Inqiroz manzaralari: nurab yotgan issiqxonalar – har bir hududda
O‘zbek issiqxonachilari nafaqat an’anaviy tashqi bozorlarni, hatto ichki bozorni ham Turkmanistonga boy bermoqda. Bozorlarimizda Xitoy pomidorlari paydo bo‘la boshlagani ham – sohaning jar yoqasiga qarab ketayotganidan darak. Kun.uz muxbiri Shokir Sharipov Meva-sabzavotchilar assotsiatsiyasi raisi Abdurahim Abduvaliyev bilan Buxoro, Qashqadaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida bo‘lib, milliardlab mablag‘ sarflangan, hozir esa barbod ahvolda yotgan issiqxonalarga guvoh bo‘ldi.

Tasavvur qiling, iqlim o‘zgardi, jazirama issiqlar ko‘payib, yomg‘irlar kamayib ketdi. Suv kamligidan yashil yerlar cho‘lga aylana boshladi va yegulik yetishtirish qiyinlashib ketdi.
Mana shunday paytda bizlarga issiqxonalar yordamga keladi. Zamonaviy issiqxonalar suv va boshqa ashyolarni kam sarflab, ko‘p mahsulot yetishtiradigan, tashqarida qumbo‘ron bo‘lib yotsa ham ichkarida muhiti o‘zgarmaydigan bir mega-binolardir. Istaymizmi, yo‘qmi biz shunday istiqbolga qarab ketyapmiz va yaqin kelajakda qaysi mamlakatda zo‘r issiqxonalar ko‘p bo‘lsa, boshqalardan ustun bo‘ladi, boshqalar ularga qaram bo‘ladi. Qaram bo‘lmaslik uchun esa issiqxonachilikni rivojlantirish kerak – ularni rivojlantirish uchun tadbirkorlarga imkon berish kerak – davlat yomon menejer, buni qilolmaydi.
Xatarlarga to‘la bunaqa istibolga tayyorgarlik ko‘ryapmizmi? Ko‘rsatuvimizni ko‘rib, bu haqda bilib olasiz – ma’lumotlangan odam – qurollangan odam.
Issiqxonachilik sohasi holatini o‘rganish uchun avval Buxoroga bordik – juda ko‘plab issiqxonalar mujassam bo‘lgan hududga. Bu issiqxonalardan biri, ahvolini ko‘rib turibsiz.
O‘ylaman, izlab-izlab shunaqa abgor issiqxonani topib olishibdi deb. Yo‘q, ko‘plab issiqxonalar mana shu ahvolda va nega bu holga kelib qolgani bilish uchun O‘zbekiston issiqxonachilar uyushmasini savolga tutdik.
- Abdurahim, biz tavakkaliga mana shu issiqxonani tanladik. Endi sizga savol, qay sababdan mana shu holga keldi bu issiqxona?
- Ko‘rib turganlaringiz, Janubiy Koreyaning zamonaviy ikki gektarlik, 20 ming kvadrat metrlik issiqxonasi. Nima sababdan bunaqa holatga kelib qoldi? Sabablardan biri – kreditlar. 2018 yilda tadbirkor 5 milliard so‘m kredit olgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, ana shu 5 milliard so‘m 8,5 milliard so‘mga aylangan.
- Men bir narsaga tushunmayapman, birgina valuta oshishi bilan kreditlar shunaqa qimmatlashi mumkinmi?
- 2018, 2019 yillarda kreditlar olingan. O‘sha davrda dollarning kursi 8300-8400 so‘m atrofida bo‘lgan, 1 dollarga. Hozirgi kunga kelib, 12900, 12800 so‘m atrofida. 50% ga yaqin o‘sish. Ikkinchi sabab, o‘zgaruvchan kursda – LIBORʼda olingan kreditlar. London birjasidagi o‘zgaruvchan kursga bog‘langan. Kurs farqining o‘zi 50% ga oshgan bo‘lsa, o‘zgaruvchan kurs ikki baravarga oshgan.
- Ikkinchi sabab?
