Milliarder Maykl Linchning cho‘kib ketgan superyaxtasi suv tubidan olib chiqildi
Qiymati 35 mln yevro turadigan 56 metrli Bayesian yaxtasi cho‘kkanidan o‘n oy o‘tib, suv tubidan olib chiqildi. Yaxta cho‘kishi oqibatida Linch va uning 18 yoshli qizi ham halok bo‘lgan edi.

Foto: AP
Italiyada 10 oy oldin Sitsiliya sohillarida cho‘kib ketgan Bayesian superyaxtasi suv tubidan olib chiqildi, deb xabar beradi Associated Press.
Qayd etilishicha, ikki daqiqa ichida cho‘kib ketgan kemani suv tubidan chiqarib olish operatsiyasi uch kun davom etgan. 22 iyun, yakshanba kuni yaxtani Sitsiliyadagi Termini-Imereze portiga yetkazish rejalashtirilgan. U yerda tergovchilar avariya sabablarni aniqlash bilan shug‘ullanadi.
Britaniyalik milliarder Maykl Linchga tegishli bo‘lgan yaxta 2024 yil 19 avgust kuni halokatga uchragan edi. O‘sha vaqtda uning bortida 22 kishi bo‘lgan. Halok bo‘lganlar orasida Maykl Linch, uning 18 yoshli qizi Xanna va Morgan Stanley International raisi Jonatan Blumer ham bor. Yaxta qirg‘oqdan taxminan 800 metr uzoqlikda bo‘lgan.
Qiymati 35 million yevro turadigan 56 metrli Bayesian yaxta ichida Buyuk Britaniyada texnologiya sohasidagi eng muvaffaqiyatli tadbirkorlardan biri Maykl Linch ham bo‘lgan. Linchni «britaniyalik Bill Geyts» deb atashardi. U Buyuk Britaniyadagi eng yirik dasturiy ta’minotlardan biri Autonomy’ni yaratib, 2011 yilda 11 milliard dollarga HP kompaniyasiga sotishga uringan. Ammo Amerika texnologik giganti uni firibgarlikda ayblaganidan keyin bitim barbod bo‘lgan. Iyun oyida u San-Fransisko sudi tomonidan barcha ayblovlardan oqlangan edi.
Kemaning ekipajining uch nafar a’zosi mas’uliyatsizlik, ehtiyotsizlik va kemani yaqinlashib kelayotgan bo‘rondan qutqarish qobiliyatiga ega bo‘lmaganlikda ayblanmoqda. Prokuratura versiyasiga ko‘ra, ular Bayesian suvga to‘layotganini anglamagan, favqulodda holatni bartaraf etish choralarini ko‘rmagan va yo‘lovchilarni xavfdan ogohlantirmagan.
Mavzuga oid

18:29 / 30.04.2025
Italiyada milliarder Maykl Linchning cho‘kib ketgan superyaxtasi suv tubidan olib chiqiladi

16:57 / 01.01.2025
Sitsiliya va Italiya o‘rtasida ko‘prik quriladi

23:44 / 21.09.2024
CNN: Sitsiliyada cho‘kib ketgan yaxtada muhim maxfiy ma’lumotlar bo‘lgan

11:20 / 09.09.2024