Xitoyda odamsimon robotlar ishtirokidagi ilk futbol turniri bo‘lib o‘tdi
Robot-futbolchilar mustaqil ravishda, operatorlar yordamisiz, faqat o‘z sun’iy intellektiga tayangan holda harakat qildi.

Foto: AP
Xitoyda butunlay avtonom va to‘liq o‘lchamli odamsimon robotlar o‘rtasidagi birinchi futbol turniri – Robo League bo‘lib o‘tdi. Androidlar mustaqil ravishda, operatorlar yordamisiz, faqat o‘z sun’iy intellektiga tayangan holda harakat qildi.
O‘yinlar 10 daqiqadan ikki taym davom etdi. Robot-futbolchilar uchga uch o‘ynadi, ko‘pincha kulgili tarzda qoqildi va yiqildi, hatto ba’zilarini zambilda olib ketishga ham to‘g‘ri keldi. Turnirda Sinhua talabalari jamoasi g‘alaba qozondi, deb yozdi Interesting Engineering.
Robotlar maydon bo‘ylab mustaqil ravishda harakatlandi, to‘pni 20 metrgacha bo‘lgan masofada 90 foizdan ortiq aniqlik bilan payqadi. Shuningdek, ular maydon chegaralarini, darvoza pozitsiyasini, jamoadoshlari va raqiblarini to‘g‘ri aniqlay oldi. Ammo mashinalar to‘siqlarni chetlab o‘tishda qiyinchiliklarga duch keldi.
«Bir yil oldin robotlar o‘yin vaqtida zo‘rg‘a harakat qilardi, yiqilib tushganda doimiy ravishda buzilib qolardi. Xavfsizlikni ta’minlash uchun odam yordami kerak edi. Endi ular avtonom o‘ynamoqda va sekundiga 1 m tezlikka erisha oldi», dedi turnir tashkilotchilaridan biri.
Bunday o‘yinlarni Xitoyda muntazam ravishda o‘tkazish rejalashtirilgan va shu yilning avgust oyida yana ham yirik Butunjahon odamsimon robot o‘yinlari bo‘lib o‘tadi, unda boshqa musobaqalar ham o‘tkaziladi.
Futbol musobaqalaridan tashqari, Xitoyda odamsimon robotlar boshqa sport turlarida ham raqobatlashadi. May oyida Xanchjouda gumanoid mashinalar o‘rtasida boks bo‘yicha dunyodagi birinchi turnir bo‘lib o‘tdi. Tadbir «Real Steel» filmidagi lavhalarni eslatdi, unda yaqin kelajakda ringdagi bokschilar o‘rnini odamlar tomonidan boshqariladigan ulkan robotlar egallaydi.
Bundan oldinroq Xitoy robotlar va odamlar ishtirokidagi dunyoning birinchi yarimmarafoniga mezbonlik qilgan edi. Poygada 12 ming odam va 20 dan ortiq android ishtirok etdi, biroq ularning hammasi ham marraga yetib borolmadi.
Mavzuga oid

18:31
Hirosimadan Abu Dabigacha. O‘zbek futboli tarixidagi 10 ta muhim g‘alaba

17:05
Xitoy blekaut keltirib chiqaradigan qurol yaratganini e’lon qildi

11:08
Xitoy elektr tamoqlarini ishdan chiqaradigan raketaning «yangi turi»ni namoyish etdi

15:53 / 27.06.2025