- Esingizda bo‘lsa, uch kun mobaynida butun Markaziy Osiyo davlatlarida svet bo‘lmadi. Zamonaviy issiqxonalar bu, albatta, energetikaga juda ham bog‘liq bo‘lgan issiqxonalar. Juda ham katta miqdorda yo‘qotishlar bo‘lgan. Undan keyingi omil bu – COVID. Ikki yil mobaynida...
- Mahsulotni eksport qilib bo‘lmadi o‘sha vaqtda.
- Ha, ichki bozorda sotdik. Bu – zamonaviy issiqxonalar valutada olingandan keyin eksport qilmasa, o‘zini-o‘zi qoplashi qiyin bo‘ladi. Uchinchi omil: esingizda bo‘lsa, 28 gradus sovuq bo‘ldi. Stress holatiga tushgandan keyin o‘simlik umuman ishlashdan to‘xtaydi, gullagan gullari yoki boshqa narsasini – hammasini to‘kib yuboradi, boshqatdan tiklanishni boshlaydi. Omillar to‘planib-to‘planib, yakunda, 2025 yilga kelib, issiqxonachilar o‘ta qiyin ahvolga kelib qoldi.
- Lekin kreditni to‘lashi kerak... Ehtimol, mana shu issiqxona ham bankning hisobiga o‘tgan bo‘lishi mumkin.
- Albatta, bo‘lishi mumkin. Bunaqa qarovsiz holatdagi issiqxona bank balansiga o‘tgan yoki o‘tish jarayonidagi issiqxonalardan bittasi. Mendagi bor ma’lumotlarga qaraganda (2025 yil may holatida) 120 gektardan oshiqroq issiqxona banklar balansiga o‘tgan. Bu taxminan 1200 ta, 1500 ta doimiy ishchi degani. Hozir ular ishsiz.
- Biz e’tibor qildik, ba’zi temir quvurlar yerning ichida qolib, zanglab yotibdi. Bu ham ham isrof-da.
- Men sizga aytsam, misol uchun, mana shu issiqxonani hozirgi holatidan tiklashga, to‘liq ishchi holatga keltiraman deydigan bo‘lsak, qurilishida ketgan xarajatning kamida 40% xarajati kerak bo‘ladi. Siz ko‘rib turgan isitish tizimlari to‘liq o‘rganib chiqiladi. Yuqoridagi parda – quyoshdan saqlaydigan ikki qavatli pardalar, bular hammasi yaroqsiz holatga kelgan. Plyonka yaroqsiz holatga kelgan to‘liq. Plastik materiallar, iplar, bular ham hammasi to‘liq yaroqsiz holga kelgan.
- Va davom etyapti yaroqsiz holatga kelishi.
- Uzog‘i ikki yildan keyin qayta tiklab bo‘lmaydigan holatga keladi.
- Lekin bular falon pulga qilingan. O‘zbekistonning yelkasiga tushgan pullar bular hammasi, buni to‘lash kerak.
- Taxminan 350,000-450,000 dollar atrofida har bir gektari uchun, o‘rtacha o‘sha paytdagi narx shunaqa bo‘lgan. Demak, bu yerda taxminan 700,000-750,000 dollar faqat konstruksiyaning o‘ziga ketgan, qurilishiga, boshqa narsalarni hisoblamaganda.
- Endi sizga savol: holat mana shu achinarli holga kelmasligi uchun nima qilsa bo‘lar edi o‘z vaqtida, o‘z o‘rnida, o‘sha paytda?
- Savolingizni ozgina o‘zgartiraman, “nima qilsa bo‘lardi”ni “nima qilsa bo‘ladi”ga. Hozirgi kunda juda katta miqdorda – minglab gektar issiqxonalar mana shu holatga kelish arafasida turibdi va savolingizga ana shularga ham yordam berish ma’nosida javob berishga to‘g‘ri keladi. O‘sha paytda qilmagan ishimizni hozir qilib, minglab gektar issiqxonalarni qutqarishimiz kerak. Ba’zi shartlarni bajarmasak, mana shu holatga kelamiz.
Birinchi o‘rinda, sohani davlat tomonidan kerakli mutaxassislar o‘rgangan holda, barcha to‘lovlarni, kredit to‘lovlari bo‘ladimi, hammasini to‘xtatib turishimiz kerak, ma’lum bir muddatga.
- Birinchi qadamimiz shu bo‘lishi kerak.
