Suriyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilgan Tramp, keskinlashgan Rossiya-Ozarboyjon munosabatlari va yangi qurol yaratgan Xitoy – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh Suriyaga qarshi sanksiyalarni bekor qildi
30 iyun kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Suriyaga nisbatan 2004 yildan buyon amal qilib kelgan asosiy sanksiyalarni bekor qilish haqida farmon imzoladi. Tramp farmonida asosiy e’tibor Suriyaning yangi prezidenti Ahmad ash-Shar’a boshchiligidagi hukumatning «muhim va ijobiy o‘zgarishlarga» qo‘l urganiga qaratildi.
Farmon bilan quyidagi sanksiyalar bekor qilindi:
- Suriya davlat mulklarini bloklash;
- Inson huquqlari buzilganligi uchun shaxsiy sanksiyalar;
- Caesar Act – 2019 yildan boshlab suriyalik amaldorlar va ularning iqtisodiy sheriklariga nisbatan jazo choralari;
- Bundan tashqari, AQSh Savdo vazirligi Suriya uchun eksport nazoratlarini yumshatadi hamda kimyoviy qurollar bo‘yicha avvalgi sanksiyalarni 20 kun ichida bekor qilishga ruxsat beriladi.
Tramp farmonida Bashar Asad davridagi jinoyatlar unutilmagan. Xususan, Asad va uning sobiq amaldorlariga shaxsiy sanksiyalar kengaytirildi. Xususan, endilikda Suriya xalqi emas, Asad rejimining sobiq amaldorlari va ularning moliyaviy sheriklari, AQSh fuqarolarining g‘oyib bo‘lishiga aloqador shaxslar sanksiyaga tushdi.
Sanksiyalarning yechilishi — Suriya iqtisodiyoti uchun nafas olish imkoniyati bo‘lishi kutilmoqda. Yangi rahbariyatga AQSh tomonidan berilgan bu «siyosiy ishonch kaliti» — Suriya uchun xalqaro maydonga qaytish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, AQSh bilan aloqalarni yaxshilash, bu Moskva va Tehronning Damashq ustidagi mutlaq nazoratini cheklashi mumkin.
Ozarboyjon va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyat chuqurlashmoqda
2025 yil 27 iyun kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida 2000 yillarda sodir etilgan qotilliklar va suiqasdlarga aloqadorlikda gumonlangan ozarboyjonliklarga qarshi keng ko‘lamli reyd o‘tkazildi. Rasmiy tergovga ko‘ra, «etnik jinoiy guruh»ga a’zo deb gumon qilingan 50 ga yaqin shaxs qo‘lga olingan. Ulardan yetti nafari hibsga olingan, ikki asosiy gumonlanuvchi — aka-uka Safarovlar — qo‘lga olish chog‘ida halok bo‘lgan.
Voqealar shov-shuvga sabab bo‘lib, sudda kaltaklangan va singan qovurg‘a bilan ko‘rinish bergan shaxslar guvohlik berdi. Ozarboyjon hukumatining rasmiy bayonotida bu holat «etnik asosdagi zo‘ravonlik va suddan tashqari qotillik» deb baholandi. Rossiya elchixonasi vakiliga rasmiy norozilik bildirildi, madaniy tadbirlar bekor qilindi, Rossiya propagandasiga aloqador «Sputnik Ozarboyjon» ofisida tintuv o‘tkazilib, ikki rossiyalik jurnalist qo‘lga olindi.
Boku bu ish ortida siyosiy signal borligini aytmoqda. Ayniqsa, tergovda gumonlanuvchilarning 15 nafari — bir oilaga mansub Safarovlar ekani inobatga olinsa, masala etnik-siyosiy tus olayotgani haqida shubhalar ortadi. Ozarboyjon bu reydni Rossiyaning sistematik bosimi sifatida ko‘rmoqda.
Ozarboyjon va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyatlar 2024 yil dekabrida AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot Rossiya havo hududida urib tushirilganidan so‘ng kuchaygan. Samolyot Bokudan Grozniyga uchayotgan edi, favqulodda qo‘nishda halokatga uchragan. Prezident Ilhom Aliyev bu voqea uchun Rossiya harbiylarini ayblab, samolyot radioelektron vositalar orqali boshqaruvdan chiqarilganini bildirgan.
