Jahon | 09:58
9777
4 daqiqa o‘qiladi

Tehronda Isroil zarbalari qurboni bo‘lgan general va olimlarning dafn marosimi o‘tkazildi – fotolar

Eron hukumati tadbirga million kishi kelganini aytmoqda.

Tehronda 28 iyun kuni Isroil Eron yadro quroli yaratishiga to‘sqinlik qilish uchun yo‘llagan zarbalar oqibatida halok bo‘lgan yuqori martabali harbiylar va atomchi olimlar bilan vidolashuv marosimi o‘tkazildi. Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni Husayn Salomiy, korpus aerokosmik kuchlari boshlig‘i Amir Ali Hojizoda va isroilliklarning amaliyoti natijasida o‘ldirilgan boshqalarning tobutlari Tehron ko‘chalari bo‘ylab olib o‘tilgan.

Tobutlar ortilgan yuk mashinalari ortidan ergashgan o‘n minglab kishilar «Isroilga o‘lim!» va «AQShga o‘lim!» shiorlarini hayqirishdi, deya holatni tasvirlaydi Associated Press. «Eronning minnatdor va qahramon xalqi 60 shahid jasadlari qoldiqlarini so‘nggi yo‘lga kuzatdi», — deya yozgan Erondagi IRNA agentligining rus bo‘limida e’lon qilingan xabarda, unda «marosimda harbiy va fuqarolik sohasidagi rahbarlar, shuningdek, aholining turli qatlamlari vakillari ishtirok etgani» keltirilgan.

Associated Press xabar berishicha, Eron rasmiylari motam marosimida million kishi qatnashgani haqida xabar bergan. Bu bayonotni operativ tekshirish imkoni yo‘q, deya yozadi AP, shu bilan birga, uzunligi taxminan 4,5 kilometr chiqadigan Tehronning asosiy magistral yo‘li bo‘ylab kortejlar harakatlangan yo‘nalish bo‘ylab odamlar zich harakatlangani qayd etilgan.

Dafn marosimi 28 iyun kuni o‘tkazilgan ko‘plab yuqori martabali harbiylar va atomchi olimlarning aksari Isroil 13 iyun kuni boshlagan amaliyotning ilk kunidayoq o‘ldirilgandi. Isroil armiyasi amaliyot boshlagach, Eron ham ushbu mamlakat hududini raketalar bilan o‘qqa tutdi. Eron zarbalari oqibatida Isroilda 28 kishi halok bo‘lib, 1300 dan ortiq kishi yaralangan. 22 iyun kuni AQSh ham Eron yadroviy obektlari bo‘ylab zarbalar yo‘lladi. Bir kun o‘tib AQSh prezidenti Donald Tramp Eron va Isroil o‘t ochishni to‘xtatishga kelishganini ma’lum qildi.

Quyida o‘ldirilgan eronlik harbiylar va olimlar bilan vidolashuv marosimida olingan fotosuratlar.

Tobutlar solingan yuk mashinalari Tehron markazidagi Inqilob maydonida o‘ldirilgan harbiylar va olimlarning portretlari oldidan o‘tmoqda
Atta Kenare / AFP / Scanpix / LETA
Eronlik ayollar 13 iyun kuni Isroil zarbasi oqibatida halok bo‘lgan Eron qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Muhammad Bag‘iriy portreti bilan
Abedin Taherkenareh / EPA / Scanpix / LETA
Tehron markazidagi motam marosimi ishtirokchilari
Vahid Salemi / AP / Scanpix / LETA
Abedin Taherkenareh / EPA / Scanpix / LETA
Eron aholisi vakillari Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni Husayn Salomiyning jasadi solingan tobutga qo‘l tekkizishga urinmoqda.
Vahid Salemi / AP / Scanpix / LETA
Majid Asgaripour / West Asia News Agency / Reuters / Scanpix / LETA

Mavzuga oid