Jahon | 16:26
11146
19 daqiqa o‘qiladi

Tramp Eron bilan urushga qarshi edi. Ammo endi fikrini o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin

Nega bunday bo‘ldi va bu nimaga olib boradi?

Pfc. Jaquari Lindsey / U.S Army / Planet Pix / ZUMA Press Wire / Scanpix /

Bir hafta oldin ham Donald Tramp Eronni yadroviy qurol ishlab chiqarishdan voz kechish sharti bo‘lgan bitimga rozi bo‘lishga chaqirayotgandi, endi esa Isroilga qo‘shilib, Erondagi yadroviy obektlarga zarba berish haqida o‘ylamoqda.

BBC sharhlovchilari Tramp o‘z fikrini qanday o‘zgartirgani, AQShning bu urushga qo‘shilishi ehtimoli va buning oqibatlari qanday bo‘lishi mumkinligi haqida yozdi.

Trampning ritorikasi qattiqlashdi

Amerika prezidentining so‘nggi kunlardagi ritorikasi Oq uy Eron yadro obektlariga zarba berishda Isroilga qo‘shilish haqida jiddiy o‘ylayotganini ko‘rsatmoqda.

Amerikaning Yaqin Sharqdagi urushga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashishi ehtimoli so‘nggi kunlarda jahon ommaviy axborot vositalaridagi asosiy mavzu bo‘lib qoldi. Amerika prezidenti hamon o‘z rejalari to‘g‘risida ochiq gapirishdan bosh tortmoqda.

«Men buni qila olaman. Bunday qilmaslik ham qo‘limdan keladi. Men nima qilmoqchi ekanimni hech kim bila olmaydi», – dedi Tramp chorshanba kuni Oq uyda jurnalistlarga undan Erondagi yadroviy obektlarga zarba yo‘llashga buyruq berishi ehtimolini so‘rashganida.

Bloomberg qayd etishicha, Tramp Eron bilan bo‘lajak muzokaralar ehtimolini istisno qilmagan, biroq ularning istiqboliga unchalik ishonmasligini bildirgan. «Gaplashish uchun kech bo‘ldi. Hozirgi holat bilan bir hafta oldingi holat o‘rtasida katta farq bor», – degan Tramp.

ABC News manbalariga ko‘ra, keyingi 24-48 soat juda muhim bo‘ladi. Bu vaqt ichida Amerika ma’muriyati AQSh mojaroni diplomatiya yo‘li bilan hal qilishga urinishda davom etishi yoki aksincha Isroilning harbiy amaliyotiga qo‘shilishi borasida qaror qabul qiladi. AQSh rahbariyati shu hafta bu masalani Milliy xavfsizlik kengashida muhokama qilgan.

Trampning so‘nggi bayonotlari Amerika prezidenti haqiqatan ham harbiy eskalatsiya variantini ko‘rib chiqayotganini ko‘rsatmoqda. Bir kun avval u AQSh Eron osmonini to‘liq nazorat qilishini e’lon qildi, Eron oliy rahbari Ali Xominaiyni «oson nishon» deb atadi va AQSh uning qayerda yashiringanini bilishini, ammo «hozircha uni olib tashlash niyatida emasligi»ni aytdi. Shundan so‘ng u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida «SO‘ZSIZ TASLIM BO‘LISh!» iborasini yozdi.

Eron ham eskalatsiya ssenariysiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. The New York Times nashri yozishicha, AQSh razvedkasi Eron AQSh urushga kirishadigan bo‘lsa, Amerika bazalariga zarba berishga allaqachon tayyorgarlik ko‘rgan deb hisoblaydi. Amerikaning BAA, Iordaniya va Saudiya Arabistonidagi harbiy bazalari yuqori tayyorgarlik holatida.

Saudiya Arabistonidagi «Shahzoda Sulton» aviabazasida turgan amerikalik harbiy
Foto: ANDREW CABALLERO-REYNOLDS/Getty Images

AQSh prezidenti yaqinda ham muzokaralarga chorlayotgandi

Amerika va jahondagi eng yirik nashrlar Trampning Eron bo‘yicha so‘nggi kunlardagi bayonotlari uning prezidentligining dastlabki oylaridagi ritorikadan katta farq qilishini ta’kidlamoqda. AQSh prezidenti tashqi siyosatining asosiy maqsadlaridan biri aynan Tehron bilan tinchlik muzokaralari edi. Tramp bu yo‘nalish bilan shug‘ullanishni o‘z do‘sti va eng yaqin maslahatchilaridan biri – maxsus vakil Stiv Uitkoffga ishonib topshirdi.