Rossiya prezidenti Putin uzr so‘ragan bo‘lsa-da, na aybni tan oldi, na tovon puli haqida gapirdi. Shundan so‘ng Boku Rossiya fuqarolariga vizani qisqartirdi va fevral oyida «Rus uyi» madaniy loyihasini yopdi. Rasmiy sabab – huquqiy ro‘yxatdan o‘tmagani, amalda esa bu tashqi ta’sirga qarshi siyosiy qaror sifatida talqin qilinmoqda.
Eron: Ali Xominaiyga tahdidlar o‘lim bilan jazolanadi
Eron bilvosita AQSh prezidenti Donald Trampga o‘lim bilan tahdid qildi, biroq ayni paytda muzokaralarga tayyorligini bildirdi. Eronlik oyatulloh Nosir Makarim Sheroziy diniy tushuntirishda Eron oliy rahbari Ali Xominaiyga tahdidlar o‘lim bilan jazolanishini aytdi. Tramp avvalroq Xominaiy «oson nishon» ekanini aytgan edi, biroq «biz uni o‘ldirmoqchi emasmiz, hozircha» deb qo‘shimcha qilgan edi.
Eronning eng nufuzli ulamolaridan biri oyatulloh Makarim Sheroziy bir fuqaroning Tramp haqidagi savoliga “Islomiy boshqaruvga hujum qilgan yoki uning diniy yetakchilariga tahdid solayotgan, ularga qarshi harakat qilgan shaxslar yoki rejimlar javobgarlikka tortilishi” kerakligini ta’kidladi. Sheroziy Trampning ismini to‘g‘ridan to‘g‘ri aytmasdan, faqat qoidalarni tushuntirib berdi.
Ayni paytda, Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vashington keyingi hujumlardan tiyilsa, AQSh bilan yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga tayyorligini bildirdi. Agar AQSh diplomatik muzokaralarni davom ettirmoqchi bo‘lsa, Eronga qarshi keyingi hujumlarni istisno qilishi kerak, dedi Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Majid Taxt-Ravanchi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati vositachilar orqali Tehronni muzokaralarga qaytishga tayyorligi haqida xabardor qilgan. Biroq AQSh keyingi hujumlar haqidagi «juda muhim masala bo‘yicha aniq pozitsiyani egallamagan».
«Uranni boyitish darajasini, quvvatni muhokama qilish mumkin, lekin sizning umuman boyitishga haqqingiz yo‘q, agar rozi bo‘lmasangiz, biz sizni bombardimon qilamiz» deyish — bu o‘rmon qonunidir», — deya ta’kidladi Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari.
Belgradda namoyishlar: ko‘chalar to‘silib, barrikadalar qurildi
Serbiya poytaxti Belgraddagi namoyishchilar bir qancha muhim ko‘chalarni to‘sib, barrikadalar o‘rnatdi. «Blits» gazetasi poytaxt ko‘chalari va chorrahalarida yuzlab odamlar, chodirlar lagerlari va chiqindi qutilaridan yasalgan barrikadalar ko‘rinib turgan kadrlarni chop etmoqda. Gazetaning yozishicha, Sava daryosi ustidagi Gazela ko‘prigi ham to‘sib qo‘yilgan. Xuddi shunday aksiyalar Serbiyaning boshqa shaharlarida ham bo‘lib o‘tmoqda.
Politsiya va kommunal xizmatlar 30 iyun tongiga yaqin transport qatnovini tiklash va to‘siqlarni bartaraf etishga urinib ko‘rishi kutilgandi. Serbiya bosh vaziri o‘rinbosari va ichki ishlar vaziri Ivitsa Dachichning aytishicha, hukumat yo‘llarning to‘sib qo‘yilishini kuzatmoqda va tinchlikka chaqiryapti.
Namoyishchilar prezident Aleksandr Vuchichni Kosovo bo‘yicha «yashirin murosa» qilishda, so‘z erkinligini cheklashda va siyosiy muxolifatni bostirishda ayblamoqda. Shuningdek, narx-navoning oshishi, korrupsiya va politsiya zo‘ravonligiga qarshi noroziliklar ham mavjud.
