Jahon | 11:10
6244
6 daqiqa o‘qiladi

“Propaganda ham nima deyishni bilmaydi” - Rossiya NATOning kuchayishini chorasiz kuzatmoqda

NATO davlatlari harbiy xarajatlarini keskin oshirishga kelishib oldi, Rossiyadan esa ko‘zgusimon javob haqidagi bayonotlar bo‘lmadi. Zotan, RFning iqtisodiy imkoniyatlari bunga yo‘l bermaydi. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturi ekspertlari Rossiya–NATO ziddiyatining Haaga sammitidan keyingi manzarasiga baho berdi.

Bektosh Berdiyev: Bugungi Rossiya xuddi sovet ittifoqi bir paytlar qurollanish poygasida katta yutuqlarga erishgan, lekin iqtisodiyoti bardosh bera olmagan holatni takrorlayotgandek. NATO a’zolari harbiy xarajatlarini YaIMning 5 foizigacha oshirishi – misli ko‘rilmagan raqamlarni hosil qiladi. Birgina Germaniyada bu raqam 225 mlrd dollarga chiqib ketadi. Rossiyaga esa harbiy xarajatlarni bu darajada oshirishga iqtisodiyoti imkon bermaydi.

Moliyaviy farq texnologik farqlarni ham keltirib chiqaradi: NATOning qurollari zamonaviy, ilg‘orligi bilan ajralib turadi. Sun’iy intellekt bu qurollarning salohiyatini yanada oshiradi.

Shunga qaramay, harbiy xarajatlarni YaIMning 5 foizigacha chiqarish uchun muddat 2035 yilgacha deb belgilangan. Ungacha balki Rossiya provokatsiyalar orqali Boltiqbo‘yi hududlarida harbiy harakatlar olib borishi mumkindir, lekin NATO bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnasha olmaydi.

Kamoliddin Rabbimov: Rossiya propagandasi yetakchilari odatda bu kabi masalalarda juda bo‘rttirib, qo‘pol munosabat bildirardi, lekin bu safar jamoatchilikni ishontiradigan konseptual munosabatlar bo‘lmadi. Rossiya nima deb javob berishi mumkin? Rossiyaning yalpi ichki mahsuloti NATOga qaraganda ancha kichkina... Bu yerda aniq raqamlar turibdi, shuning uchun odamlarni ishontira oladigan aniq javobi yo‘q.

Shuhrat Rasul: Agar NATO yoki AQShdan qandaydir zamonaviy qurollar haqida xabarlar paydo bo‘lsa, darrov Rossiya tomondan Kremlning biror so‘zchisi yoki shaxsan prezident Putinning o‘zi chiqib, biz G‘arbga simmetrik javob beramiz, derdi. Mana, Ukrainada urush boshlanganidan keyin ham, 2023 yili AQSh Germaniyaga gipertovushli raketalarni joylashtirish haqida qaror qabul qilganda, Putinning o‘zi: “Bizda ham gipertovushli raketalarimiz bor va kerak bo‘lsa Belarus hududiga joylashtiramiz” deb aytgan edi.

Lekin shu kechagi NATO sammitida qabul qilingan qarorlardan keyin, biz ham xuddi shunday qilamiz degan fikrlar aytilmayapti. Chunki gap hozir trillionlar haqida ketyapti. Rossiyaning urushdan oldingi butun harbiy budjeti 60, oxirgi yili 62 milliard dollar edi. AQShning 2024 yilgi harbiy budjeti hajmi 842 milliard dollar, bunday holatda ikki tomonni umuman taqqoslab bo‘lmaydi.

Oybek Sirojov: NATO 5 foizlik marraga yetish uchun 2035 yilgacha muddat belgiladi. Bunday qarorga kelingani – ko‘p jihatdan Trampning bosimlari bilan bog‘liq. Lekin amaliyotda bu natijaga erishish uchun ko‘plab muammolar bor. Harbiy xarajatlarni oshirish uchun nimadandir voz kechiladi, jamiyatlar bunga rozimi?

Ikkinchidan, NATO sammitida aksariyat davlatlar AQShning Eronga hujumini qo‘llab-quvvatladi. NATO soyaboni ostidagi davlatlarda suyanchiq bor, lekin boshqa davlatlar-chi? Agar shu tendensiya davom etadigan bo‘lsa, albatta, Rossiya yoki Xitoyning bunga kuchi yetmaydi, lekin NATOga muqobil blok shakllanishi mumkin. Chunki NATOning qurollanishi – Xitoy uchun ham, Rossiya uchun ham, Shimoliy Koreya uchun ham, Hindiston va Eroye uchun ham muammo.

Nima uchun hozirgacha bunday blok shakllanmadi? Birinchidan, shunday blokni shakllantirishni xohlovchi davlat – Rossiyada imkoniyat yo‘q, imkoniyati bor davlat – Xitoyda esa xohish yo‘q, chunki NATO davlatlari bilan iqtisodiy aloqalari yomonlashishini xohlamaydi. Lekin vaziyat chigallashib borarkan, Xitoyning pozitsiyasi o‘zgarishi mumkin.

Shuhrat Rasul: NATOga qarshi blok tuziladi degan fikrga mutlaq qo‘shila olmayman. Xitoyning xohishi yo‘q deb o‘zingiz aytyapsiz. Rossiya, Xitoy, Eron, Hindiston... Bular – hammasi juda ham har xil maqsadlarga ega, iqtisodiy, diniy va boshqa xususiyatlarga ko‘ra katta farqlarga ega davlatlar.

Oybek Sirojov: Latviyaning 2 millionga yaqin, Litvaning 3 millionga yaqin aholisi bor. Lekin aynan NATOga a’zoligi uchun uning xavfsizligi 90 milliondan ortiq aholiga ega Eronga nisbatan yaxshiroq ta’minlangan. Shunday vaziyatda Eron bundan keyin qo‘l qovushtirib turadimi? Yoki Rossiya qo‘lini qovushtirib turadimi?

“Mayli, bular kuchayib ketaversin, o‘ziga insof bersin” deb turmaydi-ku.

Ukrainada urush boshlanganida, NATO “sizga qancha yordam kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlaymiz” deb, buni amalda isbotladi. Kuni kecha Eronga Isroil va AQSh hujum qilganida-chi, Eronning orqasida qanaqa kuch bor edi? Hech qanday. Agar Eronning ortida ham qanday blok bo‘lganida, oxirigacha urushgan bo‘lardi.

Rossiya Eronga yordam bermadi, chunki Rossiyaning o‘zi ham xuddi Eronga o‘xshab yakkalanib qolishdan qo‘rqadi. Ustiga ustak, Rossiyaning AQSh bilan munosabatlari qaysidir ma’noda bugun iliqlashib boryapti. Putin Tramp bilan iliq munosabatlarini izdan chiqarib yubormaslik uchun ham kutishni tanladi.

Suhbatning to‘liq shaklini YouTube'da yozib olingan jonli translatsiya orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid