Jahon | 12:08
2956
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh vitse-prezidenti Vens: Biz Eron bilan urishayotganimiz yo‘q

Amerika Eron bilan emas, balki yadro dasturi bilan urishmoqda, dedi Jyey Di Vens. AQSh vitse-prezidenti Eronning hujumga uchragan yadroviy inshootlari to‘liq vayron qilingani yoki yo‘q qilingani borasida aniq javob bermadi.

Foto: ABC News

AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens Amerikaning Eronga zarbalarini izohlar ekan, Vashington Tehron bilan emas, balki uning yadro dasturi bilan urishayotganini aytdi. Bu haqda u 22 iyun, yakshanba kuni NBC telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Biz Eron bilan urishayotganimiz yo‘q. Eron yadro dasturi bilan urush holatidamiz», — deydi Vens. Unga ko‘ra, AQSh zarbalari «Eron yadro dasturini yo‘q qildi». «O‘ylaymanki, biz uni sezilarli darajada ortga qaytardik», deya qo‘shimcha qildi vitse-prezident.

Shu bilan birga, NBC ta’kidlaganidek, Vens Eronning yadroviy inshootlari to‘liq vayron bo‘lganini 100 foiz ishonch bilan tasdiqlashdan bosh tortdi, buning o‘rniga, AQSh Eronning yadro qurolini yaratish qobiliyatini «sezilarli darajada kechiktirganini» ta’kidladi.

«Men Eronda ko‘rganlarimiz haqidagi maxfiy razvedka ma’lumotlarini keltirmoqchi emasman. Lekin biz ko‘p narsani ko‘rdik va ularning yadro qurolini yaratishini sezilarli darajada kechiktirganimizga to‘liq ishonaman, bu hujumdan maqsad shu edi», — deya boshlovchining AQSh ma’muriyati Eron yadro inshootlari to‘liq vayron qilinganiga 100 foiz ishonchi komilmi, degan savoliga Vens shunday javob berdi.

ABC telekanaliga bergan alohida intervyusida Vens Eronning Fordodagi eng mustahkam yadroviy inshooti vayron bo‘lganmi yoki shunchaki shikastlanganmi, aniq aytmadi. «U jiddiy shikastlanganmi yoki vayron bo‘lganmi, farq nima ekanligini to‘liq bilmayman», dedi Vens va AQSh Eronning yadroviy dasturini «sezilarli darajada ortga surganini» yana bir bor ta’kidladi.

Ayni paytda AQSh prezidenti Donald Tramp zarbalardan so‘ng bergan bayonotida «Eronning uranni boyitish bo‘yicha asosiy inshootlari to‘liq va butunlay yo‘q qilingan», deb aytdi. Mudofaa vaziri Pit Hegset 22 iyun kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «Eronning yadroviy ambitsiyalari» yo‘q qilinganini ta’kidladi. Xuddi shu brifingda shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Den Keyn jangovar harakatlar natijasida yetkazilgan yakuniy zararni baholash «biroz vaqt olishini» bildirdi.

Eron rasmiylari AQSh zarbalaridan so‘ng bir muddat avval AQSh hujum qilgan uchta yadroviy obektni – Fordou, Natanz va Isfaxonni evakuatsiya qilganini ta’kidladi. «Boyitilgan uran zaxiralari yadro markazlaridan olib chiqib ketildi va u yerda, agar nishonga olingan bo‘lsa, radiatsiya keltirib chiqarishi va vatandoshlarimizga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan materiallar qolmagan», — dedi Eron davlat teleradiokompaniyasi rahbari o‘rinbosari Hasan Abedini.

Eron parlamenti raisi maslahatchisi Mehdi Muhammadiyning aytishicha, Eron Fordoga hujum qilinishini kutgan, shuning uchun «obekt ancha vaqt oldin evakuatsiya qilingan, yetkazilgan zarar juda katta emas».

Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, GBU-57 bunkerga qarshi bombalari Fordo obektiga tashlangan. Zarbalar oqibatlarini Planet Labs kompaniyasining sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida ko‘rish mumkin: tunnellarga kirish qismlari vayron qilingan va obekt ustidagi tuproq rangi o‘zgargan. Mutaxassislar obekt yana qanday zarar ko‘rganini hozircha ayta olmayapti, deya xabar beradi tasvirlarni tahlil qilgan AP agentligi.

Mavzuga oid