O‘zbekiston | 13:14
730
2 daqiqa o‘qiladi

Milliy malaka tizimini tartibga solish bo‘yicha ayrim hujjatlar tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston milliy malaka tizimini tartibga solishga qaratilgan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida» qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan Malakani baholash markazi to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi. Uning asosiy vazifalari:

  • baholash vositalarini ishlab chiqish, tegishli tarmoq kengashining ekspertizasini o‘tkazish;
  • kasbiy standartlar va malaka talablariga muvofiq ta’lim natijalarini baholash, tasdiqlash (tan olish, validatsiya, sertifikatsiya) uchun kasbiy imtihonlarni o‘tkazish;
  • milliy malaka tizimi to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • nomzod malakasini baholashda oshkoralik va obektivlikni ta’minlash mexanizmlarini joriy etish.

Markaz kasbiy standartlar va malaka talablari asosida har bir kasb (malaka) bo‘yicha yagona baholash vositalarini ishlab chiqadi va joylashtiradi. Baholash vositalarining amal qilish muddati – besh yil. Baholash vositalari:

  • umumiy ma’lumotlar (tegishli tarmoq kengashi, Markaz va kasb (malaka) nomi, kasbiy standart yoki malaka talabi nomi, malaka darajasi va imtihon shakllari);
  • kasbiy imtihonning nazariy va amaliy shakllari uchun topshiriqlar va ularning tavsifi (test savollari, mehnat funksiyalari va amallari ro‘yxati, zarur jihozlar, materiallar, yo‘riqnomalar);
  • baholash mezonlari;
  • mehnat muhofazasi, sanoat, texnik va yong‘in xavfsizligi qoidalari, shuningdek sanitariya qoidalari, me’yorlar va gigiyena normativlari tavsifi;
  • baholash vositasini ishlab chiqishda foydalanilgan materiallar ro‘yxati.

 
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha Respublika kengashi to‘g‘risidagi nizom;
  • Kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashlari to‘g‘risidagi namunaviy nizom;
  • Malakani baholash markazlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti.

Mavzuga oid