Jahon | 12:16
2964
6 daqiqa o‘qiladi

«Mudofaa xarajatlarini oshirish va 5-moddaga sodiqlik» – NATO sammitidan nimalar kutilmoqda?

Haagada bo‘ladigan NATO yetakchilarining eng muhim va Donald Tramp uchun moslashtirilgan sammitida a’zo davlatlar mudofaa xarajatlarini YaIM 5 foizigacha oshirishni ma’qullashi mumkin. Bundan tashqari, Tramp sammitga yo‘l olayotib, NATO bosh kelishuvining 5-moddasini qo‘llash masalasida shubha uyg‘otdi.

​​​​​​​Foto: Niderlandiya qirolligi oilasi

Bugun, 25 iyun kuni Niderlandiyaning Haaga shahrida NATO yetakchilari ushbu tashkilot uchun yilning eng muhim hamda AQSh prezidenti Donald Tramp uchun maxsus moslashtirilgan sammitida yig‘iladi.

Kecha, 24 iyun kuni siyosiy tadbir oldidan NATO yetakchilari va ularning rafiqalari sharafiga Niderlandiya qiroli Villem-Aleksandr va uning rafiqasi tomonidan uyushtirilgan ziyofat bo‘lib o‘tdi.

«Bugun sizlarni Huis Ten Bosch saroyida qabul qilish men uchun katta mamnuniyat. Ertangi muhokamalarda sizga donolik tilayman va ularning natijasida NATO har qachongidan ham kuchliroq bo‘lishiga to‘liq ishonaman», degan Niderlandiya qiroli Villem Aleksandr.

Reuters nashrining yozishicha, sammitda a’zo davlatlar uchun yalpi ichki mahsulotning (YaIM) 5 foizigacha bo‘lgan yangi mudofaa xarajatlari maqsadi ma’qullanishi kutilmoqda. Bu Trampning talablari va Yevropaning, ayniqsa, Rossiyaning 2022 yildagi Ukrainaga bosqinidan so‘ng xavfsizlikka tobora ko‘proq tahdid sifatida qaralayotganidan kelib chiqqan tashvishlariga javobdir.

«Avval NATO moliyaviy jihatdan suiiste’mol qilingan edi, men ularga: «To‘lashingiz kerak», dedim. Shundan so‘ng biz ishni boshladik va hozir ular anchagina to‘lashyapti. Keyin aytdim: «4 foiz yoki 5 foizgacha ko‘taring, 5 foiz – eng yaxshisi», deya Trampning so‘zlarini keltirmoqda AP. Trampga ko‘ra, mamlakat yalpi ichki mahsulotining 5 foizini mudofaa uchun ajratish «yaxshi» va «bu ularga ancha ko‘proq kuch beradi».

Yangi maqsadga 10 yil ichida erishilishi kutilmoqda, lekin bu ko‘rsatkich — amaldagi 2 foizlik maqsaddan sezilarli ravishda yuqori. Bu o‘zgarishlar minglab milliard dollarlik qo‘shimcha yillik harbiy xarajatlarni anglatadi. Trampning talabi bilan qilingan rejaga ko‘ra:

·       3.5 foiz YaIM asosiy harbiy ehtiyojlar — askarlar va qurollarga,

·       1.5 foizi esa kiberxavfsizlik, infratuzilmani (yo‘llar, ko‘priklar) harbiy texnika uchun moslashtirish kabi kengaytirilgan mudofaa choralariga sarflanadi.

NATO davlatlarining YaIMga nisbatan amaldagi harbiy xarajatlari/Jadval rasmiy ma’lumotlar asosida Reuters tomonidan tayyorlangan

NATOning barcha a’zolari bu maqsadni tasdiqlagan bo‘lsa-da, Ispaniya o‘zining harbiy majburiyatlarini ancha kam xarajatlar bilan bajara olishini bildirgan. Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanchesning bu pozitsiyasiga NATO bosh kotibi Mark Ryutte rozi bo‘lmasa-da, Trampni rozi qilish va sammitni muammosiz o‘tkazish uchun diplomatik kelishuvga borildi.

NATO rasmiylari Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaro hamda AQShning hafta oxirida Eron yadroviy obektlariga uyushtirgan zarbalari ushbu sammitga soya solmasligiga umid qilmoqda.

Tramp NATO a’zolari belgilangan xarajat me’yorlariga rioya etmasa, ularni himoya qilmasligi bilan tahdid qilgan. U sammitga yo‘l olayotib, NATO bosh kelishuvining 5-moddasi — o‘zaro mudofaa majburiyati bo‘yicha bandni bevosita qo‘llab-quvvatlamaslik bilan yana shubha uyg‘otdi. «Air Force One» bortida jurnalistlarga gapirar ekan, Tramp bu bandning «bir nechta talqinlari» borligini aytdi: «Men inson hayoti va xavfsizligini saqlashga sodiqman. Aniq ta’rifni sammitga borgach beraman», dedi u.

Tramp 2016 yilda prezidentlikka nomzod bo‘lganida ham NATO shartnomasining 5-moddasi – o‘zaro mudofaa kafolatlariga amal qilishiga kafolat bermasligini bildirgan edi. Joriy yilning mart oyida u kerak bo‘lsa, NATO AQShni himoya qiladimi yoki yo‘q – bunga ishonmasligini bildirgan. Garchi NATO 2001 yil 11 sentabr voqealaridan keyin AQShni aynan shu modda asosida himoya qilgan edi.

Sammit diplomatiyasi orqasidagi noodatiy tafsilotlar

Sammit arafasida Donald Tramp Mark Ryuttening shaxsiy maktubini e’lon qildi. Unda bosh kotib Trampga Erondagi «qat’iy harakatlari» uchun maqtov bildirgan va «siz amerikalik prezidentlar orasida o‘n yillardan beri erishilmagan narsaga erishasiz. Yevropa, qanday bo‘lsa ham to‘laydi — bu sizning g‘alabangiz bo‘ladi», deb yozgan Ryutte.

Bundan tashqari, Trampni zeriktirib qo‘ymaslik uchun sammit kun tartibi qisqa va asosan xarajat majburiyati bilan cheklangan. Reutersʼga ko‘ra, yakuniy bayonotda Rossiya tahdid sifatida tilga olinadi, Ukraina bilan birdamlik tasdiqlanadi, biroq Trampning Moskvaga nisbatan yumshoq pozitsiyasi sababli bu masalalar chuqur yoritilmaydi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy asosiy sammitda emas, faqat sammit oldidan kechki ovqatga taklif etilgan. Zelenskiy AQShdan Patriot raketa mudofaa tizimlari va Rossiyaga nisbatan yanada kuchli sanksiyalarni so‘ramoqchi.

Tramp Haagadagi sammitda qaysi boshqa yetakchilar bilan alohida uchrashishini Oq uy e’lon qilmagan, biroq Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashib qolishini aytgan. Tramp shuningdek, kecha Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan yopiq uchrashuv o‘tkazdi.

Mavzuga oid