"Prezident tashrifi bo‘lishi aniq, lekin vaqti noma’lum" - Britaniya elchisi bilan suhbat
Kun.uz Buyuk Britaniya elchisi Timoti Smart bilan suhbatlashdi. Diplomatga ko‘ra, O‘zbekistonning eng katta yutuqlaridan biri – kambag‘allar sonini qisqartirgani bo‘ldi. Biroq uzoq yillar davlat iqtisodni boshqargan, hukumatga tanbeh berib bo‘lmasdi. Biz O‘zbekistonning katta davlatlar ta’siriga tushib qolishini istamaymiz, deydi elchi.

Timoti Smart Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi sifatida 2023 yilning avgustidan ish boshlagan. Kun.uz bilan suhbatlashgan diplomat respublikadagi siyosat xususida o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi. Avvalo, Buyuk Britaniya tashqi siyosatida Markaziy Osiyoning roli muhimligini aytdi. O‘zbekistondagi o‘zgarishlardan Buyuk Britaniya hukumati va inglizlar xabardor ekanini qo‘shimcha qildi. Sizning demokratik tizimingiz yaratilganiga aslida endi 8 yil bo‘ldi, dedi elchi.
“Ko‘plab ijobiy ko‘rsatkichlar bor, ammo men uchun eng ta’sirlilaridan biri — kambag‘allik darajasining 2016 yilda 30 foizdan yuqori bo‘lib, bugun esa 10 foizdan kamaygani. Hozirda taxminan 7–8 foiz, yaqin kelajakda 5 foizgacha tushishi kutilyapti. Bu 3 milliondan ortiq inson kambag‘allikdan chiqqani degani. Bu har qanday davlat uchun faxrli natija va biz bu jarayonni qo‘llab-quvvatlaymiz” – Timoti Smart, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi
Iqtisodiyotda davlat ishtirokining ustunligi va yopiq model samarasizlikka sabab bo‘ldi. Elchining fikricha, birinchi ma’muriyat davrida davlatga tanbeh berish yoki hukumatga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish noto‘g‘ri sanalgan. Aslida rivojlanish va islohotlarni xalq va hukumat doimiy muloqotda bo‘lib muhokama qilishi kerak. Ayniqsa, korrupsiya borasida davlat nima bilan band ekanini xalq bilib turishi lozim.
Britaniyalik diplomatga ko‘ra, ikki tomon ham oliy darajadagi tashrif uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda. O‘zbekiston prezidenti Yevropaning Fransiya, Germaniya, Italiya, Vengriya, Sloveniya va Slovakiya davlatlarida bo‘ldi. Biroq mintaqaning asosiy iqtisodiy kuchlaridan sanalgan Buyuk Britaniyaga hali safar qilinmagan. Elchiga ko‘ra, bu tashrif shunchaki ramziy ahamiyatga ega bo‘lmay, ikki xalqqa manfaat keltirishi kerak.
“Ha, hozircha rasmiy tashrif amalga oshirilmadi. Lekin men prezidentning Buyuk Britaniyaga tashrif buyurishini juda istardim. Hukumatimiz ham buni istaydi. Buyuk Britaniyadagi eng yuqori darajadagi rahbarlar mendan so‘rashadi: “O‘zbekiston hukumatidan asosiy so‘rov nima?” deb. Javobimiz aniq — prezidentning tashrifi. Bunday istakni ancha ochiq va yaqqol eshitdik. Hozircha barcha ma’lumotlarni ochiq ayta olmayman, ammo so‘nggi yuqori darajadagi vazirlik muzokaralarida aynan shu masala faol muhokama qilindi. Ushbu tashrifni foydaga aylantirish uchun qanday aniq natijalarga erishish mumkin — aynan shularni muhokama qilyapmiz” - Timoti Smart, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi
Markaziy Osiyo dunyoning gigant davlatlari bilan diplomatiy va siyosiy formatlariga ega bo‘la borib, muloqotni kuchaytirmoqda. Masalan, oxirgisi Ostonada Xitoy raisi bilan “Markaziy Osiyo–Xitoy” sammiti, undan oldin esa Italiya bosh vaziri mintaqa liderlari bilan ko‘rishgandi. Xo‘sh, Buyuk Britaniya ham o‘z formatiga intiladimi?
“Qisqa javob — ha. Avvalo vazirlar darajasida, so‘ngra yetakchilar darajasida bunday muloqot yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Biz hozirda bunday imkoniyatlarni faol o‘rganmoqdamiz. Britaniya tashqi ishlar vaziri va O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Saidov joriy yilning oxirida “S5 + Britaniya” formatida tashqi ishlar vazirlari uchrashuvini o‘tkazish masalasini muhokama qilgan. Bizga buni amalga oshirish vazifasi yuklatilgan va shubhasiz, bu sammitni ko‘rishingiz kerak — chunki biz buni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz” - Timoti Smart, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi
Elchining qo‘shimcha qilishicha, tashqaridan kelib biror kuch O‘zbekistonga nima qilishini o‘rgatmasligi kerak. Tashqi siyosat nuqtai nazaridan O‘zbekistonning mustaqilligi, xavfsizligi a hududiy yaxlitligi — Britaniya uchun Markaziy Osiyodagi asosiy prioritetlardan. Sizning mustaqilligingiz — BMT Xartiyasida belgilab qo‘yilganidek — himoya qilinishi kerak. Hech bir davlat kuch ishlatib boshqasining hududini bosib olmasligi shart. Bu — zo‘ravonlarning harakati va biz bunga qat’iy qarshi chiqamiz, deydi elchi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, yirik harbiy kuchga ega davlatlar bir tomonlama yer olishni o‘zlariga ep ko‘rayotgan vaziyatlar – tahdid. Bu — BMT Xartiyasiga butunlay zid va mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat.
“Biz sizning hech bir geosiyosiy ta’sir doirasiga tushishingizni istamaymiz va bu pozitsiyangizni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Siz mustaqil mamlakatsiz. Agar kimdir O‘zbekistonni shaxmat taxtasidagi figura sifatida ko‘rayotgan bo‘lsa, biz bunga qarshi chiqamiz” - Timoti Smart, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi
Elchi media, jurnalistika va jamoatchilik fikri bilan bog‘liq vaziyatga ham to‘xtaldi. Diplomatga ko‘ra, hukumat matbuot va blogerlar tanqidlariga ko‘nikishi, ularni qabul qilishi kerak. Chunki bu bilan rasmiylar mavjud muammolar haqida avvalroq xabar topadi va bunga qarshi kurashadi.
“Bu muammolarni odamlar ko‘chaga chiqishidan avval bilish degani”, deydi Timoti Smart.
Suhbatni Kun.uzʼning YouTubeʼdagi sahifasida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi.
Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.
Mavzuga oid

19:16 / 16.06.2025
Britaniyaning tashqi razvedkasiga tarixda birinchi marta ayol kishi rahbar bo‘ladi

20:21 / 12.06.2025
O‘zbekistonning Maldiv Respublikasidagi birinchi elchisi tayinlandi

21:38 / 10.06.2025
Britaniya falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlik uchun Isroilning ikki vaziriga qarshi sanksiyalar joriy etdi

00:07 / 10.06.2025