Jamiyat | 21:17 / 19.06.2025
4135
2 daqiqa o‘qiladi

Buxorodagi davlat bog‘chasida metodist va mudira tarbiyachini bolalar oldida urdi

Holat aks etgan video Kun.uz ixtiyoriga kelib tushdi. Voqea Olot tumanidagi 27-bog‘chada aprel oyida sodir bo‘lgan. Unda ayollar oshxonada bolalar ovqatlanayotgan vaqtda mushtlashib ketgani ko‘rinadi. Bog‘cha metodisti va rahbari tarbiyachini o‘rtaga olib kaltaklagani iddao qilinyapti. Mudiraga nisbatan intizomiy jazo qo‘llangan.

Kun.uz'ga Buxoro viloyati Olot tumanidagi 27-sonli bog‘chada ayollarning mushtlashayotgani aks etgan video kelib tushdi. Videoni taqdim etgan shaxs bog‘cha metodisti va mudirasi tarbiyachini o‘rtaga olib urganini aytmoqda.

Tasvirlarda yil 21 aprelda sanasi ko‘rinadi. Oshxonada bolalar taomlanayotganiga qaramay, 3 nafar ayol o‘zaro janjallashib qolishgan va tarbiyalanuvchilar ko‘z o‘ngida bir-birini urgan.

Videoga ko‘ra, metodist va mudira deyilayotgan shaxslar tarbiyachi bilan dastlab gaplasha turib, keyin uni bo‘ynidan bo‘g‘ishga uringan. Kadr ortidagi shaxs tarbiyachining yuzidan tishlab olishganini aytgan.

Ayni vaziyat yuzasidan Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi 28 aprel kuni rasmiy izoh bergan. Unga ko‘ra, bog‘chada yuzaga kelgan ko‘ngilsiz holat uchun tashkilot direktoriga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llangan.

Boshqarma ishchi guruhi tomonidan holat bo‘yicha tashkilotning barcha ishchi-xodimlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, tushuntirish ishlari olib borilgani aytilgan.

Mavzuga oid