May oyi oxirida Oq uy Tehron bilan muloqot to‘g‘ri yo‘nalishda ketayotganiga ishontirgandi. Bundan bir necha hafta oldin Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan qo‘shma matbuot anjumanida Eron yadroviy kelishuvi bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar boshlanganini e’lon qilgandi.

Yetti yil oldin, Trampning oldingi prezidentligi davrida AQSh Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasidan bir tomonlama chiqqandi. Ushbu hujjatni 2015 yilda Eron AQSh, Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya bilan imzolagandi. Shartnomaga ko‘ra, Tehron sanksiyalarni bekor qilish evaziga yadroviy qurol ishlab chiqarishni cheklashi va qurolni yaratishdan voz kechishi ko‘zda tutilgandi.

AQSh shartnomadan chiqib, Eronga qarshi sanksiyalarni tikladi, Tehron esa shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni qisqartirishni boshladi. Mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar 2020 yil boshida yanada keskinlashdi. O‘shanda Trampning buyrug‘i bilan AQSh eronlik general Qosim Sulaymoniyni o‘ldirgandi. AQShda Sulaymoniy terrorchilar ro‘yxatiga kiritilgan, Eronda u tashqi siyosat sohasidagi asosiy shaxslardan biri edi.

Sulaymoniyning o‘ldirilishidan so‘ng Tehron yadroviy kelishuv bo‘yicha so‘nggi majburiyatlardan voz kechishini e’lon qildi. Bu, oxir-oqibat, Trampni 2025 yil boshida Oq uyga qaytganidan keyin Eron masalasi bilan yana shug‘ullanish zaruratiga duchor qildi.

2025 yil aprelida Oq uydagi matbuot anjumanida Netanyahu Vashington va Tehron o‘rtasida yadro quroli bo‘yicha muloqot qayta tiklanishiga shunday munosabat bildirgandi: «Agar bunga diplomatik yo‘l bilan, to‘la hajmda erishish mumkin bo‘lsa, bu yaxshi bo‘lardi». Hozirga kelib ma’lum bo‘lishicha, o‘sha vaqtda Isroil allaqachon «Uyg‘onayotgan sher» amaliyotini boshlashga tayyor edi.

O‘sha vaqtda AQSh va Isroil pozitsiyalari hech bo‘lmaganda Tehronning yadroviy qurol yaratishga qanchalik yaqinlashganini baholashda farqlanardi. Joriy yil mart oyida AQSh Milliy razvedkasi direktori Tulsi Gabbard AQSh Senatining razvedka bo‘yicha maxsus qo‘mitasi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida Amerika razvedkasi Eronning yadro qurolini yaratish bo‘yicha ishlarining belgilarini ko‘rmayotganini aytadi.

CNN telekanali manbalarga tayanib, razvedka hisob-kitoblariga ko‘ra, Tehronni yadro qurolini yaratishdan yana bir necha yil ajratib turganini xabar qildi. O‘z navbatida, Isroildagilar Eron bu nuqtaga maksimal darajada yaqinlashgani haqida aytishdi (Eron har doim yadro quroli yaratishga intilishini rad etib kelgan).

New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, Amerika maxsus xizmatlari may oyi oxirida Isroil Eron yadroviy obektlariga keng ko‘lamli zarbalar berishga tayyorlanmoqda, degan xulosaga kelgan. O‘shanda Tramp shaxsiy suhbatlarda Netanyahuni bu harakat diplomatik jarayonni butunlay barbod qilishiga ishontirishga uringan.

8 iyun kuni, atigi bir yarim hafta oldin, Tramp milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilariga Netanyahuni bombardimon qilishdan voz kechishga ko‘ndirishga harakat qilishini aytgandi, deb yozadi Wall Street Journal. To‘g‘ri, o‘sha uchrashuvdayoq AQSh prezidenti bitim istiqbollariga shubha bilan qaragandi. Ammo o‘shanda Tramp hamon Uitkoffga kelishuvga erishish uchun imkoniyat berishga qat’iy qaror qilgan edi, deb yozadi gazeta.

