Jahon | 20:46 / 24.06.2025
2669
3 daqiqa o‘qiladi

Armaniston bosh vaziri Pashinyan davlat to‘ntarishiga urinish bo‘lganini e’lon qildi

Fitnachilar ro‘yxatida sobiq prezidentlar, taniqli siyosatchi va tadbirkorlar borligi ta’kidlanmoqda.

Foto: primeminister.am

Armanistonning Civic nashri muxolifat tomonidan Armanistonning amaldagi hukumatiga qarshi «to‘ntarish rejasi» tayyorlanganini ma’lum qildi.

Nashrga havola darhol bosh vazir Nikol Pashinyanning Facebook sahifasida paydo bo‘ldi.

«Bu jarayon tarixga «ablahlarning muvaffaqiyatsiz davlat to‘ntarishi» sifatida kiradi», deb izoh berdi bosh vazir.

Civic nashrining ta’kidlashicha, «muxolifatdagi ishonchli manbalardan» olingan hujjatda bosqichma-bosqich harakatlar rejasi, ishtirokchilar va fitnachilar ixtiyoridagi resurslar ro‘yxati keltirilgan.

Civic «To‘ntarish strategiyasi» nomli yetti sahifalik noma’lum hujjatning skanerlarini nashr etdi. U «Maqsad Nikol Pashinyan rejimini ag‘darish» so‘zlari bilan boshlangan. Shuningdek, hokimiyatni xalq, cherkov va boshqa tuzilmalarga o‘tkazish jarayoni 23 iyuldan boshlanishi kerakligi ta’kidlanadi.

«Kadrlar» bo‘limida bir qator siyosiy va jamoat arboblari: Armanistonning sobiq prezidentlari Robert Kocharyan va Serj Sargsyan, «Vatan uchun Tovush» harakati yetakchisi Bagrat Srbazan, yaqinda hibsga olingan rossiyalik milliarder Samvel Karapetyan, «Obod Armaniston» partiyasi asoschisi, millioner Gagik Tsarukyan, shuningdek, «Rossiya temir yo‘llari»ga qarashli «Gazprom Armaniston» va «Janubiy Kavkaz temir yo‘li» kompaniyalari bor.

Civic boshqa tafsilotlarni keltirmadi, ularni keyinroq nashr etishga va’da berdi.

May oyi oxirida Pashinyan Arman Apostol cherkovi (AACh) rahbari Garegin II shaxsiga qarshi kampaniyani kuchaytirib, uni turmush qurmaslik haqidagi va’dasini buzganlikda aybladi. Bosh vazir katolikosdan o‘z lavozimini tark etishni talab qildi va yangi saylov tashkil etishga urinmoqda. 18 iyun kuni Rossiyaning «Tashir» kompaniyalar guruhi egasi, AACh homiylaridan biri Samvel Karapetyan Yerevanda hokimiyatni egallab olishga chaqirishda ayblanib, hibsga olindi.

Mavzuga oid