- Birinchi qadam — to‘xtatish kerak.
- Yanada tanazzulga uchramaslik uchun.
- Ha. Ikkinchi qilinadigan ish – olingan kreditlarning hammasini so‘mga o‘tkazishimiz. So‘mda olingan kreditga ta’sir qiluvchi omillar davlatning ichkarisida, valutada olinadigan kreditlarga tashqi omillar ham ta’sir qiladi. So‘mga o‘tkazgan holatda ham, qishloq xo‘jaligi sohasiga biznes ko‘zi bilan qaramaslik kerak...
Qishloq xo‘jaligiga butun dunyoda tadbirkorlikka qaraganday qaralmaydi. Bu yordamga muhtoj soha. Unga davlat va jamiyat doim yordam qilib turadi. Yordam bermasa, u o‘lib qolishi hech gap emas. Uni tiriltirish esa juda qiyin. Tabiiyki, baland foizli kreditlar emas, sohaga imkon qadar foizsiz pul beriladi. Bizdagidek fermerlarning ishiga aralashish, cheki-chegarasi yo‘q huquqsizliklarni aytsa ham bo‘ladi.
- Xo‘p, yana nima qilish kerak?
- Sohani rivojlantirish rejasini tuzib chiqishimiz kerak, rivojlangan davlatlar, Gollandiya bo‘ladimi, Ispaniya, Italiya davlatlarining tajribalarini o‘rgangan holda. Ma’lumotlarda bizda 6 ming gektardan oshiqroq issiqxona qurilgan deyotgan bo‘lsak, bugungi kunga kelib 4 ming gektardan sal ozroq issiqxona ishlayapti.
Bozorlarni yo‘qotdik
Biz Markaziy Osiyo uchun ham, MDX davlatlari uchun ham asosiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazuvchi davlat hisoblanganmiz. Hozir biz bozordan chiqib ketdik. Biz tannarxda raqobatlasha olmayapmiz.
- Bozorni boshqalar to‘ldirdi, shunaqami? Kim to‘ldirdi?
- Turkmaniston. Vaholanki, Turkmanistonda hozirgi kunda 1000 gektardan sal oshiqroq issiqxona bor. Va 1000 gektarlik issiqxona bilan ular bizni bozorlardan siqib chiqardi, xususan Rossiya bozoridan.
- Turkmaniston issiqxonachilari qanday qilib erishdi bunga?
- Bizning xatolarimizni o‘rgangan holatda, tizimli yondashuv bilan, ilmiy yondashuv bilan. Bu birinchisi. Ikkinchisi, ularga berilayotgan kreditlar, hozirgi kunda bizning issiqxonachilarimizga og‘ir yuk bo‘layotgan kreditlar masalasi u yerda deyarli yo‘q. Va eng asosiy ta’sir qiluvchi omil bu energetika, juda ham arzon. Ya’ni gaz ularda juda ham arzon. Ular arzon tannarxdagi mahsulot ishlab chiqarishni boshladi va bizga ham import qilib olib kelyapti.
- Bizning issiqxonachilar ular bilan umuman raqobatchi emas.
- Yo‘q.
- O‘zimizning issiqxonachilarimizni biz himoya qilmayapmiz, shunaqa bo‘lyaptimi?
- Bilasizmi, hozir biz nafaqat tashqi bozorni, biz uni yo‘qotib bo‘ldik, biz o‘z bozorimizdan chiqib ketyapmiz, sotishda qiynalyapmiz. Xitoydan ham kelyapti, Erondan ham kelyapti pomidorlar. Bozorimizda bu mahsulot sotilyapti.
- Xitoydan pomidor kelyapti deyapsiz, bu qonuniy kirib kelyaptimi yo noqonuniy?
- Yaxshi savol bo‘ldi. Biz bu savolni respublika karantin tashkilotiga bergan edik: “Nega Turkmanistondan kelayotgan importdan tashqari, Xitoydan, Erondan import qilyapmiz?” degan savolimizga karantin tashkilotining mas’ul vakillari “hech qanday Erondan yoki Xitoydan kirishga yo‘l yo‘q, ruxsat berilmagan”, degan gapni aytishdi.
