Jahon | 19:30 / 24.06.2025
10665
10 daqiqa o‘qiladi

Eronning amaldagi siyosiy tizimi. U qanday paydo bo‘lgandi?

1979 yilgi inqilobidan so‘ng Eron monarxiyadan islomiy respublika tuzumiga o‘tdi. Bu yangi tizim o‘ziga xos tarzda demokratik institutlarni diniy rahbariyat nazorati bilan uyg‘unlashtirdi. AQSh va Isroil nima uchun uni qulatishni xohlayapti?

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Eron va Isroil o‘rtasidagi keskinlik kuchaygandan kuchayib boryapti. Har ikkala tomon ham bir-birlarini ayovsiz bombaladi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu asosiy maqsadi – Eron yadroviy salohiyatini yakson etish ekanini aytgandi. Ammo keyingi bayonotlarida islom inqilobi rejimini o‘zgartirishdek kengroq niyati borligiga ishora qildi.

AQSh prezidenti Donald Tramp ham Eronda rejim o‘zgarishi mumkinligini istisno etmayapti. «Agar hozirgi Eron rejimi Eronni buyuk qilishga qodir bo‘lmasa, rejim o‘zgarishi kerak emasmi?» - deya yozdi u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Xo‘sh, rasmiy Tehronning amaldagi siyosiy tizimi qanday paydo bo‘lgandi va Isroil nima uchun uni qulatishni xohlayapti?

Erondagi shoh hokimiyati

Eronda 1925 yilda Qojarlar sulolasining qariyb 130 yillik hukmronligiga chek qo‘yilib, hokimiyatga Pahlaviylar keldi. Rizoxon o‘zini Eron shohi deb e’lon qiladi. 1941 yil Rizo Pahlaviy Buyuk Britaniya va SSSR harbiylarini Eronga joylashtirishga rozi bo‘lmaydi, ammo ular baribir o‘z maqsadiga erishadi. Ushbu voqealar fonida u taxtdan voz kechib xorijga qochishga majbur bo‘ladi. O‘rniga o‘g‘li, 21 yoshli Muhammad Rizo Pahlaviy hokimiyatga keladi.

Uning boshqaruvi davrida Eron o‘zining asriy an’analaridan voz kechib, dunyoviy davlatga aylana boshlaydi. Mamlakatda nafaqat G‘arb bayramlari, balki islom dini kelishidan avval mavjud bo‘lgan bayramlar ham nishonlana boshlaydi. Kichik Pahlaviy AQShning tashqi siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. O‘sha paytlarda butun islom olami Isroil-Falastin mojarosida Isroil tomonida turgani uchun AQShni qoralayotgan vaqtda u AQShning Yaqin Sharq masalasida yuritgan bir tomonlama siyosatiga xayrixohlik bildiradi. Bu esa eronliklarning ko‘pchiligiga yoqmaydi. Shu tariqa, Eronda shoh Pahlaviyning «radikal g‘arblashtirish” siyosatiga qarshilar soni tobora o‘sib boradi.

Shu tariqa shoh hukmronligi yillarida Eron jamiyatida kuchli siyosiy muxolifat shakllandi. Bunda dindorlar asosiy rolni o‘ynadi. Shoh esa muxolifat vakillarini qattiqqo‘llik bilan ta’qib qilishda davom etdi.

Diniy muxoliflar liderlaridan biri Oyatulloh Humayniy shoh hokimiyatini mustabid tuzum deb e’lon qildi. 1964 yilda Humayniy hibsga olindi va surgun qilindi, natijada uning tarafdorlari norozilik aksiyalarini kuchaytirib bordi. Shoh bunga qattiqqo‘llik bilan javob berdi. Namoyishchilar hibsga olindi, bir qismi otib tashlandi.

