Jahon | 21:48 / 29.06.2025
1104
3 daqiqa o‘qiladi

Blue Origin kapsulasi 6 nafar turist bilan suborbital parvozni amalga oshirdi

Suborbital parvoz davomiyligi qariyb 10 daqiqani tashkil etadi. New Shepard kosmik kemasida turistik parvoz narxi 500 ming dollar atrofida baholanadi.

Foto: Blue Origin

New Shepard kosmik kemasi olti nafar turist bilan 29 iyun, yakshanba kuni suborbital parvozni amalga oshirdi. Bu haqda Blue Origin kompaniyasi xabar berdi.

NS-33 ekipaji tarkibidan ekofaol Elli Kyuner hamda uning turmush o‘rtog‘i — Building and Land Technology kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Karl Kyuner, filantrop va transport kompaniyalarining sobiq rahbari Leland Larson, biznesmen kichik Freddi Reskino, yuristlar Ovolabi Salis hamda Jim Sitkin o‘rin oldi.

New Shepard Texas shtatida g‘arbidagi Van-Xorn shahri yaqinidagi Corn Ranch maydonchasidan start oldi. Parvoz 10-11 daqiqa davom etdi.

Tijoriy parvozlar uchun yaratilgan ko‘p martalik New Shepard raketasi 18 metrli bir pog‘onali tashuvchiga va olti kishiga mo‘ljallangan tushuvchi kapsulaga ega. U avariyaviy qutqaruv tizimi va parashyutlar bilan jihozlangan.

110 soniya davom etadigan vertikal ko‘tarilishdan keyin tushuvchi apparat tashuvchidan ajralib, inersiya bo‘yicha taxminan 105 kilometrgacha balandlikka chiqadi. Umumiy hisobda ichida kosmik turistlar bo‘lgan kapsula parvozning eng yuqori nuqtasida uch daqiqaga yaqin qoladi.

Shundan keyin kapsula parashyut tizimlari yordamida yumshoq qo‘nishni, NS-5 tashuvchi raketasi esa mustaqil qo‘nishni amalga oshiradi.

New Shepard kosmik kemasida turistik parvoz narxi 500 ming dollar atrofida baholanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil iyul oyida milliarder Jyeff Bezos shaxsan Blue Origin kompaniyasining New Shepard raketasida koinotga uchgandi. O‘shanda u bilan birga bortda uning akasi Mark, 82 yoshli uchuvchi Uolli Fank va 18 yoshli niderlandiyalik Oliver Demen bo‘lgan. Joriy yilning fevral oxirlarida Blue Origin kapsulasi kosmosga turistik parvozni muvaffaqiyatli amalga oshirgandi. Aprel o‘rtalarida esa Blue Origin kompaniyasi faqat ayollardan iborat ekipaj bilan New Shepard raketasini uchirishga muvaffaq bo‘ldi.

Mavzuga oid