Vinisius «Real»ni birinchi o‘rinda olib chiqdi, «Siti» «Yuventus»ga 5 ta gol urdi
Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida guruh o‘yinlari yakunlandi va nimchorak finalning barcha juftliklari ma’lum bo‘ldi.

«Real» o‘yinida Alonsoning imzosi sezilmoqda
KJCh. N guruhi. 3-tur. 26 iyun
«Zalsburg» – «Real» 0:3
Gollar: Vinisius (40), Valverde (45+3), Gonsalo Garsiya (84).
«Zalsburg» – Zavisshitski, Layner, Gadu, Rasmussen, Kratzig, Nene (S.Baydu, 89), Diabate (Vertessen, 73), Diambu (Kyorgor, 46), Gluh, E.Baydu (Onisivo, 89), Ratkov (Dagim, 46).
«Real» – Kurtua, Trent, Ryudiger (Ramon, 66), Hausen, Fran Garsiya, Chuameni, Bellinghem (Dias, 82), Guler (Modrich, 66), Valverde (Sebalos, 74), Vinisius (Rodrigo, 66), Gonsalo Garsiya.
«Al Hilol» – «Pachuka» 2:0
Gollar: Salim ad Dosari (22), Leonardo (90+5).
«Al Hilol» – Bunu, Kanselu (Al Yami, 86), Tombakti (Lajami, 76), Kulibali, Lodi (Al Harbi, 71), Nevesh, Milikovich-Savich, Nosir ad Dosari (Kanno, 76), Malkom (Al Juvayr, 87), Salim ad Dosari, Leonardo.
«Pachuka» – Xurado, Barreto (Gonsales, 57), Bauyermann, Pereyra, Xosabed (Ernandes, 77), Montiel, Palavechino (Pedrasa, 77), Acheves, Dominges (Urtado, 57), Kenedi (Bautista, 63), Rondon.
Ogohlantirishlar: Barreto (17), Dominges (45+2), Lodi (45+4), Kulibali (52).
Ogohlantirishlar: Lodi, 45. Kulibali, 52 – Barreto, 17. Dominges, 45
Habi Alonso hal qiluvchi o‘yin oldidan «Real» keyingi bosqichga chiqishiga ishonch bilan gapirdi, u guruh bosqichidagi birorta o‘yinda ham qaydnomaga kiritilmagan Mbappe haqidagi savolga javob berarkan, shunday dedi: «Uni mashg‘ulotlarda ko‘rishdan mamnun bo‘lgan bo‘lardik, ammo biz u 1/8 finalga tayyor bo‘lishini afzal ko‘ramiz».
«Zalsburg»ga qarshi o‘yin startidayoq madridliklar to‘liq kuch bilan oldinga tashlanib, yanvar oyida Chempionlar ligasi guruh bosqichida ushbu jamoaga qarshi o‘tgan uchrashuv natijasini takrorlashni xohlayotganini namoyish etishdi. Oxirgi yillarda Avstriya gegemoni maqomini yo‘qotib borayotgan jamoa o‘sha o‘yinda 5:1 hisobida tor-mor etilgandi. O‘sha o‘yinda futbolchilarni «Real»ga qarshi o‘yinga boshlab tushgan, jamoani inqirozdan chiqarish uchun chaqirilgan Tomas Lech yangi lavozimda ish boshlaganiga atigi bir oy bo‘lgandi. Keyin esa ushbu mutaxassis «Zalsburg»ni beshinchi o‘rindan ikkinchi o‘ringa ko‘tardi va YeChL saralash bosqichidagi ishtirokni kafolatladi.
Ammo ichki arenadagi natijalar «Real» bilan qarama-qarshilikda natija ko‘rsatish uchun yetarli bo‘lmaydi. Himoyani yaxshi tashkil etish va vaqti-vaqti bilan raqib mudofaasiga bosim uyushtirish mumkin, ammo bunday o‘yin yakunini oldindan taxmin qilish oson. Vinisius Junior yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmagan bo‘lsa-da, muqarrar natijani faqat biroz kechiktirdi. Braziliyalik futbolchi ikkinchi imkoniyatidan foydalandi va bu safar ham unga Bellinghem ajoyib pas berdi. Vini esa bir fint bilan himoyachini yo‘ldan oldi va jarima maydoni chizig‘ida turib yerlatib zarba yo‘lladi.
Qaymoqranglilarning ikkinchi goli — qarshi pressing ajoyib ish berishi natijasi bo‘ldi. Jamoa o‘yinida Alonsoning chizgilari allaqachon sezilmoqda. Vinisius esa bir vaqtlar Gutini mashhur qilgan harakatni takrorlab, to‘pni darvozaga yo‘llashi mumkin bo‘lgan holatda tovoni bilan ortdagi jamoadoshi, ideal pozitsiyaga ochilayotgan Valverdega qoldirdi.
