Jahon | 20:50 / 24.06.2025
5264
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Isroil va Eron o‘rtasidagi ziddiyatni sharhlab, haqoratli so‘zlarni ishlatdi

Oq uy rahbari sulh buzilgani sababli achchig‘i chiqqanidan o‘zini tiyib turolmadi.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp bir necha soat oldin e’lon qilingan otashkesimni allaqachon buzgan Isroil va Eronni qattiq tanqid qildi.

Haagadagi NATO sammitiga jo‘nab ketayotib, Tramp jurnalistlar bilan suhbatda mojaroning har ikki tomonidan, ayniqsa Isroildan (kelishuvga erishilgan zahoti Eronga zarba bergani uchun) norozi ekanini bildirdi. Bunda u ochiqchasiga haqoratli so‘zlarni ishlatdi.

«Bizda shunchalik uzoq vaqtdan beri kurashayotgan ikki davlat borki, ular <***> qilayotganini bilmaydi», dedi Tramp.

«Isroil, biz kelishuvga erishganimizdan so‘ng darhol bomba tashlay boshladi, men ularga o‘xshashini ilgari hech qachon ko‘rmaganman», deb qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti.

Tramp tanqidni o‘zining Truth ijtimoiy tarmog‘ida davom ettirdi. U Isroilni «bomba tashlamaslikka» chaqirdi, aks holda bu «jiddiy qoidabuzarlik» bo‘lishidan ogohlantirdi. Taxminan 40 daqiqadan so‘ng, u Isroil Eronga hujum qilmoqchi emasligi va barcha samolyotlar orqaga burilib, bazaga qaytgani haqida yana bir post joylashtirdi.

24 iyunga o‘tar kechasi Tramp Isroil va Eron o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olganini e’lon qildi. Ertalab u sulh amalda ekanini aytdi. Ammo biroz vaqtdan so‘ng, ikkala tomon ham bir-biriga zarba bergani ma’lum bo‘ldi.

Mavzuga oid