NYT ma’lumotiga ko‘ra, hujum muqarrirligi Amerika ma’muriyatiga ma’lum bo‘lgach, Oq uy eskalatsiyaga qanday reaksiya ko‘rsatish haqida o‘ylay boshlagan. Vashingtonda bir necha variantlar bor edi: bir tomondan, mojaroga aralashmaslik va Isroilning zarbalari Eronni qanchalik zaiflashtirishini kuzatish; boshqa tomondan, AQSh Tehrondagi rejimni almashtirish maqsadida ham zarba berishga qo‘shilishi mumkin edi. Tramp murosa yo‘lini tanladi va AQSh Isroilga razvedka tomondan yordam ko‘rsatishi, keyin esa Eronga zudlik bilan yon berishni talab qilgan holda bosim o‘tkazishi bo‘yicha qarorga keldi.

Chindan ham, Isroil kampaniyasi boshlangan ilk kunlarda Tramp kelishuv tuzishga chaqiriqlarini faqat kuchaytirdi, ammo endi uning bunday chaqiriqlari kuchli pozitsiyadan turib yangrardi. Tehronga murojaatlarida u agar Eron rahbariyati diplomatik kelishuvga rozi bo‘lmaydigan bo‘lsa, mamlakat yadroviy infratuzilmasidan «hech narsa qolmasligi»ni aytardi.

Jerusalem Post ma’lumotiga ko‘ra, hafta boshida ham Tramp mamlakat rahbarlariga eng og‘ir shartlarga rozi bo‘lishni talab qilgan holda Eronga kelishuv bo‘yicha «so‘nggi taklif»ni berishni rejalashtirayotgandi. Bu taklif uranni hatto ilmiy maqsadlarda boyitishdan ham bosh tortishni ko‘zda tutardi. WSJ va Reuters ma’lumotiga ko‘ra, norasmiy kanallar orqali muzokaralarni davom ettirishga tayyorligi haqida signallar uzatgan Eron bu shartlarni qabul qilib bo‘lmas shartlar deb hisoblagan.

16 iyun kuni kechqurun Tramp kutilmaganda Kanadadagi G7 sammitini tark etdi va buni Yaqin Sharqdagi urush bilan izohladi. Buni, shuningdek, Tehron aholisini evakuatsiya qilishga chaqiruvni ko‘plab ommaviy axborot vositalari va ekspertlar AQSh prezidenti mojaroda bevosita ishtirok etish haqida jiddiy o‘ylayotgani belgisi sifatida qabul qildi.

ABC News o‘z manbalariga tayanib xabar qilishicha, Trampning ritorikasi kuchayganiga qaramay, amerikalik diplomatlar hamon Eronni muzokaralar stoliga o‘tqazish mumkinligiga ishonmoqda. Agar Tehron oliy darajadagi uchrashuvga tayyor bo‘lsa, unga Uitkoff bilan AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens ham yuborilishi mumkin.

Shu bilan birga, kanal suhbatdoshlari Tramp bor e’tiborini Isroil hujumlariga qaratgan va AQShga «zudlik bilan javob bera olmayotgan» Erodan «hafsalasi pir bo‘lgani»ni aytmoqda. Amerika prezidenti o‘zining kuch ishlatish bilan tahdidlari safsata sifatida qabul qilinishidan xavotirda.

G7 sammitini tark etayotganida samolyot bortida jurnalistlar bilan gaplashayotgan Tramp
Foto: Chip Somodevilla/Getty Images

AQShning Eronga qarshi urushdagi ishtiroki nimaga olib keladi?

AQSh Eron bilan urushga kirish-kirmasligi masalasi uning prezidentligi davridagi eng muhim masalalardan biri bo‘lishi mumkin, deya qayd etadi Washington Post.

Agar Tramp Eron yetakchilari yon berishiga erishsa yoki Eron yadro dasturini (kuch bilan yoki muzokaralar orqali, buning farqi yo‘q) bekor qilsa, shu bilan birga, Eron tomonidan «jiddiy qasos» kelib chiqmasa, bu AQSh va shaxsan Tramp uchun muvaffaqiyat bo‘ladi, deb hisoblaydi gazeta. Ammo vaziyatni baholashdagi xatolar AQShni xavfli va oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib keladigan mojaroga tortishi mumkin.