O‘sha kunning o‘zidayoq ishchi guruh tuzildi va Toshkent viloyatida joylashgan FoodCity bozoriga bordik. Borganimizda Xitoydan kelgan pomidorlar sotilayotganini ko‘rdik. O‘sha sotuvchilar bilan gaplashganimizda, ular Xitoydan mahsulotlar uzoq vaqtdan beri kirib kelayotganini, ba’zi holatlarda Erondan ham mahsulot kirib kelayotganini aytishdi. Ishchi guruh xodimlari yonimizda edi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi xodimlari ham, karantin xodimlari ham.
- Bu yerda biz kontrabandaga guvoh bo‘lyapmizmi?
- Ruxsat berilmagan bo‘lsa, bu faqat kontrabanda bo‘lishi mumkin. Demak, hech qanday tekshiruvdan o‘tmagan bu mahsulot, tarkibi nimadan iboratligi umuman noma’lum.
- Bunaqa pretsedent bormi, demak, hozir ham bu sodir bo‘layotgan bo‘lishi mumkin.
- Shunday. Xitoydan kelgan mahsulotlarning alohida upakovkasi bor, har bitta mahsulotga ustiga yopishtirilgan, pomidor rasmi bilan xitoycha yozilgan emblemalari bor edi. Shu nakleykalarni yechib, yog‘och yashiklarga qayta taxlanayotganini ko‘rdik. Bu degani, hozirgi kunda ham agar bu mahsulot bizga kirayotgan bo‘lishi, biz esa qayerdan chiqqanini, tarkibi qandayligini bilmay, olib yeyapmiz.
- Tegishli idoralar e’tiboriga...
ShUNDAY DAVOM ETSA...
- Jo‘n, oddiy savol. Mana shu holda ketsa, nima bo‘ladi?
- Katta miqdordagi issiqxonalarimiz mana shu holatga keladi. Qayta tiklanmaydigan issiqxonalar bor, tiklab bo‘lmaydi. Buzib, metallolomga topshirish kerak.
- Holbuki, pul sarflangan u yerga ham.
- Millionlab pul sarflangan. Davlat pullari sarflangan.
- Nechta odam band bu sohada?
- Doimiy va mavsumiy ishchilarimiz bor, doimiy ishchilar issiqxonada yil bo‘yi yuradi. Mavsumiy ishchilar hosil chiqishni boshlaganidan keyin uni tozalashga, terishga...
- Raqamlarda aytavering.
- 150 ming atrofida. 90 foizi – ayollar. Bu raqam – faqat o‘sha issiqxonaning ichidagilar. Bundan tashqari, o‘g‘it yetkazuvchilar, bozordagi sotuvchilar, yashiklarni ishlab chiqaruvchilar, plyonkani yopadigan ustalar bor. Bularni ham hisobga oladigan bo‘lsak, bu raqam kamida ikki-uch baravarga oshadi.
- Endi sizga yana bitta savol: holat shu holgacha kelguncha nega bong urilmadi, nega jamiyat bilmaydi bu vaziyat haqida?
- Jamiyat eshitmayotgani sabablaridan biri – noto‘g‘ri ma’lumot berilayotgani. Misol uchun, qish paytida gaz o‘chirilgan paytlari bo‘ldi. Gaz o‘chirilganda biz murojaat qildik, “mahsulotimiz o‘lyapti", deganimizda, "sizlarga bergandan ko‘ra aholiga beramiz" degan vajlar keltirildi. Albatta, bu aholining ko‘nglidagi gap. Ammo...
- O‘zi gazimizning qanchasini ishlatadi issiqxonalar?
- O‘sha – faqat gazda ishlaydigan issiqxonalarning hammasi gaz bilan to‘liq ta’minlansa, 2022 yil ma’lumotiga ko‘ra, 0,8% dan 1% gacha bo‘lgan miqdorni ishlatadi. Bizga bersa, aholi gazsiz qoladigan darajadagi raqamlar emas.
- Shartli ravishda, mana shu issiqxonani oldik, ramz sifatida. Uning egasini ham oldik, ramz sifatida. Buning egasi xonavayron bo‘ldi desak ham bo‘ladimi?