Humayniy muhojirlikda yurganida ham shoh tuzumiga qarshi faol targ‘ibot olib boradi. Shuningdek, keyinchalik mamlakatda Islom respublikasi tuzilganda foydalanilgan davlatchilik asoslarini tuzadi, kitoblar yozadi, ma’ruzalar qiladi. Shu tariqa Rohulloh Eronda aql bovar qilmas darajada katta obro‘ga ega bo‘la boshlaydi.

Islom inqilobi

1971 yilda Eron shohligining 2500 yilligi katta dabdaba bilan nishonlanadi. Bu vaqtda mamlakatning bir necha viloyatida ochlik hukm surar, odamlar o‘ta nochor hayot kechirardi. 1973 yil neft narxi arzonlashishi vaziyatni yanada og‘irlashtiradi.

Pahlaviy esa o‘z ishlari bilan hammani ajablantirishda va g‘azablantirishda davom etaveradi. Masalan, u 1976 yilda an’anaviy Eron taqvimi o‘rniga shoh Kir II’ning taxtga o‘tirgan kunidan boshlab yil hisoblanadigan taqvim joriy qiladi. Bundan Eron aholisi nihoyatda norozi bo‘ladi. Bundan tashqari, shoh “oq inqilob” davrida qator islohotlar o‘tkazish haqidagi va’dalarini bajarmadi.

1978 yil yanvar oyida Qum shahridagi namoyishi vaqtida politsiya tomonidan ikki nafar talaba o‘ldiriladi. Qum - aholisi uzoq yillik an’analarga qattiq amal qiladigan Ruhulloh Humayniyning ona shahri edi. Talabalar o‘limidan so‘ng shahar aholisi shoh tuzumiga qarshi oyoqqa turadi. Fevralda yana bir yirik shahar Tabriz aholisi bosh ko‘tardi. Martga kelib Erondagi barcha shaharlarda keng ko‘lamli namoyishlar boshlanib ketadi. Shoh mamlakatda harbiy holat joriy etib, namoyish o‘tkazishni taqiqlaydi, ammo xalq nazorat qilib bo‘lmas darajaga yetib bo‘lgandi. Tehron ko‘chalariga 2 million odam Pahlaviyning iste’fosini talab qilib, namoyishga chiqdi.

1979 yil 16 yanvar kuni shoh Muhammad Rizo Pahlaviy hokimiyatni bosh vazir Shopur Baxtiyorga qoldirib Erondan qochib ketdi. Shoh qochganini eshitgan odamlar butun mamlakat bo‘ylab ko‘chalarda uning suratlarini oshkora yoqadi. 1979 yil 1 fevralda oyatulloh 15 yillik qochqinlikdan so‘ng Eronga qaytadi. Mamlakatda fuqarolar urushi boshlanib ketadi. Ikki o‘rtada bo‘lib o‘tgan qurolli to‘qnashuvlarda Humayniy tarafdorlari ustun keladi. Shu tariqa, inqilobchilar Eronni batamom egallaydi. Mamlakatda referendum o‘tkaziladi va ko‘pchilikning ovozi bilan mamlakat Eron Islom respublikasi deb e’lon qilinadi.

Inqilob amalga oshib, Eronda tuzum o‘zgarganidan keyin aksariyat shoh tuzumini qo‘llaganlar, g‘arbona hayot tarzini yoqtiradiganlar va xorijliklar mamlakatni tark etadi. Erondagi xorij kompaniyalariga tegishli zavod va fabrikalar milliylashtiriladi. Bu esa G‘arb davlatlari bilan munosabatlarni sovuqlashtirdi.

Eronning amaldagi siyosiy tizimi

Eron 1979 yilgi inqilobidan so‘ng monarxiyadan islomiy respublika tuzumiga o‘tdi. Bu yangi tizim o‘ziga xos tarzda demokratik institutlarni diniy rahbariyat nazorati bilan uyg‘unlashtirdi. Mamlakatda prezident va parlament xalq tomonidan saylansa-da, yakunda davlat siyosatini belgilovchi eng oliy hokimiyat diniy rahbar – Oyatulloh tomonidan nazorat qilinadi.

