Jahon | 23:03 / 24.06.2025
5668
2 daqiqa o‘qiladi

Bortida 3 mingta avtomobil bo‘lgan kema Tinch okeanida cho‘kib ketdi

Iyun boshlarida ushbu kemada yong‘in chiqqandi. O‘tgan haftalar davomida uni o‘chirishning imkoni bo‘lmadi.

Foto: United States Coast Guard

Iyun boshlarida 3 mingga yaqin avtomobilni olib ketayotgan Morning Midas yuk tashuvchi kemasida yong‘in chiqqani to‘g‘risida xabar berilgandi. The Wall Street Journal’ning yozishicha, kema bugun, 24 iyun kuni cho‘kib ketgan.

Qayd etilishicha, kema Alyaskadan 480 kilometr uzoqlikdan suzib o‘tayotganida, uning bortida yong‘in chiqqan. «Ekipaj alangani o‘chirish choralarini ko‘rdi, ammo vaziyatni nazorat ostiga olib bo‘lmaydi», — deyiladi Zodiac Maritime boshqaruv kompaniyasi bayonotida.

AQSh sohilni qo‘riqlash xizmati 22 nafar dengizchini yaqin atrofdan suzib o‘tayotgan savdo kemasiga evakuatsiya qilgan.

Kompaniyadagilarga ko‘ra, o‘tgan haftalar davomida ham olovni o‘chirishning imkoni bo‘lmagan, chunki uning bortida 800 ga yaqin elektromobil, ularda esa litiy-ionli akkumulyatorlar bo‘lgan. Bu turdagi akkumulyatorlar yonganda juda ko‘p issiqlik ajratadi va hatto o‘chirilganidan keyin ham qayta yonishi mumkin.

Yong‘in va yomon ob-havo sharoitlari sabab kema bugun cho‘kib ketgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, kema bortida Meksika bozori uchun mo‘ljallangan Xitoy avtomobillari bo‘lgan.

Mavzuga oid