Jahon | 15:56 / 02.07.2025
2441
2 daqiqa o‘qiladi

Bokuda ushlangan rossiyaliklar to‘rt oyga hibsga olindi

Boku sudining qaroriga ko‘ra, qo‘lga olinganlar «narkotiklar kontrabandasi bilan shug‘ullangan ikki uyushgan jinoiy guruhga a’zo bo‘lgan». Rossiyada Yekaterinburgdagi ozarboyjon diasporasi rahbari Shahin Shixlinskiy guvoh sifatida so‘roq qilindi.

Foto: Telegram / mash

Ozarboyjon poytaxti Boku sudi 1 iyun, seshanba kuni kechqurun Yekaterinburgdagi ozarboyjon diasporasi vakillarining uyushgan jinoyatchilikka aloqadorlikda ayblanib, keng ko‘lamli ushlanishi yuzasidan Boku va Moskva o‘rtasidagi mojaro avj olgan bir paytda qo‘lga olingan sakkiz nafar Rossiya fuqarosini hibsga oldi.

Sud Ozarboyjon Ichki ishlar vazirligining rossiyaliklar «Erondan narkotik moddalar kontrabandasi va kiberjinoyatchilik bilan shug‘ullangan ikki uyushgan jinoiy guruh tarkibiga kirgan» degan da’volariga qo‘shildi. Sud zalidan olingan suratlarda yuzlarida kaltak izlari bo‘lgan hibsga olinganlarning bir qismi aks etgan.

Avvalroq Rossiya Telegram-kanallari qo‘lga olinganlarning bir qismining shaxsini aniqlagan edi. Bular 41 yoshli IT-tadbirkor Anton Drachev, Sankt-Peterburgdan bo‘lgan 30 yoshli dasturchi Dmitriy Bezugliy va yekaterinburglik 35 yoshli sayyoh Aleksandr Vaysero.

Bundan oldin Ozarboyjon xavfsizlik kuchlari Rossiyaning "Sputnik Azerbaydjan" agentligining yetti nafar xodimini qo‘lga olgan edi. Ulardan ba’zilari pul yuvish, firibgarlik va noqonuniy tadbirkorlikda ayblangan, Ozarboyjon rasmiylari ijrochi direktor Igor Kartavix va bosh muharrir Yevgeniy Belousovni FSB xodimlari sifatida yashirincha faoliyat yuritgan deb atadi. Kartavix va Belousov tergov hibsxonasiga jo‘natildi.

Mavzuga oid