Krasnogorskda dron parchalari ko‘p qavatli binoga borib urildi
Krasnogorskda dronning turar joy binosiga urilgani natijasida xonadon yonib ketdi, deb xabar berdi Moskva viloyati gubernatori. Jarohat olgan erkak va stress reaksiyasi bilan homilador ayol kasalxonaga yotqizilgan.

Foto: Telegram / vorobiev_live
Moskva viloyatining Krasnogorsk shahrida 24 iyun, seshanbaga o‘tar kechasi Narodnogo Opolcheniya ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyga uchuvchisiz uchoq kelib urilgan, natijada 17-qavatdagi xonadon yonib ketgan. Bu haqda Telegramʼda Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyov xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa oqibatida ikki kishi jabrlangan. "34 yoshli erkak qo‘li va oyog‘idan jarohatlar olgan. Hozirda u kasalxonada, hayoti xavf ostida emas. 29-haftadagi homilador ayol ham kasalxonaga yotqizilgan (o‘tkir stress reaksiyasi)", — deb yozadi rasmiy.
Vorobyovning xabarida aytilishicha, avvalroq Volokolamsk va Mojaysk shahar okruglari uzra yana ikkita dron urib tushirilgan, bu hududlarda hech kim jabrlanmagan.
O‘z navbatida, Moskva meri Sergey Sobyanin Telegramʼda 24 iyunga o‘tar kechasi Rossiya Mudofaa vazirligi havo hujumidan mudofaa kuchlari poytaxtga uchayotgan ikkita UUAni urib tushirganini ma’lum qildi.
Moskvaning Vnukovo va Sheremetevo aeroportlari reyslarni qabul qilish va jo‘natishni vaqtincha to‘xtatdi, keyinroq ular o‘z faoliyatini tikladi, deb xabar berdi Federal havo transporti agentligi.