Shu kuni ilojsiz ko‘ringan «Zalsburg» onlayn jadvalda ikkinchi pog‘onani «Al-Hilol»ga bo‘shatib berdi. Simone Indzagi boshqaruvidagi jamoa guruhdan chiqish imkoniyatini allaqachon yo‘qotgan «Pachuka» bilan o‘yinda yaqqol kuchlilik qildi, saudiyaliklar jamoasining birinchi bo‘lim yakunlariga ko‘ra ustunligini Al-Dovsarilar ta’minladi. Nosir assistentlik rolini bajardi, «Al-Hilol» sardori Salim esa to‘pni darvozabon ustidan oshirib tashladi.
Ikkinchi bo‘limda saudiyaliklar jamoasi o‘zining yangi bosh murabbiyiga xos pragmatizm namoyish etdi. «Real» esa bu vaqtda biroz sustlashdi va «Zalsburg» bir necha yaxshi hujumlar uyushtirib, kamida bitta golga haqli o‘yin ko‘rsatdi. Faqat guruhdan chiqish uchun ikki gol urish va gol o‘tkazmaslik talab etilardi, madridliklar esa, durang natijaga rozi emasdi. Maydondagi voqealar Alonsoni sergak torttirdi va u nafaqat pozitsiyalar bo‘yicha almashtirishlar qildi, balki Leverkuzenda bo‘lgani kabi sxemani uch markaziy himoyachi asosiga qurdi. Buning uchun u Tshuamenini himoyachiga aylantirgan Karlo Anchelottiga minnatdorchilik bildirsa arziydi.
Gonsalo Garsiyani ham aynan italiyalik mutaxassis asosiy jamoaga jalb qila boshlagandi. Lekin bu Alonso o‘zidan oldingi murabbiyning bagajidan foydalanayotganini anglatmaydi. 21 yoshli forvard Anchelotti davrida juda kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lardi, AQShdagi turnirda esa Mbappening betobligi tufayli jamoaning asosiy markaziy hujumchisiga aylandi. «Al-Hilol»ga gol, «Pachuka» bilan o‘yindagi golli uzatma va uchinchi tur o‘yinida yakuniy natijani o‘rnatish — Garsiya har turda o‘z nomini protokolga yozdirib qo‘ymoqda. Uning navbatdagi muvaffaqiyatidan keyin «Zalsburg»da faqat «Pachuka»dan umid qilish varianti qolgandi.
Va meksikaliklar yordam berib yuborishi ham mumkin edi, ikkinchi bo‘lim davomida Bunu qo‘riqlayotgan darvoza oldida bir necha marta parokandalik yuzaga keldi. «Pachuka» hisobni tenglashtirganida, jamoa darvozaboni kun qahramoniga aylangan bo‘lardi, u hisob 1:0 ekanida yakkama-yakka vaziyatga chiqib kelgan Markos Leonardoga gol urishiga yo‘l qo‘ymagandi. Ammo so‘nggi so‘zni baribir qo‘shimcha daqiqalarda gol urgan ushbu braziliyalik hujumchi aytdi. «Al-Hilol» — guruhdan ikkinchi o‘rin bilan chiqdi va 1/8 finalda «Manchester Siti»ga ro‘baru bo‘ladi. «Real»ni esa «Yuventus» bilan o‘yin kutmoqda.
«Shaharliklar» yorqin g‘alabaga erishib, guruh peshqadamiga aylandi
G guruhi
«Yuventus» — «Manchester Siti» 2:5
Gollar: Kopmeyners (11), Vlahovich (84) — Doku (9), Kalulu (26, avtogol), Holand (52), Foden (69), Savinio (75).
«Yuventus» — Di Gregorio, Kalulu, Savona (Gatti, 60), Kelli, Koshta (Kambiyazo, 57), Lokatelli (Tyuram, 57), Makkenni (Ajich, 83), Kostich, Gonsales, Kopmeyners (Yildiz, 57), Vlahovich.
«Manchester Siti» — Ederson, Nunesh, Diash, Akanji, Ayt-Nuri (O'Rayli, 75), Rodri (Gundo‘g‘an, 66), Silva (Sherki, 75), Reynders, Savinio, Marmush, Doku (Foden, 66).
Ogohlantirish: Kalulu (64).
Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati so‘nggi turiga pley-off repetitsiyasi sifatida qarash ham mumkin. Aytish mumkinki, «Yuventus» va «Siti» uchun turnirning bu bosqichi amalda payshanba kuni boshlandi, chunki G kvartetidan ikkinchi o‘rin bilan chiqadigan jamoa 1/8 finalda «Real»ga qarshi o‘ynashi, g‘olibga esa — «Zalsburg» va «Al-Hilol»dan biri raqib bo‘lishi ehtimoli yuqori edi. Shunga qaramay, pley-offga chiqib bo‘lgan jamoalar raqib tanlash uchungina barchasini o‘rtaga tashlashi ham ahmoqlik bo‘lardi. Shuning uchun kichik jarohati bo‘lgan Holand o‘yinni zaxira o‘rindig‘ida boshladi, shu bilan birga, Rodri sentabr oyidan buyon ilk bor boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi. «Yuventus»da esa asosiy hujum uchligi almashtirildi. Bundan tashqari, mavsumni ijara asosida «Fenerbahche»da o‘tkazgan Kostich bu mavsumda byankonerilar uchun o‘ynadi.
