Jahon | 18:41 / 25.06.2025
1860
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda robot ko‘krak qafasini ochmasdan birinchi yurak transplantatsiyasini amalga oshirdi

45 yoshli bemorda qorin bo‘shlig‘i orqali noyob operatsiya o‘tkazildi.

Foto: as.com

Amerikalik jarrohlar robot yordamida inson ko‘krak qafasini ochmasdan birinchi yurak transplantatsiyasini amalga oshirdi. Tarixiy operatsiya Hyustondagi Baylor St. Luke’s klinikasida o‘tkazildi. Og‘ir yurak yetishmovchiligi bo‘lgan 45 yoshli erkak yangi yurakka ega bo‘ldi.

Bemor 2024 yil noyabr oyidan beri tibbiy qo‘llab-quvvatlovchi uskunaga ulangan edi. Shifokorlar an’anaviy ko‘krak qafasini kesish usuli o‘rniga robot jarrohdan foydalandi. U qorin bo‘shlig‘idagi kichik kesmalar orqali jarrohlik amaliyotini bajardi. Robot 3D kamera bilan jihozlangan bo‘lib, joystik va pedallar yordamida qo‘lda boshqarildi.

Operatsiya 2025 yil mart oyida bo‘lib o‘tdi. Bir oy o‘tgach, bemor shifoxonadan chiqarildi va allaqachon jismoniy faollikka qaytdi. Yetakchi jarroh Kennet Lyao so‘zlariga ko‘ra, robotlashtirilgan usul ko‘krak qafasining yaxlitligini saqlaydi, infeksiya xavfini kamaytiradi va tiklanishni tezlashtiradi.

Bu Qo‘shma Shtatlardagi birinchi shunday operatsiya. Avvalroq, 2024 yilda Saudiya Arabistonida 16 yoshli bemorga ham xuddi shunday transplantatsiya qilingan edi. Texnologiya kardiojarrohlikning yangi bosqichini ochadi, robot aniqligini tibbiyotdagi eng murakkab jarayonlardan biri bilan birlashtiradi.

Mavzuga oid