Jamiyat | 20:48 / 25.06.2025
1505
4 daqiqa o‘qiladi

“Xususiy kinostudiyalar tomonidan tayyorlanayotgan filmlarni biz nazorat qilmaymiz” – Kinematografiya agentligi

Kinoning san’atdan sanoatga o‘tishi yaxshi tendensiya, lekin bu sifatning tushishi, ommaviy etikaning buzilishi hisobiga bo‘lmasligi kerak. Oxirgi yillarda mahalliy ijodkorlar tomonidan ishlanayotgan kino, film va novellalarning aksariyatida ssenariy sayoz, voqea hamda aktyorlar bir xil, ayrimlarida fahsh sahnalar mavjud, oila davrasida ko‘rib bo‘lmaydigan holatga kelib qolgan. Xo‘sh, kinobozor nega nazoratsiz? Jarayonning to‘g‘ri nazoratga solinishi uchun nima qilish kerak? Kun.uz muxbiri Kinematografiya agentligi matbuot kotibiga ayni shu kabi savollar bilan yuzlandi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Xususiy kinostudiyalar tomonidan tayyorlanib, ommaviy namoyish etilayotgan filmlar nazoratdan o‘tkaziladimi?

Sayfulla Rajabov, Kinematografiya agentligi matbuot kotibi:

- Xususiy telekanallar va kinostudiyalar tomonidan tayyorlanayotgan, ijtimoiy tarmoqlarda bevosita mahsulot sifatida joylanayotgan media kontentlarni agentlik nazorat qilmaydi.

Mahsulotlarning ijodiy darajasi, badiiy saviyasi, mentalitet va tomoshabinga mosligi borasida jiddiy e’tirozlar mavjud: oila davrasida ko‘rishga yaramaydigan sahnalar, saviyasiz syujyetlar tez-tez ko‘zga tashlanmoqda. Bu tanqidlarni inkor eta olmaymiz. Biroq xususiy studiyalar va xususiy telekanallar hamkorligida suratga olinayotgan serial, film va novellalarni nazorat qilish Kinematografiya agentligi vakolatiga kirmaydi, bunga huquqiy asos yo‘q. Ular xususiy studiya tomonidan tayyorlanadi, telekanal mablag‘ ajratadi va kanalning badiiy kengashi ko‘rib chiqqanidan keyin mahsulot efirga uzatiladi. Bu holatda sifat va saviyaga telekanal hamda kinostudiya rahbariyati mas’ul bo‘ladi.

Sanoatga aylanayotgan mahalliy kinobozorda taklif etilayotgan media mahsulotlarini Kinematografiya agentligi filtrdan o‘tkazmasa, buning nazoratini kim qiladi?

- Ayni kunlarda ijodiy jarayonlarga xalaqit qilmagan va ijodkorlarga zarar yetkazmagan holda nazorat qilish mexanizmlarini ishlab chiqish ustida ishlayapmiz. Bu borada takliflarni shakllantiryapmiz.

Agentlik faoliyati nimalardan iborat o‘zi?

- Kinematografiya agentligi asosan badiiy, hujjatli, animatsion filmlar va subsidiya mablag‘lariga telekanallar bilan hamkorlikda seriallar yaratadi. Shuningdek, davlat buyurtmasi asosida suratga olinayotgan film va seriallarni to‘liq nazorat ostiga oladi. Ishchi guruh, ekspertlar kengashi hamda badiiy kengash tomonidan ssenariylar bir necha bosqichda tahlil qilinadi, mos kelmaydigan jihatlar aniqlansa, kinoni ishlashga ruxsat berilmaydi. Faqat yuqori saviyadagi, bugungi kun talablari va tomoshabin didiga mos ssenariylar asosida suratga olish jarayonlarini tashkil etishga harakat qilyapmiz.

Kinematografiya agentligi huzurida maxsus bo‘lim mavjud bo‘lib, aynan shu bo‘lim tomonidan davlat buyurtmasi asosida ishlangan filmlarning ommaviy namoyishiga ruxsat beriladi. Ruxsatnomaga ega bo‘lmagan film kinoteatrlarda yoki teleekranda namoyish qilinmaydi. Agar filmda ortiqcha sahnalar, mentalitetiga mos kelmaydigan g‘oya yoki epizodlar aniqlansa, bu holat ijodiy guruhga tushuntirilib, film qayta ishlanadi.

Agentlik shafeligida suratga olinayotgan filmlarda ssenariy originalligiga qay darajada ahamiyat beriladi. Masalan, so‘nggi premera qilingan kinolardan biri “Adolat” filmi voqealari Koreyada suratga olingan film syujyetlariga juda o‘xshash?

- Bu film Respublika prokuraturasi bilan hamkorlikda suratga olingan bo‘lib, prokuratura tizimidagi xodimlar faoliyatini yoritishga qaratilgan. Ayrim g‘oyaviy va sahnaviy syujyetlar boshqa xorijiy filmlarnikiga o‘xshashi mumkin, lekin bu plagiat emas. Kinematografiya olamida umumiy g‘oyalar, obrazlar yoki muhitlar o‘xshash bo‘lishi tabiiy hol. Ammo yuz foiz nusxa ko‘chirish – agentlik siyosatida mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydigan hodisa: har bir ssenariyning original g‘oya asosida ishlab chiqilishi muhim.

Mavzuga oid