Ukraina dronlari Rossiyaga zarba berish uchun Qozog‘iston uzra uchgani ma’lum qilindi
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi buni qoraladi va «barcha mas’ul hukumatlar va tegishli xalqaro tuzilmalarni» ushbu «provokatsiyalar»ga javob berishga chaqirdi.

Foto: RIA Novosti/Natalya Seliverstova
Rossiya Ukrainaning Qozog‘iston havo hududidan Rossiya hududidagi obektlarga zarba berish uchun foydalanayotganini qoralaydi. Bu haqda Rossiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova ma’lum qildi. Uning so‘zlaridan RBK iqtibos keltirdi.
«19 va 20 iyun kunlari Qozog‘iston Respublikasining G‘arbiy Qozog‘iston viloyati hududi uzra uchib o‘tgan Ukrainaning bir necha o‘nlab dronlari ehtimol Rossiya hududidagi obektlarga zarba berishni maqsad qilgan. Biz ittifoqchi va KXShT (Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti) a’zosi bo‘lgan davlatga qarshi bunday harakatlarni keskin qoralaymiz», dedi u.
Zaxarova «barcha mas’ul hukumatlar va tegishli xalqaro tuzilmalarni» ushbu «provokatsiyalar»ga javob berishga chaqirdi.
Qozog‘iston o‘z hududida noma’lum dronlar topilgani haqida bir necha bor ma’lum qilgan. Orda.kz yozganidek, fevral oyidan beri G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida (ma’muriy markazi Uralsk shahri, Rossiyaning Astraxan, Samara, Saratov, Volgograd va Orenburg viloyatlari bilan chegaradosh) hududidan dron yoki uning qismlari besh marta topilgan. Nashr 19 iyun kuni ham dron Mang‘istau viloyatida (poytaxti – Aqtau shahri, uning Rossiya bilan quruqlikdagi chegarasi yo‘q) topilgani haqida xabar berdi va uning suratini e’lon qildi. Harbiy tahlilchi Aleksandr Zimovskiyning RBK nashriga aytishicha, suratda Ukrainaning «Morok» droni tasvirlangan. U 800 km masofani bosib o‘tadi va 30 kg portlovchi moddani tashiydi.
19-20 iyun kunlari Rossiya Mudofaa vazirligi Astraxan (kamida 9 ta) va Volgograd viloyatlarida (10 ta) dronlar urib tushirilgani haqida xabar berdi.
Mavzuga oid

22:13 / 21.06.2025
Rossiya budjeti 2024 yilda migrantlarning patentidan 1,5 mlrd dollar ishladi

21:16 / 21.06.2025
Putin: Kiyev anneksiya qilingan hududlarni Rossiyaga tegishli deb tan olishdan bosh tortishi yangi urushga olib kelishi mumkin

19:04 / 21.06.2025
«Aeroflot» Moskvadan Samarqandga muntazam parvozlarni tiklaydi

14:23 / 21.06.2025