O‘zbekiston | 17:49
7536
4 daqiqa o‘qiladi

Mashina olib berish bahonasida 840 dan ortiq odamni chuv tushirgan guruh qo‘lga olindi

O‘zbekistonning turli hududlarida MChJlar ochib, past foizda mashina olib berishni va’da qilgan holda, yuzlab odamlarni chuv tushirgan shaxslar ushlandi. Umumiy yetkazilgan zarar 50 mlrd so‘mdan oshadi. Holat bo‘yicha Maxsus tezkor shtab tuzildi.

Foto: IIV

Past foizda avtomashina yetkazib berishni va’da qilib, fuqarolardan kelib tushgan mablag‘larni o‘zlashtirib yuborgan shaxslar ushlandi, deb xabar beradi IIV matbuot kotibi.

Qayd etilishicha, bir guruh shaxslar past foizda (6-12 foiz) avtomashina sotib olish niyatidagi fuqarolarga istalgan turdagi avtomashinani yetkazishi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ibot olib borgan.

Ular Toshkent shahri va respublikaning turli nuqtalarida (Andijon, Namangan, Farg‘ona, Sirdaryo, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari hamda Nukus shahrida) «Umid avto companies», «Umid Savdo Fayz Invest», «Umid Avto Lizing», «Umid Auto», «Group Of Companies Ual», «Umid Avto-Tashkent», «Orient Auto», «Umid Lizing Tashkent», «Orient Avto-Lizing», «Umid Auto Leasing», «Group Of Orient Auto», «Imkon Auto Xizmati», «Umid Avto Companies», «Busines Orientauto», «Umid Auto Xizmati», «Orient Auto Hamkor», «Imkon Avto Markaz», «Avtovariant», «Ava Orientauto», «Ava Umidavto», «Avto Ijara Xizmati», «Umid Auto Business Toshkent», «Orient Auto Leasing», «Orient Auto Toshkent», «Ilgor Lizing» va «Orient Finans Lizing» kabi MChJlarni tashkil etib, mijozlar bilan dastlab bo‘nak (avans) shartnomalarini tuzgan holda, 120 kun mobaynida avtomashina yetkazilishini va’da qilib, shartnoma shartlarini bajarmasdan, fuqarolardan kelib tushgan mablag‘larni o‘zlashtirish bilan shug‘ullanib kelgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi «a,v» bandlari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 843 nafar fuqaro jabrlanuvchi deb topilgan bo‘lib, umumiy 50,1 milliard so‘m zarar aniqlangan. Jamiyatlarga tegishli 339 dona transport vositalari xatlangan. Ishga aloqador 9 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hozirda ichki ishlar vazirining o‘rinbosari polkovnik Ramazon Ashropov boshchiligida tegishli mutaxassislar jalb etilgan holda Maxsus tezkor shtab tuzilgan. Shtab IIV Transport va turizm obektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti binosida har kuni soat 09:00 dan 21:00 ga qadar ish olib bormoqda.

Suratdagi shaxslarning jinoiy faoliyatidan xabardor bo‘lgan, shuningdek, yuqoridagi MChJlarning noqonuniy faoliyatidan jabrlangan fuqarolardan Tezkor shtabga yoki 102 qisqa raqamiga murojaat qilishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Kun.uz «Umid auto leasing»dan odamlar norozi ekani, firma bilan shartnoma tuzganlar pulini ham, mashinalarini ham ololmayotgani haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Shu yil 6 yanvar kuni bo‘lgan suhbatda MChJ rahbari Abdumannop Abdurahmonov Kun.uz’ga izoh berib, mashinalar o‘z vaqtida topshirilmaganini 2022-2023 yillarda bir necha o‘nlab lizing kompaniyalar yoppasiga yopilib ketgani bilan izohlagan edi. Bir necha kun o‘tib, Abdurahmonov qamoqqa olingandi.

Mavzuga oid