O‘yinni ikki tomon ham dadil harakatlar bilan boshladi. Ilk daqiqalardayoq «Siti»ning yozdagi xaridlaridan biri Ayt-Nurining jarima maydoniga uzatmasi bilan hisob ochilishi mumkin edi, ammo biroz o‘tib u baribir assist muallifiga aylandi. Uning uzatmasidan Doku unumli foydalanib, to‘p bilan jarima maydonida erkin harakat qildi va olis burchakni aniq nishonga oldi.
Keyin esa futbolchilar navbati bilan qovun tushira boshladi. Avvaliga odatda oyoqda juda yaxshi o‘ynaydigan Ederson to‘pni o‘z darvozasiga kiritib yubordi. Keyin esa turinliklar safidagi Kalulu qanotdan oshirilgan to‘pni o‘z jamoasi darvozasiga yo‘llab qo‘ydi, holbuki himoyachining yonida raqiblardan hech kim yo‘q edi. U to‘pni shunchaki o‘tkazib yuborishi yoki to‘xtatib olishi ham, uni shunchaki maydon tashqarisiga chiqarib yuborishi ham mumkin edi.
Bu xatodan keyin «Siti» hisobda oldinga chiqib oldi va to‘pni raqib jarima maydoni yaqinida olib yurish bilan mashg‘ul bo‘ldi. «Yuventus» xuddi yutayotgandek bor e’tiborni himoyaga qaratdi. Birinchi bo‘lim oxirida esa kuchli yomg‘ir va shamol boshlandi. Translatsiyada maydondagi futbolchilar ko‘rinmay ham qoldi. Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida oltinchi o‘yin ham chaqmoq tufayli to‘xtatilishi xavfi paydo bo‘ldi.
Ko‘p o‘tmay vaziyat yaxshilandi, lekin kuchli jala o‘yinga ta’sir qilmay qolmagandi. Tanaffus arafasida Marmush burchakdan to‘pni ko‘ngildagidek oshira olmadi, Lokatelli esa to‘pni jarima maydonidan uzoqlashtirishda muammoga duch keldi.
Ikkinchi bo‘lim Marmush o‘rniga Holand tushishi bilan boshlandi, norvegiyalik hujumchi to‘pga ilk teginishidayoq gol urishi mumkin edi. Lekin u bir necha daqiqa o‘tib baribir o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Hisob 3:1 ko‘rinishiga o‘zgargach, «Yuventus»da amalda g‘alaba imkon qolmadi. Savonaning jarohati italyanlarning holatini yanada og‘irlashtirdi. Ushbu himoyachi Holand bilan to‘p uchun kurashda oyog‘ini qayirib olib, maydonni shifokorlar ko‘magida tark etishga majbur bo‘ldi.
«Siti» o‘yinni susaytirmadi va tom ma’noda raqibni taslmi etdi. Inglizlarning to‘rtinchi goli raqibni shunchaki masxara qilishga aylandi. Holand, Savinio va Foden raqib jarima maydonida osonlik bilan pas o‘ynab, hujumni bo‘sh darvozani ishg‘ol etish bilan yakunlashdi. Keyin esa Savinio o‘zi gol urdi — u to‘qqizlik tomon zarba yo‘lladi va to‘p to‘singa tegib, to‘rga yo‘l oldi. Orlandodagi stadionda braziliyalik futbolchi golini nishonlayotganida Samba de Janeiro qo‘shig‘i yangradi. Vlahovichning o‘yin oxiridagi javob goli esa «Siti»ning oqshomini buza olmadi — 5:2. Inglizlar uch o‘yinda uch g‘alabaga erishib, guruhda birinchi o‘rinni egalladi va nisbatan oson raqib, «Al-Hilol»ga ega bo‘ldi, ikkinchi o‘rin bilan chiqqan «Yuventus» «Real» bilan o‘ynaydi.
Pley-off setkasi
«Siti» va Husanov nisbatan oson yo‘lda, «Real» hamda «PSJ»dan esa faqat bittasi finalga chiqishi mumkin.
Mavzuga oid

10:10 / 23.06.2025
«Manchester Siti» «Al-Ayn»ni mag‘lub etdi. Abduqodir Husanov 61 daqiqa o‘ynadi

12:31 / 20.06.2025
«Inter Mayami» Messining shedevri bilan kambek qildi, «PSJ»da sensatsion mag‘lubiyat

12:27 / 19.06.2025
Alonso «Real»da durang bilan boshladi, «Siti»da oson g‘alaba

11:48 / 17.06.2025