Jahon | 18:29 / 24.06.2025
1312
2 daqiqa o‘qiladi

Gretsiyaning Xios orolini o‘rmon yong‘inlari qamrab oldi - fotolar

Mahalliy hukumat favqulodda holat e’lon qildi. Yuzlab o‘t o‘chiruvchilar va sakkizta maxsus samolyot yordamida o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurash olib borilmoqda.

Foto: EPA/TASS

Gretsiyaning Xios orolida uch kundan beri o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish bo‘yicha keng ko‘lamli operatsiya olib borilmoqda. Mahalliy hukumat favqulodda holat e’lon qildi, yuzlab o‘t o‘chiruvchilar alanga tarqalishiga qarshi uzluksiz kurashyapti.

Foto: EPA/TASS

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rmon yong‘inlarini o‘chirishga 444 nafar o‘t o‘chiruvchi jalb etilgan. Sakkizta maxsus samolyot havodan qo‘llab-quvvatlovni amalga oshirmoqda. Ko‘rilayotgan sa’y-harakatlarga qaramay, vaziyat og‘irligicha qolmoqda.

Foto: EPA/TASS

Alanga o‘rmon hududlari va qishloq xo‘jaligi yerlarining katta qismini egallagan bo‘lib, yuzlab mahalliy aholi atrofdagi hududlarga evakuatsiya qilingan. Mashhur mastika daraxtlari o‘sadigan hududlarga yong‘inlarning tarqalish xavfi alohida tashvishga sabab bo‘lmoqda.

Foto: EPA/TASS

Xios tabiiy mastika — daraxtlardan olinadigan noyob mumsimon modda ishlab chiqariladigan yagona joy hisoblanadi. Yevropa Ittifoqida muhofaza ostida bo‘lgan ushbu daraxtlar nafaqat orol madaniy merosining muhim qismi, balki mahalliy iqtisodiyot asosi hisoblanadi. Mastika likyorlar, qandolat mahsulotlari, kosmetika va farmatsevtika preparatlari ishlab chiqarishda qo‘llanadi.

Foto: EPA/TASS

Yong‘inlardan chiqqan oq tutun hatto qirg‘oqbo‘yi hududlargacha, jumladan, Xios shahrining janubi-g‘arbida joylashgan dengiz bo‘yidagi qishloq plyajigacha yetib borgan. Mahalliy aholiga xavfli hududlarni zudlik bilan tark etish qat’iy tavsiya etilgan.

Gretsiya yong‘in xavfsizligi xizmati vakili yong‘in bilan kurashish ishlarini kuchli shamol ancha qiyinlashtirayotgani, bu shamollar olovning tez tarqalishiga sabab bo‘layotganini ta’kidladi.

Foto: EPA/TASS
Foto: EPA/TASS
Foto: EPA/TASS

Mavzuga oid