O‘zbekiston | 17:02 / 24.06.2025
1103
3 daqiqa o‘qiladi

MINEX Central Asia 2025 start oldi!

- Yevropa Ittifoqi butun dunyo bo‘ylab ishonchli hamkorlar bilan aloqalarni kuchaytirmoqda. O‘zbekiston esa bu jarayonda muhim sherikdir. Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toivo Klaar bugun MINEX Central Asia 2025 forumidagi nutqida ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, elchi: “O‘zbekiston keng geologik boyliklar va jadal rivojlanayotgan kon-metallurgiya sanoatiga ega. Sizlar qazib olishda o‘zingiz egalik qilishni, o‘z sanoatingizni rivojlantirishni, ish o‘rinlari yaratishni, malaka va bilimlarni shakllantirishni hamda qiymat zanjiri bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilishni xohlaysiz. Yevropa taklifining tub mohiyati ham aynan shu, deya nutqini davom etdi.

Forumdagi asosiy mavzu kritik xomashyo sohasiga qaratilib, unda mazkur sohada amalga oshiriladigan ishlarga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, unda keyingi uch yil ichida amalga oshiriladigan asosiy loyihalar qatoriga volfram, litiy va molibden konlarini o‘zlashtirish kirishi, ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha 2028 yilga borib umumiy daromad 1,5 milliard dollardan oshishi aytib o‘tildi.

O‘zbekiston texnologik metallar kombinati boshqaruv raisi maslahatchisi Ilhan Han:

“- Markaziy Osiyo tabiiy resurslarga boy ekani barchamizga ma’lum. Biroq O‘zbekistonni boshqalardan ajratib turuvchi jihat — bu yerda kritik minerallar miqdori juda ko‘p va ular avvaldan o‘rganib kelingan. Prezidentning ulug‘vor qarashi va masalani o‘z vaqtida anglay bilishi natijasida, sanoat uchun muhim xomashyolarni ta’minlash yo‘nalishida O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) tashkil etildi. O‘zbekiston boy tabiiy resurslarga ega omadli mamlakat, TMK esa ushbu boyliklarni jahon bozoriga olib chiqish ishida mas’ul kombinatdir.”

Qizg‘in bahs va netvorking uchun haqiqiy maydonga aylangan forumda 21 ta mamlakatdan 200 dan ortiq diplomatik missiyalar, xalqaro kompaniya vakillari, xalqaro investorlar, geologiya sohasining nufuzli ekspertlari ishtirok etmoqda.

Shuningdek, forumda Qozog‘iston Respublikasi Sanoat va qurilish vaziri o‘rinbosari Iran Sharxan ham o‘z nutqida O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan foydali qazilmalar sektori Qozog‘iston uchun eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri ekanligini ta’kidladi.

Hozirda biz Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan kritik minerallar sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha takliflar ustida ishlayapmiz, deydi vazir o‘rinbosari.

Forumda MINEX Ijroiya qo‘mitasi raisi tomonidan Tog‘-kon va geologiya vazirligi hamda O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK)ga mazkur forumni tashkil etishda tashabbus ko‘rsatganliklari uchun minnatdorchilik bildirib, maxsus tashakkurnoma berildi.

Forum davom etmoqda.

Reklama huquqi asosida