Jahon | 21:07 / 22.06.2025
4566
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil armiyasi Eronning 4 ta tumanidagi harbiy obektlarga hujum qildi

Hujumga uchragan nishonlar orasida Yazdda joylashgan «Imom Husayn» qo‘mondonlik markazi ham bo‘lib, u yerda uzoq masofaga mo‘ljallangan raketalar saqlanadi.

Foto: Videodan kadr

Isroil Mudofaa armiyasi Eron harbiy infratuzilmasiga hujumlarni davom ettirmoqda. 22 iyun kuni Isroil harbiylari Isfahon, Bushehr, Ahvoz, shuningdek, birinchi marta Yazddagi raketa va uchuvchisiz boshqariladigan uchish qurilmalariga zarbalar berdi.

Qayd etilishicha, Isroil Harbiy-havo kuchlarining 30 ga yaqin qiruvchisi 60 dan ortiq snaryadlar uchirib, butun Eron bo‘ylab joylashgan o‘nlab harbiy nishonlarga hujumlar uyushtirgan. Hujumga uchragan nishonlar orasida Yazdda joylashgan «Imom Husayn» qo‘mondonlik markazi ham bo‘lib, u yerda uzoq masofaga mo‘ljallangan «Horramshahr» raketalari saqlanadi. Ta’kidlanishicha, Eron harbiylari oldinroq ushbu qo‘mondonlik markazidan Isroilga 60 ga yaqin raketa uchirgan.

Parallel ravishda Isfahon, Bushehr va Ahvoz shaharlarida joylashgan raketa uchirish qurilmalari, havo hujumidan mudofaa batareyalarini ishlab chiqarishda ishtirok etuvchi harbiy obektlar, qo‘mondonlik markazi hamda dron omborlariga zarbalar yo‘naltirilgan.

Isroil Mudofaa armiyasi 13 iyun kechasi Eronga qarshi urushga kirishib, mamlakat hududidagi harbiy va yadroviy obektlarga hujum qildi. Tehron raketa zarbalari bilan Isroilga javob qaytardi. 22 iyunga o‘tar kechasi AQSh ham urushga qo‘shilib, Eronning muhim uchta yadroviy obektiga zarba berdi. AQSh hujumidan keyin Eron yakshanba kuni Isroilga yana 30 ga yaqin raketa uchirdi. Ular Tel-Aviv, Nes-Tsion va Hayfadagi turar joy hududlariga tushgani, shuningdek, o‘nlab odamlar jarohat olgani ma’lum qilindi.

Mavzuga oid