O‘zbekiston | 15:56 / 24.06.2025
9617
2 daqiqa o‘qiladi

Yana bir sobiq “zamhokim” ozodlikdan mahrum qilindi

Dehqonobod tumani hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamlashtirish masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Sherdil Ergashev 5 yilga qamaldi. U obektini foydalanishga qabul qilish dalolatnomasiga imzo qo‘yish evaziga 5 ming AQSh dollari olganda ushlangan.

Foto: Dehqonobod tumani hokimligi

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani hokimining sobiq o‘rinbosari jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, 1986 yilda tug‘ilgan Sherdil Ergashev 2021 yil mart oyidan 2024 yil 21 sentabrga qadar Dehqonobod tumani hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan. U “Global Commerce” MChJ tomonidan amalga oshirilgan Qarashina shaharchasini obodonlashtirish obektini foydalanishga qabul qilish dalolatnomasiga imzo qo‘yish uchun MChJ rahbaridan pora talab qilgan.

Sobiq “zamhokim” 2024 yil 21 sentabr kuni Dehqonobod tumani hokimligining ma’muriy binosi yonida “Global Commerce” MChJ haydovchisidan 5 ming dollar olganda tezkor tadbirda ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudining 2025 yil 10 fevraldagi hukmi bilan Sherdil Ergashev pora olish jinoyatini sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 2 yil davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ish Qashqadaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan. Apellyatsiya sudida Sherdil Ergashev birinchi instansiya sudida bergan ko‘rsatuvlarini tasdiqlamasligini bildirgan. U 5 ming dollar pulni pora emas, qarz sifatida olganini aytgan.

Apellyatsiya instansiya sudining 2025 yil 11 iyundagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudi hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Oldinroq Qo‘shko‘pir tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Bekzod Davlatov 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi

Mavzuga oid