Amerikaning Associated Press agentligi aksiya ishtirokchilari sonini bir necha mingga baholadi. Aksiya talabalarning «Blokada» norozilik guruhi tomonidan amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda unga yuz minglab odamlar obuna bo‘lgan. U Belgrad xaritasini e’lon qilgan bo‘lib, unda odamlar kelib ko‘chalarni to‘sib qo‘yishga chaqirilgan nuqtalar ko‘rsatilgan.
Xitoy blekaut keltirib chiqaradigan qurol yaratildi
Xitoy 10 ming m² maydonda elektr ta’minoti tizimlarini o‘chirishga qodir qurolni ishlab chiqdi. Ko‘rinishidan, bu elektr stansiyalari va elektr uzatish liniyalarini o‘chirib qo‘yishi mumkin bo‘lgan yangi turdagi grafit bombasi.
Yangi qurilma haqidagi videorolik mamlakat Markaziy televideniyesida namoyish etildi. Bomba yerdagi transport vositasidan uchiriladi, keyin u havoda portlovchi 90 ta silindrsimon o‘q-dorilarni chiqaradi va yuqori voltli tarmoqlarda qisqa tutashuvlarga olib keladigan ingichka uglerod iplarini qoldiradi.
Qurolning zarba masofasi 290 kilometr, jangovar kallakning og‘irligi esa 490 kilogrammni tashkil qiladi. Bombaning to‘liq texnik xususiyatlari oshkor etilmagan. Avvalroq, Xitoy texnologik o‘zgarishlarga moslashuvchanlik va urushning yangi usullarini namoyish qilib, mamlakat «kelajakdagi urushlarda g‘alaba qozona olishini» isbotlashga va’da bergan edi.
AQShda timsohlar bilan qo‘riqlanadigan migrantlar lageri qurilmoqda
Florida shtatida noqonuniy migrantlar uchun qurilayotgan yangi lager atrofini suv havzasi o‘rab turgan bo‘lib, unda timsohlar suzib yuradi. «Alligator Alkatras» deb atalgan obekt 5 ming kishiga mo‘ljallangan va federal ruxsat bilan barpo etilmoqda. Qurilishni AQSh Ichki xavfsizlik departamenti nazorat qilmoqda, Prezident Tramp esa hali bu borada izoh bermagan.
Loyiha qiymati 450 million dollar bo‘lib, uni shtat prokurori Jyeyms Utmayer ilgari surgan. Rasmiylarning aytishicha, bu inshoot noqonuniy muhojirlarni saqlash va ularni deportatsiyaga tayyorlash uchun qurilmoqda. Migrantlar atrofini timsohlar qo‘riqlashi ularning qochib ketishining oldini olishga qaratilgan.
Inson huquqlari himoyachilari va ekologlar bu lagerni noinsoniy va xavfli deb baholab, qurilishni to‘xtatishni talab qilmoqda. Oq uy rasmiy sahifasida timsohlar tasvirlangan AI rasmni «Tez kunda» sarlavhasi bilan e’lon qilgani jamoatchilik tanqidiga sabab bo‘ldi. Ko‘plab fuqarolar soliq pullarining bunday «shou»larga sarflanayotganidan norozilik bildirib, hukumatni mas’uliyatsizlikda ayblamoqda.
Mavzuga oid

13:50 / 03.07.2025
Vayron bo‘layotgan G‘azo, jaziramada qolgan Yevropa va “Oreshnik” bilan qurollanayotgan Belarus – kun dayjesti

13:00 / 02.07.2025
Sulh «shartlariga» rozi bo‘lgan Isroil, Moskva-Boku o‘rtasida keskinlashgan nizo va Maskni deport qilmoqchi bo‘lgan Tramp – kun dayjesti

14:12 / 30.06.2025
G‘azoda sulh “shabbodasi”, F-16’sidan ayrilgan Ukraina, TikTok’ka xaridorlar topgan Tramp va Rossiya bilan “sovuqlashayotgan” Ozarboyjon – kun dayjesti

14:23 / 28.06.2025