Jahon | 08:26 / 01.07.2025
15844
7 daqiqa o‘qiladi

Chechenistonda 17 yoshli Adam Qodirovning to‘yi nishonlandi. Aynan u otasining ehtimoliy vorisi sifatida ko‘riladi

Kuyov yap-yangi «Mersedes» va brilliantlardan tayyorlangan soati bilan maqtandi. Kelin haqida esa ismidan bo‘lak hech narsa ma’lum emas.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

O‘tgan haftada Venetsiyada sayyoraning eng badavlat kishilaridan biri, Amazon asoschisi Jyeff Bezos uylangandi. Uning teleboshlovchi Loren Sanches bilan to‘yi shu qadar hashamatli o‘tkazildiki, uni «asr to‘yi» deb ham atashdi. Bu vaqtda Chechenistonda ham o‘ziga xos «asr to‘yi» bo‘lib o‘tdi — respublika rahbari o‘zining uchinchi o‘g‘li, yaqinda Checheniston xavfsizlik kengashi kotibiga aylangan 17 yoshli Adamni uylantirdi. «Meduza» kuyov, kelin, marosim va mehmonlar haqida hikoya qildi.

Iyun oyi oxirida Chechenistonda Ramzan Qodirovning uchinchi o‘g‘li, 17 yoshli Adamning nikoh to‘yi nishonlandi. U ikki yil muqaddam, Qur’on kitobini yoqqani uchun hibsga olingan Nikita Juravelni Grozniydagi tergov izolyatorida kaltaklaganidan keyin mashhur bo‘lib ketgandi. Keyinroq Juravel dindorlarning his-tuyg‘ularini haqorat qilish va davlatga xiyonatda ayblanib, 14 yillik qamoq jazosini oldi. Kichik Qodirov esa — oltita orden, Checheniston qahramoni unvoni hamda o‘z otasining xavfsizlik xizmati boshlig‘i lavozimiga ega bo‘ldi. Keyinroq esa Checheniston IIV kuratori va respublika xavfsizlik kengashi kotibiga aylandi. Bundan tashqari, u Vladimir Putin nomidagi Rossiya maxsus kuchlari universitetini, shuningdek, Shayx Mansur nomidagi RF Mudofaa vazirligi batalyoni va Baysangur Benoyevskiy nomidagi Rosgvardiya batalyonini nazorat qiladi.

«Novaya gazeta Yevropa» ma’lumotlariga ko‘ra, Adam Qodirov otasining safdoshi, chechenistonlik senator Sulaymon Geremeyevning qizi bilan to‘yini o‘tkazgan, ular bir yil oldin sha’riy nikohdan o‘tgandi. Ammo «Kavkaz.Realii» Adam otasining boshqa bir safdoshi, Davlat dumasi deputati Adam Delimxanovning nabirasiga uylanganini yozmoqda. «Novaya» esa u Adamning akasi, Zelimxonning rafiqasi ekanini xabar qilgan. «Agenstvo» ma’lumotiga ko‘ra, nikoh tuzilganida Delimxanovning nabirasi atigi 14 yoshda bo‘lgan.

Adamning rafiqasining shaxsi ham, yoshi ham rasman oshkor etilmayapti. Faqatgina uning ismi Medni (Delimxanovning katta nabirasinikidek) ekani ma’lum.

Qodirovning eng katta farzandi Ayshat instagramda qizning ismini aytgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, to‘y Qodirovlarning ota qishlog‘i Axmat-Yurtda (o‘tmishdagi nomi Tsentoroy) bo‘lib o‘tgan. Mahalliy aholi vakillari «Kavkaz.Realii» jurnalistiga to‘ydan uch kun oldin qishloqqa kirish yopilgani va faqat taklif etilgan mehmonlar o‘tkazilganini aytishgan. Adam Qodirov marosimga eng yangi, cheklangan miqdorda ishlab chiqarilgan «Mersedes»da kelgan – ishlab chiqaruvchi uni ommaga atigi ikki oy oldin taqdim etgandi. Bu turdagi mashina narxi 190 ming dollardan boshlanadi. Rasman bunday qimmatbaho avtomobillarni Rossiyaga olib kirish mumkin emas.

