O‘zbekiston | 16:05
5113
4 daqiqa o‘qiladi

Ogoh bo‘ling! Taniqli shaxslar obrazi asosida Rossiya armiyasiga yollanishga chorlovchi dipfeyk videolar tarqalmoqda

Senat raisi Tanzila Norboyevaning Kun.uz'ga bergan intervyusi – O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya armiyasiga yollanishga chorlovchi dipfeyk obektiga aylandi. Internetda tarqatilayotgan feyk video – original tasvirning sun’iy intellekt yordamida murakkab tarzda soxtalashtirilgan shakli hisoblanadi. Xuddi shu mazmundagi dipfeyklar og‘ir atletikachi Ruslan Nuriddinov va boshqalarning obrazi asosida ham tarqalmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaning Kun.uz muxbiriga bergan intervyusining sun’iy intellekt yordamida chuqur buzilgan dipfeyk (murakkab tarzda soxtalashtirilgan, yolg‘on) shakli tarqalmoqda.

Kun.uz barchani bu kabi soxta videolardan ogoh bo‘lishga chaqiradi.

Tarqatilgan soxta videoda Norboyeva tilidan rus tilida aytilgan quyidagi gaplardan kelib chiqib, bu dipfeykning yaratilishi va tarqatilishidan kimlar manfaatdor ekanini bilish qiyin emas:

“Fuqarolarimizning Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashi O‘zbekistonning milliy manfaatlariga to‘liq mos keladi, Rossiya Federatsiyasi bilan do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bundan tashqari, fuqarolarimiz bu tinchlikparvar missiyada qatnashish uchun yuqori haq olishyapti, bu esa mamlakatimiz iqtisodiyoti mustahkamlanishiga zamin yaratadi”. Eslatma: bu jumlalarning barchasi to‘qib chiqarilgan.

Videoni soxtalashtirish uchun Senat raisining ovoziga juda ham o‘xshash ovoz yaratilgan, tana va lab harakatlari ham yuqori aniqlikda bu sun’iy ovozga moslashtirilgan.

Haqiqiy video esa Kun.uz tomonidan 2023 yil dekabr oyida e’lon qilingan bo‘lib, unda Tanzila Norboyeva qizlarni erta turmushga berish holatlariga munosabat bildirgan:

So‘nggi vaqtlarda taniqli shaxslarning videolarini sun’iy intellekt yordamida buzish orqali o‘zbekistonliklarni Rossiya armiyasiga yollanishga chorlash holatlari uchramoqda.

21 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining AntiFake.uz kanali bu borada ogohlantirish e’lon qilgandi.

Tasvirlaridan dipfeyk yaratilayotgan shaxslar qatorida Senat raisidan tashqari, o‘zbekistonlik bir necha taniqli jurnalist va blogerlar, shuningdek, og‘ir atlet Ruslan Nuriddinov ham bor.

Ruslan Nuriddinovning dipfeykka aylantirilgan videosidan kadr

Nuriddinovning soxta videosida u go‘yoki “Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgani”ni aytganini ko‘rish mumkin.

“Mutlaqo aniq, bu – yuqori sifatdagi video-dipfeyk. Kapitan Ruslan Nuriddinov O‘zbekiston Qurolli kuchlari safida xizmat qilmoqda va O‘zbekiston Mudofaa vazirligining shartnoma asosidagi harbiy xizmatchisi hisoblanadi”, – deya Gazeta'ga izoh bergan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi.

Nuriddinov ishtirokida dipfeyk yaratishda uning bir necha oy oldin jurnalist Shahlo Pazletdinovaga bergan intervyusidan foydalanilgan.

Rossiya armiyasiga yollangan O‘zbekiston fuqarolari jinoyatchi hisoblanadi

O‘zbekiston fuqarolarining xorijdagi harbiy tuzilmalariga yollanishi – jinoyat hisoblanadi.

Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, yollanish, ya’ni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi – 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

JKning 154-1-moddasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirishi – bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravarigacha jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Mavzuga oid