- Albatta. Menimcha, bu odam issiqxonasini qayta tiklash uchun na moliyaviy, na ma’nan imkoniyati qolmagan. Xohlamaydi ham bu sohaga qaytishni, bu sohaga umuman endi yaqinlashmaydi.
- Ko‘ngli bezib ketgan...
- Juda ham ko‘p issiqxonachilarimiz bu sohadan to‘ygan. Bo‘layotgan muammolar, bo‘layotgan kamchiliklar yildan yilga to‘planishi hisobiga juda ko‘p issiqxonachilar sohaga kirgani uchun afsus ham qilgan. Juda ko‘plari sohadan chiqib ketishga tayyor, lekin majburiyat olgan, qarz olgan, to‘lashi kerak.
- Biz hozir Toshkentdan kelyapmiz. Umid qilgan edikki, hech bo‘lmasa bir 30 ta, 40 ta issiqxonachilarni uchratamiz bu yerda. Aytilgan ediki, ular bir joyga yig‘iladi-da, biz bilan uchrashadi. Kelishmadi. Eshitishimiz bo‘yicha, qo‘rquv bor, katta qo‘rquv. Genezisi nima u qo‘rquvning? Qayerdan kelib chiqyapti u qo‘rquv?
- Ko‘p hududlarimizda, bilasiz, muammoni hal qilishdan ko‘ra, uni yopishga harakat qilishadi. Muammolar ommaga chiqmasligini istashadi. Shuning uchun ba’zi holatlarda haqiqatan hokimiyat tarafidan, boshqa bir tashkilotlar tarafidan ba’zi issiqxonachilarga bosimlar ham bo‘lyapti, "Nega buni muammo sifatida ko‘tarding?" deb. Vaholanki, u masalani yechish o‘sha hududdagi hokimiyat yoki boshqa tashkilotlar qo‘lida emas.
- Bu holda, agar yondashuv shunaqa bo‘ladigan bo‘lsa, men shaxsan xulosaga kelyapmanki, inqiroz aniq.
- Inqiroz boshlandi. Kimdadir agar “bu nimaga olib keladi” degan savol tug‘iladigan bo‘lsa, shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda juda ham ko‘p tilga olinayotgan go‘sht masalasi – shu inqiroz bizni ham kutyapti.
Sohani oladigan bo‘lsak, qishloq xo‘jaligi oxirgi paytdagi ekologik o‘zgarishlar, suv tanqisligi, cho‘llashish kabi juda ham ko‘p muammolarning yechimi – issiqxona.
- Barcha manbalarni iqtisod qilish-da bu.
- Ha. Issiqxonaning maqsadi – o‘simlikka kerakli bo‘lgan iqlimni yaratish, o‘g‘itni ham, suvni ham “adresli” berish. Masalan, issiqxonachiga hech qachon "tomchilatib sug‘orishga o‘t" deyish shart emas. Chunki sarflanayotgan o‘g‘itlarni iqtisod qilish maqsadida ham o‘zi birinchi o‘rinda tomchilatib sug‘orishga o‘tadi. Bir. Ikkinchidan, biz qish paytida mahsulot yetishtiramiz. Qish mavsumida sug‘orishga ketadigan suvlar kam ishlatiladi. Deyarli ishlatilmaydi. Undan tashqari, ishchilar. Biz ishlatayotgan ishchilar aynan qish paytida ishlaydi. Qish mavsumida, bilasiz, qishloq joylaridagi dehqonlarning yoki ishchilarning bo‘sh payti. O‘sha paytda biz ish bilan ta’minlaymiz. Qish mavsumida biz oziq-ovqat yetishtiramiz. Kimdir "qishda pomidor yemasin, yozda yesin" deydi. Bu hozirgi kunda to‘g‘risi, juda ham bir mantiqsizlik.
To‘g‘ri, bizning narximizga nisbatan qo‘shni mamlakatlar arzon mahsulot olib kelayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin ertaga ishlab chiqarishni to‘xtatadigan bo‘lsa, xuddi mana go‘shtga o‘xshab, bizga xohlagan narxda olib kirishadi, chunki bizda ishlab chiqarish yo‘q. Biz ertaga hech qanaqa qarshilik ko‘rsata olmaymiz. Sohani qayta tiklashga vaqt kerak bo‘ladi. Bu juda ham katta muddat. Shuning uchun bu soha, xohlaymizmi-xohlamaymizmi, butun dunyoda rivojlanayotgan, butun dunyo intilayotgan soha va biz uni tiklashimiz kerak.