Uning qo‘lida esa brilliantdan tayyorlangan va kamida ikki million dollar turadigan Jacob & Co. Billionaire Ashoka soati taqilgan. Adam o‘z odatiga ko‘ra qurolini namoyish etgan.

Ramzan Qodirovning aytishicha, o‘g‘lining to‘yiga bosh vazir o‘rinbosarlari Denis Manturov va Aleksandr Novak, prezidentning Shimoliy Kavkaz federal okrugidagi ishonchli vakili va sobiq bosh prokuror Yuriy Chayka, LDPR raisi Leonid Slutskiy, to‘qqizta region rahbarlari (Moskva oblasti, Adigeya, Qorachoy-Cherkasiya, Qabordin-Bolqoriya, Tatariston, Ingushetiya, Shimoliy Osetiya, Dog‘iston, DXR), shuningdek, Eron, BAA, Turkiya va Qozog‘iston elchilari kelgan. Ammo «Mojyem ob’yasnit» telegram-kanali Qodirov ism-familiyasi bilan atagan kamida uch nafar amaldorning marosimda jismonan ishtirok etishi imkonsiz bo‘lganini ta’kidlamoqda. To‘y kuni Manturov safarda foydalanadigan samolyotlar Moskvada qolgan. Tatariston rahbari Rustam Minnixanov ish kabinetidan olingan suratni e’lon qilgan. Ingushetiya rahbari Mahmud-Ali Kalimatov esa 28 iyun kuni yangi yo‘l o‘tkazgich bo‘ylab harakatni ochib, yoshlar festivaliga tashrif buyurgandi.

«Novaya gazeta Yevropa» ma’lumotiga ko‘ra, Ramzan Qodirov og‘ir betob — 2019 yilda unga pankreonekroz tashxisi qo‘yilgandi. Nashrning fikricha, Qodirov sog‘lig‘i tufayli farzandlarining kelajakdagi xavfsizligini kafolatlashga harakat qilmoqda. Shuning uchun ham u yosh bo‘lishiga qaramay, ularni Chechenistondagi yuqori lavozimlarga tayinlaydi, Chechenistonning nufuzli oilalari bilan quda-andachilik munosabatlari o‘rnatadi va ularning Vladimir Putin bilan uchrashuvlari haqida kelishib oladi («Novaya» versiyasiga ko‘ra, Qodirov bu uchrashuvlarni «xavfsizlik kafolatlari merosxo‘rlarga ham taalluqli» ekanining namoyishi sifatida ko‘radi).

Rossiya prezidenti haqiqatan ham Kremlda Checheniston rahbarining uch to‘ng‘ich o‘g‘lini qabul qilib, ularni to‘ylari bilan tabriklagan: 2023 yilda birinchi o‘g‘li Ahmad, 2024 yilda ikkinchi o‘g‘li Zelimxon, 2025 yilda uchinchi o‘g‘li Adamni. Ularning har biri Putin bilan uchrashgan vaqtda 17 yoshda bo‘lgan. «Novaya»ning yozishicha, Zelimxon va Adam 2024 yilning yozida bir kunda uylanishgan, biroq o‘shanda Adamning yoshligini (Zelimxon 17 yoshda, Adam esa 16 yoshda edi) bahona qilib, uni Kremlda qabul qilishmagan. Adamning to‘yi haqida endigina e’lon qilinganini aynan Putin bilan kechiktirilgan uchrashuv bilan izohlash mumkin.

Checheniston rahbari Adamni o‘z vorisi sifatida ko‘rishi aytiladi. Adamning mashhurligi, u egallagan lavozimlar (Ramzan Qodirov akalarini emas, aynan uni Checheniston xavfsizlik kengashi kotibi etib tayinlagan), ancha erta uylangani (u to‘ylari faqat 17-18 yoshlarda bo‘lib o‘tgan akalari va opalaridan ertaroq turmush qurgan) va hatto to‘y marosimining ko‘lami ham bu versiyani dalillaydi. «Moskvada urush davrida bunday hashamat uchun jazo berilgan bo‘lardi. <…> Ya’ni bu yerda ham Chechenistonga mutlaqo istisno qilinmoqda», — degan «Kavkaz.Realii» jurnalistiga siyosatshunos Dmitriy Dubrovskiy.

Mavzuga oid