Jahon | 15:26
2772
3 daqiqa o‘qiladi

Eronning Isroilga bergan zarbalaridan ko‘rilgan zarar 3 mlrd dollarni tashkil qildi

Isroil Eron bilan mojaro paytida yetkazilgan zararni 10 milliard shekel deb baholagan. Ushbu hisob-kitobda foydalanilgan qurol va havo hujumidan mudofaa tizimlarini almashtirish xarajatlari hisobga olinmaydi.

Foto: JOHN WESSELS/AFP/Getty Images

Isroil Eron bilan 12 kunlik mojaro davomida yetkazilgan zararni 10 milliard shekel (taxminan 3 milliard dollar) deb baholadi. Bu mablag‘ raketalardan zarar ko‘rgan binolarni tiklash va mahalliy korxonalarga tovon to‘lash uchun kerak bo‘ladi, deb xabar berdi Bloomberg 26 iyun, payshanba kuni Isroil moliya vazirligi va soliq idorasiga tayanib.

«Bu biz duch kelgan eng jiddiy muammodir. Isroil tarixida bunday vayronagarchilik hech qachon bo‘lmagan», — dedi tovon to‘lash uchun mas’ul bo‘lgan Soliq boshqarmasi rahbari Shay Aaronovich.

Hisob-kitoblar ishlatilgan qurol va havo mudofaa tizimlarini almashtirish xarajatlarini o‘z ichiga olmaydi, shuning uchun zararning yakuniy miqdori sezilarli darajada yuqori bo‘lishi mumkin. Moliya vaziri Bezalel Smotrich urushning umumiy xarajatlari 12 milliard dollarga yetishi mumkinligini tan oldi. Isroil Markaziy banki rahbari Amir Yaron Bloomberg TV telekanaliga bergan intervyusida ancha o‘rtacharoq – taxminan 6 mlrd dollarlik raqamni keltirdi.

HAMAS harakati tomonidan sodir etilgan hujumdan keyin mintaqada 20 oydan beri davom etayotgan qurolli mojarolar fonida bosim ostida qolgan Isroil iqtisodiyoti yangi muammolarga duch kelishi mumkin. Ilgari Markaziy bank joriy yilda YaIM o‘sishini 3,5 foiz darajasida prognoz qilgan edi, biroq hozir bu prognozlar qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Isroilning hisob-kitoblariga ko‘ra, Eron bilan urush, asosan, otishmalar xususiyati tufayli, avvalgi mojarolarga qaraganda ancha qimmatga tushdi. Avvalgi zarbalarda qishloq hududlari va aholi kam bo‘lgan tumanlar nishonga olgan bo‘lsa, bu safar nishon Isroil markazidagi aholi zich joylashgan shaharlar, jumladan, mamlakat aholisining yarmiga yaqini istiqomat qiluvchi Tel-Aviv aglomeratsiyasi bo‘ldi.

Bundan tashqari, Eron raketalari ancha kuchli edi. Ko‘pida kamida 500 kg og‘irlikdagi jangovar kallaklar bor edi va ularda parchalanib ketuvchi o‘q-dorilar bo‘lgan. Isroil ma’lumotlariga ko‘ra, mojaro boshlanishidan oldin Eronda 2000-2500 ta shunday raketa bo‘lgan va ularning yarmiga yaqini saqlanib qolgan. Isroilda vayron qilingan obektlar orasida mamlakatning eng yirik ilmiy markazlaridan biri Veytsman instituti, Hayfadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodi va Isroil janubidagi shifoxona bor.

Mavzuga oid