘ra, kompaniya shartnomalari rus tilida bo‘lib, odatdagidan boshqacha tuzilgan. Jabrlanuvchi Jahongir Rahmonov aldanganlardan biri. U 2024 yilda Cobalt uchun bank orqali 56 mln so‘m to‘lagan. Jabrlanuvchining yaqinlari shartnoma shubhali tuzilganini bilgach, pulni qaytarishni so‘ragan. Ammo firma mansabdori turli vajlar bilan ishni paysalga solgan. Qiziqarli jihati, shartnomada 2 ta MChJ ko‘rsatilgan. Rahmonovning aytishicha, firmada norasmiy ishlagan Bunyod ismli shaxs mashina 3 oy ichida chiqishini aytgan. Lekin shartnomada 6 oy ko‘rsatilgan.
“2024 yil mart oyida Samarqand viloyati Samarqand shahrida afishasi “Baraka avto” degan joyga telefon orqali bordik. Birinchi OLX ilovasi orqali topdik bu narsani. Keyin telefon qildik. Bir dispetcher qiz telefonni ko‘tardi-da, Samarqandga ulab beraman, dedi. Keyin gaplashdik. Soat 9 larga kelinglar, dedi. O‘sha atrofda bo‘lganimiz uchun ukam bilan birga bordik. Borganimizda o‘sha yerda bir qiz, bir o‘g‘il, yana Bunyod ismli bola bor edi. Shartnoma bo‘yicha shu Bunyod o‘sha yerda norasmiy ish yurituvchi ekan. Nima tartibda olinadi, nima qilinadi, ya’ni uch oyda mashina beriladi, deb hammasini tushuntirdi. “Ha, biz ham buni ko‘ramiz, pulni olib kelaylik”, deb ketdik. Obedlarga yaqin Bunyod telefon qildi-da, “aka, kelyapsizlarmi?” dedi. Bizlar bordik, ko‘rdik. Keyin shartnomani imzoladik-da, bankka bordik. Bankda to‘lovni qildik. O‘sha vaqtda ham shu Bunyoddan so‘radim, “bu yerda hech bir firibgarlik yo‘qmi?” deganimda, “yo‘q, aka, hammasi yaxshi”, dedi. Ikki-uch kundan keyin shu shartnomani dadamga tashlab berdim. Dadam o‘sha vaqtda Qarshida edi. Dadam ham tanishlari bilan ko‘rib chiqdilar-u, “bu shartnoma bir boshqacha tuzilgan, bor, iloji boricha shu pulni qaytarib ol”, dedilar. Navro‘z bayramidan keyin bordim. U 22-23-gami to‘g‘ri keldi. Pochcham bilan bordim. “Bu shart yoqmayapti menga, qaytarish kerak”, dedim. Bunyod ismli yigit Jalolga telefon qildi. Telefon qilib, “shunday-shunday bo‘lyapti”, dedi. Jalol bilan pochcham ham gaplashdi. Keyin aytdiki, “mayli, bo‘lmasam, shartnomada ko‘rsatilgan, agar pul qaytarilsa, 10 million qanchami undirib olinib, qolgani to‘lov qilinadi”, dedi.
Shundan so‘ng Rahmonovning pochchasi Jaloliddinga shartnoma tushunmay imzolaganini aytgach, sudlanuvchi pul ushlab qolmaslikni, ammo pulni qaytarish vaqt talab qilishini aytgan. Oradan vaqt o‘tib esa, filial yopilgan. Jabrlanuvchi qo‘ng‘iroq qilib, buning sababini so‘raganda, “ishni to‘xtatdik” deya javob bergan. Jaloliddin ismli shaxs esa pulni qaytarishga hali vaqt borligini aytgan. Rahmonovning so‘zlariga ko‘ra, shartnomada Alfa auto business ko‘rsatilgan. Papkaning ustiga esa “Baraka Avto” deb yozilgan.
“Nimaga bu “Baraka Avto” bo‘lyapti-yu, pechat Alfa auto business bo‘lyapti?” deb so‘raganimda, “aka, bu Toshkentning filiali, shuning uchun rasman Toshkentdan urilgan”, deb aytdi u. Rahmonovning otasi Husan Hamidovga ko‘ra, shartnoma firmaning foydasiga qarata tuzilgan.
Sudda Toshkent viloyatidan kelgan Azizbek Arintayev ham ko‘rsatma berdi. U firmaga keliboq, Cobalt uchun 55 mln so‘m to‘lagan. Ammo sudlanuvchi jabrlanuvchining ko‘rsatmalarini inkor qildi. Boshqa jabrlanuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, mashinaga to‘lovning 30 foizi amalga oshirilgach, firma mas’ullari 30-45 kunda avtomobilni chiqarib berishni va’da qilgan. Bir nechta shartnomalar esa onlayn tuzilgan. Mashinalar aytilgan vaqt bo‘yicha berilavermagach, odamlar yuqori turuvchi organlarga murojaat qilishini bildirgan. Ammo Alfa auto business rahbari bunday qilinsa, ish og‘irlashishini ma’lum qilgan. “Javohir akam chiqsin, sizni pulingizni qaytarib beramiz, qaytarib bermasak bozordan mashina qilib beramiz deb aytdi”, deydi jabrlanuvchi G‘olib Norov. Yana bir jabrlanuvchi Shuhrat Urunovga ko‘ra shartnoma qilingan vaqtdan 1 oy o‘tib, Alfa auto businessʼning Samarqanddagi ofisi xodimlariga bog‘lanishning imkoni bo‘lmagan.
“2024 yil 25 fevral kuni firmaga kelgan bo‘lsam, menga 27-kuni telefon qilyapti. Aksiyamiz tugayapti. 3 yilga 7 foizdan (yillik ustama) qilib beramiz dedi, ha deb keldik. Bunyod ismli bola o‘tiribdi. To‘g‘risini aytsam, bu yerdagi bironta bolani tanimayman men. Qancha vaqtda mashina chiqadi dedim. “Aka, bir oyda mashina chiqarib beramiz” dedi. To‘lovi qanday bo‘ladi dedim. Oq Cobaltʼga 30 foiz, 56 mln 647 ming ming to‘lov qilishimni aytdi. Keyin Bunyod bilan birga bank orqali to‘lov qildik, 1 oydan keyin mashina nima bo‘ldi deb telefon qildim. Yanvar oyidagi odamlarning mashinasini beryapmiz dedi. Aprelda telefon qilganimda Bunyodning, oxiri 20 40 nomerlarning hammasi o‘chgan edi”, deydi Urunov.
Jabrlanuvchi Toshtemir Umrzoqovning aytishicha, firma mansabdorlari mashina chiqarib berishni bir-biriga sansalorlik qilgan. Samarqanddagi ofisda ishlagan Bunyod ismli shaxs ish boshqaruvchi bo‘lgan. Jabrlanuvchilarning barchasi suddan pullarini qaytarishni so‘radi. Sud yakunida jabrlanuvchilardan biri sudlanuvchi Mannopov dalillar bo‘lsa-da, aybini tan olmayotganini aytdi. Nodir Nazarovga ko‘ra, Alfa va Baraka avtolizing mas’ul shaxslari taxminan 100 kishidan pul olib, mashina chiqarib bermagan. Sudning keyingi yig‘ilishi 20 iyunda davom etadi