Jahon | 14:18
664
3 daqiqa o‘qiladi

So‘rov: Nemislarning uchdan ikki qismi mudofaa xarajatlarini oshirishni qo‘llab-quvvatlayapti

ZDF-Politbarometer so‘roviga ko‘ra, NATOning Haagadagi sammitida 2035 yilga borib mudofaa xarajatlarini YaIMning 5 foizigacha oshirish bo‘yicha taqdim etilgan maqsadni nemislarning 65 foizi ma’qullagan.

Foto: AP

Germaniya aholisining deyarli uchdan ikki qismi (65 foiz) mamlakat mudofaa xarajatlarini 2035 yilga borib yalpi ichki mahsulotning 5 foizigacha oshirishni ma’qullaydi, bu haqda Haagadagi NATO sammiti ishtirokchilari tomonidan kelishib olingandi. Buni 27 iyun, juma kuni e’lon qilingan ZDF-Politbarometer so‘rovi natijalari ko‘rsatmoqda.

Ta’kidlanishicha, Germaniyaning g‘arbiy qismida bunday rejalarni qo‘llab-quvvatlovchilar ulushi sharqqa qaraganda ancha yuqori: 68 foizga nisbatan 49 foiz. Taqqoslash uchun: Berlin mudofaa xarajatlarini sezilarli darajada oshirishiga qarshi bo‘lganlarning ulushi, ushbu so‘rovga ko‘ra, butun Germaniya bo‘ylab 3 foizni tashkil qiladi. Respondentlarning 32 foizi javob berishga qiynalgan.

Shu bilan birga, respondentlarning 90 foizi Yevropaning AQSh yordamiga qaram bo‘lmasdan, mustaqil ravishda o‘zini himoya qila olishini muhim deb bilishini aytdi.

Germaniya mudofaa xarajatlarini oshirish tarafdorlarining eng ko‘p qismi o‘zini hukmron XDI/XSI bloki (85 foiz), Erkin demokratik partiya (ErdP, 78 foiz) va hukmron Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP, 71 foiz) saylovchilari deb hisoblaydiganlardir.

Patsifistlar harakatidan chiqqan «Ittifoq 90»/«yashillar» partiyasi tarafdorlari orasida respondentlarning 67 foizi mudofaa xarajatlarini oshirish tarafdori. "Germaniya uchun muqobil" (GuM) o‘ng qanot populistlari orasida qo‘llab-quvvatlaganlar soni 46 foiz, Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatish tarafdori bo‘lgan "Sara Vagenknext ittifoqi"da (SSI) esa 14 foiz.

Germaniyada majburiy harbiy xizmatga qaytish istiqboli haqida o‘z fikrlarini bildirar ekan, respondentlarning 17 foizi erkaklar uchun bunday qadamni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. 45 foizi erkaklar va ayollar uchun majburiy harbiy xizmatni joriy etishni to‘g‘ri deb hisoblasa, 35 foizi bunga qarshi. Majburiy harbiy xizmatga qarshi bo‘lganlar orasida yarmidan ko‘pi (52 foiz) 18 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lganlardir.

Mavzuga oid