O‘zbekiston | 10:39
2581
8 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘ulistonga tarixiy davlat tashrifi. Tafsilotlar

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-25 iyun kunlari rafiqasi bilan birga davlat tashrifi bilan Mo‘g‘ulistonda bo‘ldi. Tarixdagi birinchi bo‘lgan ushbu tashrif O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston munosabatlarida yangi bosqichni boshlab berdi va ko‘p qirrali hamkorlik rivoji uchun keng imkoniyatlar ochdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidentini rasmiy kutib olish marosimi

Dastlab Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Davlat rahbari va rafiqasini Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux rafiqasi bilan kutib oldi. Suxe-Botir maydonida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ijrosida ikki davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladi.

Marosimdan so‘ng O‘zbekiston prezidenti Mo‘g‘uliston Davlat saroyidagi Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi. Birgalikda suratga tushilgach, oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.

Mirziyoyev va Xurelsuxning muzokaralari

Mo‘g‘uliston Davlat saroyida Shavkat Mirziyoyev va Uxnaagiyn Xurelsuxning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralarda iqtisodiy kooperatsiyani chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Yaqin yillarda o‘zaro savdoni, eng avvalo, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini oshirish hisobiga karrasiga ko‘paytirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Shu maqsadda imtiyozli savdo va investitsiyalarni himoya qilish to‘g‘risidagi bitimlarni qabul qilishni tezlashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari iqtisodiyotning muayyan tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladi. Hamkorlikning qator istiqbolli yo‘nalishlari ustuvor etib belgilab olindi. Qo‘shma klasterlar tashkil etish, go‘sht-sut, jun va charm mahsulotlarini qayta ishlash va ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiya loyihalarini ilgari surish asosida qishloq xo‘jaligida kompleks hamkorlikni chuqurlashtirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va yangi logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yil yakuniga qadar poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar uchun xalqaro tahlil instituti bilan birgalikda eng qisqa va samarali transport yo‘laklarini aniqlash bo‘yicha amaliy tadqiqotlar o‘tkazish taklifi bildirildi.

Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni faol rivojlantirish, ajratilayotgan kvotalar doirasida mo‘g‘ul yoshlarining O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishini qayta tiklashga kelishib olindi. Erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni qabul qilish yuzasidan ahdlashildi.

Yakunda davlat rahbari Mo‘g‘uliston prezidentini javob tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.

Muzokaralar natijasi kelishuvlarda mustahkamlandi

Ulan-Bator shahrida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Uxnaagiyn Xurelsux Keng qamrovli sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.

Shuningdek, prezidentlar huzurida quyidagi hujjatlar imzolandi:

- o‘simliklar karantini va himoyasi, oliy ta’lim, tog‘-kon sanoati, atrof-muhitni muhofaza qilish, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish, sog‘liqni saqlash va tibbiyot fani, jismoniy tarbiya va sport sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar;
- ikki mamlakat arxiv idoralari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan Mo‘g‘uliston Iqtisodiyot va taraqqiyot vazirligi o‘rtasida, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi bilan Mo‘g‘uliston Madaniyat, sport, turizm va yoshlar vazirligi o‘rtasida 2025-2028 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturlari;
- O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Mo‘g‘uliston Oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vazirligi o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha hamkorlik rejasi;
- O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan Mo‘g‘uliston Madaniyat, sport, turizm va yoshlar vazirligi o‘rtasida ekoturizm sohasidagi harakatlar rejasi.

Yetakchilar muzokaralar yakunini sarhisob qildi

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev va Uxnaagiyn Xurelsux o‘tkazilgan muzokaralar natijalariga doir fikrlarini bayon qildilar.

- Mo‘g‘ulistonlik do‘stlarimizning ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi e’tiborga loyiq muvaffaqiyatlari va yutuqlaridan chin dildan xursandmiz, sizning tinchliksevar tashqi siyosatingizni to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz, - dedi davlat yetakchisi.

Davlat rahbari tashrifning asosiy natijalaridan biri sifatida O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston hamkorligida yangi bosqichni boshlab beradigan muhim hujjat - Keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya imzolanganini ta’kidladi.

O‘zbekiston prezidentining so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda asosiy e’tibor iqtisodiy hamkorlikka qaratildi. Yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini, eng avvalo, xaridorgir mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish orqali bir necha barobar oshirish vazifalari belgilandi. Ulan-Batorda ko‘rgazma zaliga ega bo‘lgan O‘zbekiston savdo uyi ochilishi bu ishlar uchun amaliy asos bo‘lishi ta’kidlandi.

Shuningdek, davlat rahbari ajratilayotgan kvotalar doirasida mo‘g‘ulistonlik yoshlarning O‘zbekistondagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishini qayta yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi.

Erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun ikki mamlakat hukumatlari tomonidan keng qamrovli "yo‘l xaritasi" qabul qilinishi ta’kidlandi. So‘zining yakunida davlat rahbari Mo‘g‘uliston prezidentini rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etganini ma’lum qildi.

Davlat rahbarlari qo‘shma konsertda ishtirok etdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux rafiqalari bilan birgalikda ikki mamlakat san’at ustalarining konsertida ishtirok etdi.

Bugun davlat rahbarlarining irodasi va sa’y-harakatlari tufayli xalqlarimiz yanada yaqinlashdi, davlatlararo munosabatlar keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Qo‘shma konsert O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston do‘stligi hamda ikki tomonlama ko‘p qirrali munosabatlarda yangi bosqich boshlanganining navbatdagi ifodasi bo‘ldi.

Iste’dodli san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlarda madaniyatlarning boyligi, rang-barangligi va o‘ziga xosligi mujassam bo‘ldi.

Prezidentlar daraxt ekdi

25 iyun kuni Shavkat Mirziyoyev va Uxnaagiyn Xurelsux rafiqalari bilan birga "Ix Tenger" davlat majmuasi bog‘ida daraxt ekdi.

Marosim ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik tobora mustahkamlanib borayotgani, O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston keng qamrovli sheriklik munosabatlarining rivojlanishida yangi bosqich boshlanganining ramzi bo‘ldi.

Tashrif davomida oliy martabali mehmonlar “Naadam” an’anaviy mo‘g‘ul bellashuvlarini tomosha qildi.

O‘zbekiston prezidenti Mo‘g‘ulistonga tashrifini yakunladi

25 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘ulistonga davlat tashrifi yakuniga yetdi.

Tashrif tadbirlari yakunlangach, O‘zbekiston prezidenti Toshkentga jo‘nab ketdi. Aeroportda oliy martabali mehmonlarni Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Batsetseg va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.

Mavzuga oid