Ruhulloh Humayniy inqilobdan so‘ng ilk Oliy rahbar sifatida 1989 yilgacha mamlakatni boshqardi. Uning vafotidan keyin Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, Bosh vazir lavozimi bekor qilindi. Oliy hokimiyatga Ali Xominaiy keldi va u 36 yildan beri Eronni boshqarib kelyapti. Prezidentlikka nomzodlar ham oliy rahnamo tasdig‘idan o‘tishi kerak. Xususan, Xominaiy davrida mamlakatda 6 ta prezident almashdi. Bular: Ali Akbar Xoshimiy Rafsanjoniy, Muhammad Xotamiy, Mahmud Ahmadiy Najot, Hasan Ruhoniy, Ibrohim Raisiy va Mas’ud Pizishkiyon.

Oliy rahnamo qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni ham hisoblanib, ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish va tasdiqlash vakolatlariga ega. Shuningdek, qonunlarning to‘g‘ri tatbiq etilishini nazorat qiladi va unda veto huquqi ham mavjud.

Oyatullohning lavozim muddati Konstitutsiyada aniq cheklanmagan. U umrbod yoki o‘z lavozimini eplay olmagan holatga qadar ishlashi mumkin. Faqatgina Ekspertlar kengashi Oliy rahbar o‘z burchlarini bajara olmasa yoki Konstitutsiyadagi talablar bo‘yicha qobiliyatini yo‘qotsa, uni vazifasidan ozod etish vakolatiga ega. Bu kengash Eron siyosiy tizimidagi muhim organ bo‘lib, u har 8 yilda xalq tomonidan saylanadigan 80 dan ortiq obro‘li ulamolardan iborat bo‘ladi. Eron tarixida biror marta Ekspertlar kengashida Oyatullohni lavozimidan olish masalasini kun tartibiga olib chiqmagan yoki u tomonidan qilingan qarorlarga jiddiy e’tiroz bildirmagan.

Nega Isroil Erondagi siyosiy tizimni o‘zgartirmoqchi?

Isroil Eronning amaldagi teokratik tuzumini o‘z milliy xavfsizligiga eng katta tahdid sifatida ko‘radi. Rasmiy Tehron yadro qurollari ishlab chiqarish bo‘yicha ish olib borayotgani va uni ballistik raketalarga aylantirishiga bo‘lgan ishonchini ta’kidlab keladi. Isroil Eron tomoni yadro dasturini muvaffaqiyatli yakunlasa, uni ularga qarshi ishlatishidan qo‘rqadi. Shuningdek, Eron Yaqin Sharq bo‘ylab bir nechta guruhdan iborat kuchli koalitsiya shakllantirgan. «Hizbulloh», HAMAS, Iroqdagi Hashd ash-Shaabi va Yaman husiychilarini o‘z ichiga oluvchi ittifoqchilar tarmog‘ini moliyaviy va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab keladi. Yillar davomida ushbu guruhlar va Isroil o‘rtasida turli to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi.

Ayni paytda davom etayotgan to‘qnashuvlar boshlangan paytda Isroil razvedkasi Eronning xavfsizlik tizimlariga sezilarli darajada kirib borib, maxfiy dron hujumlarini mamlakat hududining o‘zidan amalga oshirdi. Bu kabi maxfiy hujumlar Eron rejimini o‘z fuqarolari oldida zaif va himoyasiz qilib ko‘rsatib, uning barqarorligiga putur yetkazadi. Isroilning maqsadi Erondagi siyosiy tizimni o‘zgartirib, g‘arbparast yoki betaraf hokimiyat kelishiga erishish yoki mamlakatda ichki urush boshlash. Ko‘pchilik Iroq va Liviyada kuchli markazlashgan hukumat ag‘darilganda nimalar bo‘lganini hali yoddan chiqarmagan.

Mavzuga oid