Buxorodan Qashqadaryoga, Muborak tumaniga yo‘l oldik. Bu yerda gazni qayta ishlash zavodi bor ekan. Gazni qayta ishlash jarayonida kompressor va gaz turbinalari isib ketadi. Ular suv bilan sovitiladi. Natijada issiq suv hosil bo‘ladi. Odatda bu suvni to‘kib yuborib, sovuq suvga almashtirish kerak. Ya’ni issiq suv bu yerda ortiqcha yuk. Dehqonlar bir paytlar Muborakdagi issiq suv manbayi haqida bilib, zavodning atrofiga kelib issiqxonalar qurishgan, arzon issiqlikdan foydalanish uchun.
Zavodga ham foyda: chiqit suvini pullaydi, dehqonlarga ham foyda, mamlakatga ham: mahsulot yetishtiriladi axir bu yerda. Natijada 84 gektar maydonda issiqxonalar paydo bo‘ldi. Pomidorlar eksportga ham keta boshladi. Ammo yaqinda vaziyat o‘zgardi. Zavoddan chiqadigan suvning harorati tushib ketdi va muntazam berilmay qoldi. Issiqxonalarda mahsulot yetishtirish o‘ta qiyinlashdi. Dehqonlarning qarzlari esa oshib boryapti. Issiqxonachilar birma-bir tanazzulga uchray boshladi. 84 gektar issiqxonalar yo‘q bo‘lib ketishi mumkin.

- Qarzdorlik, qarzdorlik deydi-da, o‘sha qarzdorlik qayerdan kelayotganini hech kim surishtirmaydi. Suv temperaturasining kamligi bizning qilgan xarajatimiz oshib ketishiga sabab bo‘lyapti. Kerakli temperaturani yetkazib berish bo‘yicha shartnomaga qo‘l qo‘ygan.
- Necha gradus o‘sha shartnomada?
- 80 gradusgacha.
- Ekstremal sharoitlar ekan-a, bu yerda?
- Ha. Oddiy normal issiqxonalarda plyonka 4-5 yilda almashtiriladi. Bu yerda havodagi oltingugurt miqdorining ko‘pligi hisobiga har yili almashtiriladi. Bu yerlar issiqxona bo‘lishidan oldin cho‘l bo‘lgan. Dehqonlar o‘zlari kelib, o‘zlari qurib, o‘zlari ochib, o‘zlari shu mehnatni qilib, shu kungacha yetib kelishgan.
- Bular davlatdan gaz olmaydimi?
- Olmaydi. Bular kredit ham olmagan aksar. O‘zlarining hisobidan kelib issiqxonalar qurgan. Mingdan oshiqroq ishchi to‘g‘ridan to‘g‘ri mana shu issiqxonalarda ishlaydi. 2024 yilgacha jiddiy muammolarga uchramagan. Kamchiliklarni yengib-yengib, dehqonlarimiz shu paytgacha kelgan. Lekin 2024-25 yilga kelgandan keyin issiq suv bilan ta’minlash muammosi yuzaga kelyapti. Uzluksiz berilgan issiq suv bu yilga kelib issiq suvdan uzilishlar ko‘paydi. Yuridik obektlarda alohida hisoblagichlar qo‘yilishi, o‘sha hisoblagichga qarab to‘lov qilinishi kerak. Bu yerda hisob-kitob issiqlik elektr stansiyasidan chiqqan hisoblagich orqali bo‘linadi qolganlarga. Aynan bu bo‘linish nimaga qarab bo‘lingan? Masalan, hududiga, gektariga qarabmi yo issiqxonasiga qarabmi? Savollarga javob ololmadik. Ikkinchisi, yil boshida bular bilan shartnoma tuzilgan. Har bir issiqxona bilan alohida-alohida shartnoma tuzilgan. Va shartnomalarni o‘rganib chiqqanimizda, hamma shartnomalarning ustki qismida bitta hisoblagich raqami yozilgan. Ro‘yxatda bitta hisoblagich raqami, ana shu issiqlik elektr stansiyasidan chiquvchi hisoblagich ro‘yxatga olingan. Qarzdorlik qayerdan kelib chiqqanini issiqlik elektr stansiyasi hisob-kitob qilib bera olmadi. O‘z vaqtida bir gektardan 70-80 tonnagacha hosil olingan. Bu yilga kelib bu raqam 35 tonnaga ham chiqmadi. Keyingi yilga bu dehqonlar bu yerga ekin eka olmaydi.
