Fan-texnika | 17:38
3696
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar yangi qon guruhini rasman tan oldi

U Yer yuzida faqat bir odamda bor.

Foto: Getty images

Fransiya qon quyish markazi (EFS) 48-qon guruhi tizimining kashf etilganini e’lon qildi. Uning egasi Karib dengizidagi Gvadelupa orolidan kelgan va Parijda yashovchi ayol bo‘ldi. Yangi qon guruhi Gwada negative deb ataldi - bemorning vataniga ishora qilinib. Ushbu kashfiyot 2025 yil iyun oyida Milanda bo‘lib o‘tgan konferensiyada Xalqaro qon quyish jamiyati (ISBT) tomonidan rasman tan olindi.

Kamdan-kam uchraydigan holat birinchi marta 15 yil burun, operatsiyadan oldingi standart testlar paytida 54 yoshli bemorda ilgari noma’lum antitana aniqlanganda qayd etilgan. Faqat 2019 yilda olimlar uning tabiatini - noyob genetik mutatsiyani - yuqori samarali DNK sekvensiyasi yordamida aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Biroq, kashfiyot endi xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi va qon guruhlari jahon reyestriga kiritildi.

EFS tibbiy biologi Tiyeri Peyrar so‘zlariga ko‘ra, ayol bu qon guruhini ota-onasidan meros qilib olgan, ularning har biri mutatsiyaga uchragan gen tashuvchisi edi. Olimning ta’kidlashicha, bemor bunday qon guruhiga ega bo‘lgan yagona shaxs va donor sifatida faqat o‘ziga mos keladi.

Endi tadqiqotchilar g‘ayrian’anaviy qon guruhlari bo‘lgan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida ushbu noyob turdagi boshqa odamlarni topishga umid qilmoqda. EFS ma’lumotlariga ko‘ra, zamonaviy DNK tahlil usullari yangi tizimlarning kashf etilishini tezlashtirdi, bu kamdan-kam holatlar uchun donorlarni topishga ko‘proq imkoniyat beradi.

Mavzuga oid