AQShning Isroil va Eron o‘rtasidagi ehtimoliy urushga qo‘shilishi bilan bog‘liq keskinlik allaqachon Respublikachilar partiyasi, jumladan, odatda Donald Trampni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan uning eng konservativ qanoti ichida sezilarli kelishmovchiliklarga olib keldi. Xususan, 17 iyun kuni konservativ kongressmen Tomas Messi Trampning Kongress ruxsatisiz urush boshlash imkoniyatini to‘sishga urinayotgan demokratlar guruhi bilan birlashdi. Ular Vakillar palatasiga AQSh prezidenti Eronga har qanday zarba berishdan oldin qonun chiqaruvchilarning ruxsatini olishi kerak bo‘lgan qonun loyihasini kiritdi. Boshqa respublikachi-konservatorlarning bir qismi (senatorlar ham) esa, aksincha, harbiy choralarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Noaniqlik Trampning media sohasidagi eng faol tarafdorlaridan biri – konservativ jurnalist Taker Karlson bilan ziddiyatga borishiga sabab bo‘ldi, u o‘z podkastida eskalatsiyadan qochishga chaqirdi. AQSh prezidenti bunga javoban uni «tentak» deb atagan. Trampning sobiq strategi Stiv Bennon Karlsonning podkastida Eronga qarshi urushda ishtirok etish Trampning saylov koalitsiyasini parchalab yuborishi va ma’muriyatni boshqa narsalardan, masalan, noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashdan chalg‘itishi mumkinligini aytdi.

Donald Tramp Oq uyga AQShning qudrati «barcha urushlarni tugatish» imkonini berishi haqidagi bayonotlar bilan qaytgandi. AQSh prezidenti inauguratsiya nutqida «tinchlikparvar» sifatida yodda qolishni istashini aytgandi. Qishdayoq u o‘z oldiga dunyodagi keskinlikning uchta manbayi: Rossiya va Ukraina urushi, Isroilning Hamas bilan urushi va Eronda yadro qurolini ishlab chiqishni hal qilishdek ulkan vazifani qo‘ygandi. Uning prezidentligi boshlanganidan beri to‘rt oydan ko‘proq vaqt ichida Vashington bu yo‘nalishlarning hech birida sezilarli yutuqlarga erishmadi.

«Menimcha, Amerikaning har qanday aralashuvi mintaqada juda, juda yomon oqibatlarga olib keladigan umumiy urushga sabab bo‘ladi», – dedi Eron TIV chorshanba kuni Trampning mulohazalari haqidagi yangiliklardan so‘ng. «AQShning harbiy aralashuvining har qanday shakli oqlab bo‘lmaydigan zarar bilan qarshi olinishi shubhasiz», – dedi Eron oliy rahbari Ali Xominaiy.

Amerikaning nufuzli RAND markazi tahlilchilari fikricha, Isroil harbiy amaliyotining muvaffaqiyati qisqa muddatda Eron tahdidini kamaytirishi mumkin. Uzoq muddatli istiqbolda esa xatarlar faqat yuqori bo‘ladi.

«Vashington bir-biriga zid vazifalar o‘rtasida muvozanat izlashi kerak bo‘ladi – bir tomondan, Tehronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak, boshqa tomondan – AQShni Yaqin Sharqdagi yana bir mojaroga aralashishdan saqlab qolish kerak. Ushbu inqiroz so‘nggi yigirma yil ichida Amerika tashqi siyosatidagi asosiy dilemmalardan birini yana bir bor o‘rtaga chiqardi: bu Vashington resurslarni boshqa yo‘nalishlarga yo‘naltirishga urinayotganda ham Yaqin Sharqdagi tahdidlarga reaksiya ko‘rsatish zarurati», – deydi markaz eksperti Mishel Grize.

Karnegi jamg‘armasining «Yadro siyosati» dasturi hamraisi Jyeyms Ektonning so‘zlariga ko‘ra, AQShning aralashuvi Eronda yadro quroli yaratilishining «uzoq muddatga oldini olishi»ga asos yo‘q. «Buning o‘rniga AQSh Yaqin Sharqda yana bir uzoq davom etadigan va qonli mojaroga aralashib qolishi mumkin», – deya xulosa qiladi ekspert.

