O‘zbekiston | 22:33 / 30.06.2025
1599
7 daqiqa o‘qiladi

Prezident yoshlar bilan uchrashdi, ko‘chmas mulk savdosi naqdsiz shaklga o‘tkazilishi mumkin va yoshlarga imtiyozli ta’lim krediti beriladi - mahalliy dayjest

Yoshlar kunida prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Firibgarlikda ayblangan fuqaro Turkiyadan deportatsiya qilindi. O‘zbekistonda ko‘chmas mulk savdosini naqdsiz shaklga o‘tkazish rejalashtirilyapti. YaTTga zargarlik buyumlarini sotish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi. Kun davomida Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi

Bugun, 30 iyun — Yoshlar kunida prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv avvalida davlat rahbari hozirgi vaqtda dunyo notinch va murakkab bo‘lib borayotganini, tinchlik – eng buyuk ne’mat, inson qadri va adolat – eng oliy qadriyat ekani har qachongidan ham chuqur his etilayotganini ta’kidladi.

Prezident mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, hududini namunali qilgan viloyat va tumanlar ko‘pligini qayd etdi. Masalan, yosh tadbirkorlar tashkil qilgan 261 ta korxonaning yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan oshgan.

Shuningdek, ta’kidlanishicha, respublika bo‘yicha 15 mingga yaqin o‘quv va 7,5 mingta kasbga tayyorlash markazlari mavjud bo‘lib, so‘nggi yillarda ularga 100 dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berilgan.

Prezident ushbu markazlarga ham murojaat qilib, hozirgi ko‘rsatkichlar bilan cheklanib qolmaslikka, kengayishga, zamonaviy kasblar va xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlarni ko‘paytirishga chaqirdi, buning uchun har qanday sharoit yaratishga tayyorligini bildirdi.

«Yangi texnologiyalar asrida kim yutadi? Faqat kreativ fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasblarni egallagan mutaxassislar. Shijoatingizdan ko‘rib turibman, albatta siz, yoshlar bu korxonalarni boshqarib, katta-katta kashfiyotlar qilasizlar, ularga innovatsiyalarni olib kirasizlar! Shu bois hozirdanoq bunday loyihalarga kadrlar tayyorlashni boshlaymiz», — dedi davlat rahbari.

Bundan tashqari, yoshlar bilan uchrashuvda «Garvardchilar» maktabi Beruniy nomidagi xalqaro maktab sifatida faoliyatini boshlab yuborgani qayd etildi. Ushbu xalqaro maktabga bu yilgi 8-sinf bitiruvchilari orasidan 60 nafar o‘quvchi saralab olinadi va 3 ta yo‘nalishda o‘qitiladi. Kelgusida o‘quv o‘rinlari karrasiga ko‘paytiriladi.

Umuman, milliy dastur asosida har yili eng salohiyatli 3 ming o‘quvchi seleksiya qilinib, Garvard, Yyel, Kolumbiya, Kornel kabi dunyoning nufuzli oliygohlariga tayyorlanadi.

Endi top-300 talik oliygohga kirganlar uchun o‘qish va yashash xarajatini qoplash tizimi yangi tartibda ishlay boshlaydi.

Eng avvalo, STEM yo‘nalishlari, energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura, qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi kabi drayver sohalar uchun kvotalar bir necha karra oshiriladi. Endilikda banklar top-300 talik oliygohga kirgan yoshlarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti beradi.

Qimmatbaho metall va toshlar noqonuniy muomalasi uchun javobgarlik joriy etiladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida valuta qimmatliklari, qimmatbaho metallar va toshlar muomalasiga oid qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Hujjat qimmatbaho metallar va toshlarni noqonuniy olganlik yoki o‘tkazganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni joriy etishni nazarda tutadi.

Valuta tushumlarining bir qismini majburiy sotishdan bo‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni bekor qilish ko‘zda tutilgan. Mazkur qoidabuzarlik uchun mansabdor shaxslarga hozirda bazaviy hisoblash miqdorining 8 baravaridan 12 baravarigacha, ya’ni 4,5 million so‘mgacha jarima solinadi.

Firibgarlikda ayblangan fuqaro Turkiyadan deportatsiya qilindi

Firibgarlik jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan hamda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan qidiruvga berilgan 29 yoshli o‘zbekistonlik Turkiyaning Istanbul shahrida qo‘lga olindi va O‘zbekistonga deportatsiya qilindi.

Bu O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti hamda Istanbul shahridagi Bosh konsulxona bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida amalga oshirildi.

IIV ushbu shaxsning noqonuniy harakatlaridan jabrlangan fuqarolar bo‘lsa, yaqin oradagi ichki ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqamiga murojaat qilishini so‘radi.

Ko‘chmas mulk savdosini naqdsiz shaklga o‘tkazish rejalashtirilyapti

Senatning sakkizinchi yalpi majlisida Soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev uy-joy oldi-sotdisi bo‘yicha barcha operatsiyalarni faqat banklar orqali naqd pulsiz shaklga o‘tkazish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, ko‘plab davlatlar 2030 yilgacha naqd pulsiz hisob-kitoblarga to‘liq o‘tishni maqsad qilib qo‘ygan. «Shuningdek, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalardan boshlab yirik to‘lovlarni naqd pulsiz shaklga o‘tkazishni rejalashtirganmiz», — deydi Mirzayev.

Hozirda uy-joy oldi-sotdisi asosan naqd pulda amalga oshirilmoqda. Yangi qoidalarga ko‘ra, to‘lovlar faqat banklar orqali, qonuniy shaklda amalga oshiriladi.

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosariga ko‘ra, bu chora yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga qaratilgan. Qaror loyihasi allaqachon barcha vazirlik va idoralar bilan kelishib olingan.

YaTTga zargarlik buyumlarini sotish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi

«Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 sentabrdan yakka tartibdagi tadbirkorlarga zargarlik buyumlarini sotish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi.

Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi tomonidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida zargarlik buyumlarining asillik darajasini tekshirish va ularni tamg‘alash bo‘yicha sayyor xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, 2026 yil 1 yanvardan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmani QQSdan ozod qilishga oid imtiyoz; oltindan yasalgan zargarlik buyumlarini chakana savdoda sotganlik uchun yig‘im bekor qilinadi.

Mavzuga oid