Jahon | 23:55 / 01.07.2025
3283
3 daqiqa o‘qiladi

Microsoftʼning yangi sun’iy intellekti tashxislarni shifokorlardan to‘rt marta aniqroq qo‘ymoqda

Yangi tizim tibbiy tekshiruvlar xarajatini 20 foizga qisqartirishi mumkin. Ushbu loyihaga Googleʼning sobiq xodimlari rahbarlik qilyapti - Microsoft ularni o‘ziga jalb qilib olgan.

Foto: Getty images

Microsoft sun’iy intellekt asosida ishlovchi yangi diagnostika tizimini taqdim etdi — u tashxisni shifokorlar jamoasidan ko‘ra, to‘rt baravar aniqroq qo‘ya oladi, deb yozmoqda Wired. Bundan tashqari, u tibbiy tekshiruvlar xarajatini 20 foizga qisqartiradi.

Microsoftʼning sun’iy intellekt bo‘yicha bo‘linmasini bosh direktori Mustafo Sulaymonning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yangilik «tibbiy intellekt sari haqiqiy qadam» hisoblanadi. MAI Diagnostic Orchestrator nomini olgan tizim ChatGPT, Gemini, Claude, LLaMA va Grok kabi yetakchi til modellari quvvatini o‘zida birlashtiradi hamda bir nechta ekspert hamkorligi tamoyili asosida ishlaydi.

Tadqiqot New England Journal of Medicine jurnalida chop etilgan 304 ta klinik holat asosida olib borilgan. Tizim shifokor harakatlarini taqlid qilgan, ya’ni kasallik alomatlari ustida tahlillarni amalga oshirgan, testlar tayinlagan va tashxis qo‘ygan. Tajribada mazkur tizimning aniqligi 80 foizni tashkil etgan, shifokorlarda esa ushbu ko‘rsatkich — atigi 20 foiz. Shuningdek, tizim arzonroq, biroq samaraliroq bo‘lgan diagnostika usullarini tanlagan.

Loyihaga Googleʼning sobiq xodimlari rahbarlik qilmoqda — Microsoft ularni o‘ziga jalb qilib olgan. Bu texnogigantlar o‘rasida sun’iy intellekt sohasida raqobat kuchayganidan dalolat beradi. Microsoft vitse-prezidenti Dominik Kingning so‘zlariga ko‘ra, keyingi qaram tizimning real klinik sharoitlarda samaradorligini tekshirish bo‘ladi.

Ammo ekspertlar natijalarni ehtiyotkorlik bilan talqin qilish kerakligidan ogohlantirmoqda. Xususan, tadqiqotda shifokorlar odatda yordam vositalarda foydalanishi inobatga olinmagan. Shuningdek, tizim bemorlarning shaxsiy xususiyatlarini — masalan, tibbiy muolajalarga toqatliligi yoki kerakli uskunalarning mavjudligi kabi omillarni qanday inobatga oladi, degan masala ham noaniqligicha qolmoqda.

Ayni vaqtda kompaniya tizimni tijoratlashtiradimi yoki yo‘q — bu noma’lum, ammo u Bing yoki boshqa tibbiy servislar bilan integratsiya qilinishi mumkin. Microsoftʼning hisoblashicha, bunday ishlanmalar tibbiyotga ajratiladigan xarajatlarni sezilarli darajada qisqartiradi.

Mavzuga oid