Isroilning AQShdan Erondagi amaliyotda ishtirok etishni talab qilishining asosiy sabablaridan biri – yer ostida joylashgan, uranni boyitish ishlari amalga oshiriladigan nuqtalarga zarba bera oladigan qurollari yo‘qligidir. Bunday obektlardan biri Fordo zavodi hisoblanadi – bu Eronning Natanzdagi asosiy zavodidan keyin ahamiyati bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi uranni boyitish zavodi hisoblanadi.

U tog‘ yonbag‘rida qazib qurilgan va qalinligi taxminan 80 metrlik tuproq va turli jinslar qatlami ostida joylashgan.

2023 yil martida Xalqaro atom energetikasi agentligi obektda 83,7 foizgacha boyitilgan uran zarrachalarini aniqlagan – bu deyarli qurol sinfiga to‘g‘ri keladi.

Obektga zarba berish uchun bunkerlarga qarshi maxsus bombalar talab etiladi, unaqasi esa Isroilda yo‘q. Lekin bunday o‘q-dorilar AQShda mavjud.

Muammo shundaki, Fordoning yo‘q qilinishi ham Eron yadro dasturini to‘xtatishini kafolatlamaydi – masalan, nufuzli Bruking instituti tahlilchilari shu haqda yozmoqda. Ekspertlarning baholariga ko‘ra, agar bu laboratoriya va boshqa maydonlar yer yuzidan supurib tashlanganida ham Eron yadro dasturini qayta tiklashi uchun ko‘pi bilan ikki yil yetarli bo‘ladi. Ammo bu holda Tehron o‘z atom ishlanmalarini (va ularning o‘tkazilish joylarini) butunlay maxfiylashtiradi hamda Xalqaro atom energetikasi agentligi nazorati istisno etiladi. Bu esa yadroviy obektlarga qayta va qayta zarba berishda davom etishni taqozo etadi.

Isroilning ko‘plab zarbalari muvaffaqiyatli bo‘lganiga qaramay, ko‘plab tahlilchilar AQSh aralashuvisiz Eronning yadroviy ishlanmalari masalasini hal qilish qiyin bo‘lishini tan olishadi.

«Muammo bugungi kunda aniq hal etilmagan va Eronda yadroviy ishlanmalar sohasida katta sakrash qilishi xavfi hali ham juda yuqori, deb aytish adolatdan bo‘ladi. Ayni paytda, agar hech narsa o‘zgarmasa, Eron yadro dasturining ahvoli o‘sha-o‘sha – yaxshilanish yo‘q», – dedi Kolumbiya universitetining yadroviy qurol bo‘yicha eksperti va AQShning Eron bo‘yicha maxsus elchisining sobiq o‘rinbosari Richard Nefyu.

Isroil rasmiylari operatsiya natijasida Eronda rejim o‘zgarishi mumkinligini ochiq aytmoqda. Amerika rasmiylari hozircha bunday ssenariy haqida ancha aniq fikr bildirmoqda. CNN AQSh allaqachon Eron ishlariga aralashish bo‘yicha muvaffaqiyatsiz tajribaga egaligini eslatadi – bu Islom inqilobi va Eron shohi ag‘darilishiga olib kelgan omillardan biriga aylangandi.

Ammo AQShning harakatsizligi ham muammolar bilan tahdid solmoqda, deb ogohlantiradi WSJ mualliflari. Gazeta AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan tartibsiz olib chiqilishi Jo Baydenning prezidentligiga katta zarba bo‘lgani va Amerika tiyib turish tizimiga putur yetkazganini qayd etadi.

AQShning Isroilga Eron yadroviy dasturini yo‘q qilishda yordam berishdan bosh tortishi Amerika manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin, deya ogohlantiradi WSJ: masalan, buni Xitoy mojaro yuzaga kelgan taqdirda Vashington Tayvanni himoya qilmaydi deb tushunadi.

«Butun dunyo janob Tramp qanday munosabat bildirishini diqqat bilan kuzatmoqda – ayniqsa, bu Moskvadagi va Pekindagilarga tegishli. U yaqin ittifoqchisiga tinchligiga global tahdidni bartaraf etish va AQSh raqiblari „o‘qi“ ishtirokchilaridan birini zaiflashtirishga yordam beradimi? Yoki radikal rejim qo‘lidagi yadro qurolidan ko‘ra kuch ishlatishdan ko‘proq qo‘rqadigan amerikalik tinchlikparvarlarning ovoziga quloq tutadimi?» – deb yozadi gazeta.

Mavzuga oid