- Biz Buxoroda kuzatgan vaziyat bu yerda ham yuzaga kelar ekan-da?
- Xonavayron bo‘lishadi. Bu yerdagi hamma issiqxonalar yopiladi. Mavjud bo‘lgan yo‘nalish, mavjud bo‘lgan joyni saqlab qolish maqsadimiz.
- Odamlarning o‘zining harakati bilan yuzaga kelgan bir resurs-da bu endi, shunaqami? 84 gektar issiqxona! Qaysi idora mas’ul shuni saqlab qolishga?
- Juda o‘rinli savol berdingiz. Uyushmamizning ochilishiga sabab bo‘lgan muammolardan bittasi shu – shu savol. Biz hanuz unga javob topa olganimiz yo‘q.
- Ya’ni ma’lum emas...
- Yo‘q, ma’lum emas. Juda ko‘p tashkilotlarga murojaat qildik, ba’zi tashkilotlar qo‘ldan kelgancha yordam berdi, ba’zi tashkilotlar umuman quloq solmadi, lekin aynan men mas’ulman, men sening shu ishingni hal qilib beraman degan bir tashkilot hozirgacha aniqlangani yo‘q.
- Buxoroni mana ko‘rdik, qancha-qancha davlatning resurslari vositasida yuzaga kelgan issiqxonalar. Bu yerda esa o‘z-o‘zidan vujudga kelyapti.
- Bular mehnat bilan bo‘lgan. Chiqayotgan issiq suv ham – ikkilamchi issiq suv. Bularga beriladigan issiq suv uchun alohida bir sarf-xarajat qilib, gaz yoqib yoki biror bir boshqa energetik resurs yoqilmayapti. Texnologik chiqindi bu.

- 2018 yilda, prezidentimiz bu yerga kelganda bu tashkilot va’da bergandi, “issiqlikni yetkazib beramiz, yana 500 gektar qilamiz issiqxonalarni” deb. Yil sayin issiqlik past bo‘lib ketaverdi.

- Bu yerdan eksport qilingan mollar, 2017, 18, 20 yilgacha. 2020 dan keyin bu yerdan chet elga chiqaradigan mahsulot chiqmadi. Issiqlik bo‘lmagani hisobiga mahsulot buzilib, hamma bu yerni tashlab ketmoqchi.
- Qancha sarflagansiz?
- Ikki milliarddan oshiq. Tselofanlarning ahvolini ko‘rib turibsizlar. Bir yilga yetadi. 400 km nariyog‘dan kelib, mana shu yerda tirikchilik qilamiz. Kichkina-kichkina, o‘zi arzimagan kulbalar qilingan. Ishchilar uchun. Ayol, qizlar ishlaydi-ku bu yerda. Ularning ham yechinishi bor, kiyinishi bor, kiyim almashtirishi bor. Keyin bu uzoqdan kelganlar baribir bir joyga soyaga boshini tiqish kerak-ku. “Noqonuniy qurgansan” deb 120 million, 110 million kadastr soliq qo‘yib tashlagan.
Bu yerdagilar hammasi “yetib kelgan”. Xarajat qiladigan pul ham, hafsala ham qolmadi bizlarda. Ishchilardan ham qarz bo‘ldik.
Muborakdan Buxoroga qaytdik. Keyin Toshkentga yo‘l oldik. Toshkentga kelib, Chinozga bordik. Bu yerda katta hududda issiqxona kompleksi qurilgan, dehqonlarga bo‘lib berish uchun. Ammo issiqxonalar mana bunaqa tashlandiq holatda. Biz bu yerda bir dehqon bilan tanishdik. Uning aytishicha, unga bu issiqxona 2 milliard so‘m kredit evaziga berilgan. Avvaliga barcha sharoit yaratilishi va’da qilingan, ammo hatto suv o‘tkazib berilmagan. Suv manbasi esa uzoq emas, shundoq yonginada daryo oqadi. Dehqon issiqxonasini ishlata olmayapti, kreditni esa to‘lashi kerak bo‘ladi. U barcha umidlarini shu issiqxona bilan bog‘lab, hatto o‘z uyidan ajragan ekan. Endi mana shunday sharoitda oilasi bilan yashayapti. Issiqxonani yuritish uchun sharoit yaratib berishsa, eplab ketishini aytdi u bizga.
