Eco Expo Central Asia 2025 ko‘rgazmasi doirasida 120 dan ortiq kelishuv imzolandi

Foto: Ekologiya va iqlim vazirligi
2025 yil 19–21 iyun kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan Eco Expo Central Asia xalqaro ekologik texnologiyalar ko‘rgazmasi ekologiya va barqaror rivojlanish yo‘nalishida muloqot, tajriba almashinuvi va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha eng yirik maydonga aylandi.
«Tadbir keng ko‘lamda tashkil etilib, unda ekologik tashkilotlar rahbarlari, 30 dan ortiq xalqaro tashkilot vakillari, qariyb 300 nafar xorijiy ekspert, 30 ta elchixona va konsullik vakolatxonalari, 400 dan ortiq xususiy sektor, startap va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdi. Umuman olganda, ko‘rgazmaga 5 000 dan ortiq kishi tashrif buyurdi, bu esa ekologik masalalarga qiziqish yuqori ekanini va tadbirning mintaqa uchun muhimligini ko‘rsatadi», – deyiladi ekologiya vazirligi xabarda.
Ko‘rgazma doirasida milliy va xalqaro tashkilotlar, hududlar hamda startaplarga tegishli 101 ta stend namoyish etildi. Eng yaxshi ekspozitsiyalar taqdirlandi. Ekologiya vazirligining tizim tashkilotlaridan: Ekologik ekspertiza markazi, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyot agentligi, O‘rmon va yashil hududlarni kengaytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi hamda «Yashil loyiha» loyiha instituti alohida e’tirof etildi. Xalqaro ishtirokchilar orasida esa Qozog‘iston Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi, Birlashgan Arab Amirliklaridagi Xalqaro biosho‘r qishloq xo‘jaligi markazi (ICBA), Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon ekologiya va geografiya instituti, shuningdek, O‘zbekistonning Samarqand, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi stendlari munosib baholandi.
Ko‘rgazmaning eng muhim natijasi – 126 ta bitim va anglashuv memorandumi imzolanishi bo‘ldi. Ushbu hujjatlar yashil dizayn, chiqindilarni qayta ishlash va bioxilmaxillikni muhofaza qilishdan tortib o‘rmonlarni qayta tiklash, suvni muhofaza qilish, havo sifati monitoringi va ekoturizm sohalarida innovatsion texnologiyalarni joriy etishgacha bo‘lgan keng ko‘lamli sohalarni qamrab oladi.
Asosiy shartnomalar orasida quyidagilarni alohida e’tirof etish mumkin:
– GIZ (Germaniya) bilan barqaror shahar rivojlanishi yo‘nalishida yangi loyihalarni boshlash;
– Xitoy, Bolgariya va Latviya kompaniyalari bilan o‘rmon xo‘jaligi sohasida hamkorlik;
– Qozog‘iston, Koreya, Xitoy va Yevropa davlatlari bilan chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha innovatsion yechimlarni joriy etish;
– O‘zbekistonning gidrometeorologik tarmog‘ini modernizatsiya qilish;
– UNDP, Jahon banki va JICA bilan ekoturizm va madaniy merosni asrash loyihalari;
– «Yashil makon» umummilliy loyihasini qo‘llab-quvvatlash;
– Biotexnologiyalar, havo filtrlash, barqaror suv ta’minoti va energiya tejovchi loyihalarni hududlarda amalga oshirish.
Bitimlar milliy darajada ham, mintaqaviy darajada ham imzolangan bo‘lib, bu O‘zbekistonda olib borilayotgan ekologik siyosatning kompleks va izchil xarakterini, shuningdek, hududlarning «yashil iqtisodiyot»ni ilgari surishdagi faolligini namoyon etadi.
Eco Expo Central Asia nafaqat ilg‘or texnologiyalar namoyish etilgan maydon, balki amaliy hamkorlik va aniq tashabbuslar uchun samarali platformaga aylandi. Ko‘rgazma davomida erishilgan kelishuvlar ekologik barqaror rivojlanishga o‘tishda mustahkam zamin yaratadi hamda O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi ishonchli va mas’uliyatli hamkor sifatidagi obro‘sini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mavzuga oid

19:59 / 27.06.2025
Atlantika okeanida 1000 bochkadan ortiq radioaktiv chiqindilar topildi

13:15 / 26.06.2025
O‘zbekistonda biogazdan metan ishlab chiqariladi

15:40 / 24.06.2025
Chilonzorda yana daraxtlar kesildi. Ekologiya organi sukutda

13:10 / 23.06.2025