- Tushuntirib bering, nega issiqxonalar bu ahvolga kelib qolgan?
- Hozir turgan joyimizda 31 gektar issiqxona mavjud. 1 gektar-50 sotixdan qilib dehqonlarga berilgan. Dehqonga to‘liq ishga tushirilgan holatda, isitish tizimi, sug‘orish tizimi, ustidagi plyonkalar bilan berilishi kerak bo‘lgan. Qurilgandan keyin qattiq qor yog‘gan uch yil oldin. O‘shanda qor bosib qolgandan, keyin qaytadan tiklangan. O‘shandan keyin har bir dehqonga 50 sotixdan berilgan. Lekin o‘sha davrdan beri bank o‘ziga olgan javobgarlikni, isitish tizimi bilan, sug‘orish tizimi bilan, ustini yopib berishni bajarmagan, oddiy plyonka bilan ham yopib bermagan. Ko‘rib turganingizdek, 90% joylar bo‘sh turibdi. Dehqonlar bunaqa shart bilan kelmagani uchun buni qila olmayapti. Bunga qo‘shimcha xarajat kerak. Oddiy suv chiqarishda muammo bo‘lyapti. Vaholanki, 50 metrdan keyin Sirdaryo oqib o‘tadi.
Sirdaryoga qarab yo‘l oldik. Shundoq yo‘l ustida katta territoriyada issiqxona qurilgan. Bu ham dehqonlarga bo‘lib berilishi ko‘zda tutilgan. Ammo bu yer sahro o‘rtasida tashlab ketilgan shaharga o‘xshab yotibdi.
- Qanaqa joy bu?
- Sirdaryodan Bo‘kaga ketadigan yo‘l ustida. “Aholi issiqxonalar kooperatsiyasi”. Juda ham katta bir miqdorda issiqxonalar joylashgan. Ko‘rib turibsiz ahvolini, birortasi ishlamaydi. Hech narsa ekilmagan. Nima sababdan bunaqa holatga kelib qoldi va buning kelajagi nima, to‘g‘risi, bu savollarga menda javob yo‘q. Lekin men aytishim mumkin bo‘lgan faqat ikkita narsa bor: bu yerga ham katta davlat pullari sarflangan va tayyor yaratilgan ish o‘rinlari nobud bo‘lyapti. Qurilgan paytidagi narxini hozir yo‘q deganda yarmini menimcha, yo‘qotgan.
Biz yo‘limizda faqat abgor issiqxonalarni emas, obod issiqxonalarni ham ko‘rdik. Ammo o‘sha – bankrot bo‘lmay issiqxonasini hozircha eplab turgan tadbirkorlar ham zo‘rg‘a turganini, sohaga kirganidan pushaymon ekanini, qimmat kreditlar olib endi boridan ayrilayotganini, davlat tashkilotlari ularni to‘ydirib yuborganini aytishdi. Bir ovozdan. Ular aytib bergan absurd holatlardan esing og‘adi.
Umid qilamanki jamiyat o‘laroq issiqxonalar qay darajada bizga kerak degan savolga o‘zimiz uchun javob beramiz. Hozir-ku import sotvolib yashab yuraversak bo‘ladi, faqat erta bir kun... qiyin bo‘ladi.
Shokir Sharipov
Mavzuga oid

23:00 / 30.06.2025
Qashqadaryodagi ikkita do‘konda yong‘in chiqdi

21:54 / 30.06.2025
Toshkent viloyatida 4 gektar yerni 300 ming dollarga sotishga uringan shaxslar ushlandi

12:58 / 28.06.2025
Malayziya Qashqadaryoda kichik gidroelektr stansiyalarini quradi

15:22 / 27.06.2025