Jahon | 18:22 / 02.07.2025
3721
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR Rossiyaga 30 ming nafargacha askar yuborishi mumkin

​​​​​​​Ukraina rezvedkasi rossiyalik harbiylar shaxsiy tarkibni tashish uchun samolyotlarni qayta jihozlashni boshlaganini yangi qo‘shinlarni joylashtirishga tayyorgarlik belgisi sifatida qaramoqda.

Foto: AP

Shimoliy Koreya Rossiya tomonida turib Ukraina bilan jang qilayotgan qo‘shinlari sonini uch baravar oshirish niyatida, deb yozmoqda CNN. Ukraina razvedkasi ma’lumotlari bilan tanishgan telekanalga ko‘ra, KXDR yaqin oylarda Rossiya—Ukraina urushida ishtirok etish uchun 25-30 ming askarni yuboradi.

Qayd etilishicha, «katta ehtimol bilan» Shimoliy Koreya qo‘shinlari Rossiya tomonidan egallab olingan Ukraina mintaqalaridagi jangovar harakatlarda ishtirok etadi.

Ukraina rezvedkasi rossiyalik harbiylar shaxsiy tarkibni tashish uchun samolyotlarni qayta jihozlashni boshlaganini yangi qo‘shinlarni joylashtirishga tayyorgarlik belgisi sifatida qaramoqda. Shuningdek, CNN KXDRdan Rossiya tomon yo‘nalish olgan RF kemalari va yuk tashuvchi samolyotlarining sun’iy yo‘ldoshlardan olingan suratlariga e’tibor qaratgan.

Oldinroq Janubiy Koreya razvedkasi ham KXDR yangi qo‘shinlarni Rossiyaga yuborishga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qilgandi. Ta’kidlanishicha, Shimoliy Koreya qo‘shinlari iyul yoki avgustda yetib kelishi mumkin — Rossiya ayni shu vaqtda Ukrainaga yangi keng ko‘lamli hujumni rejalashtirayotgan bo‘lishi mumkin.

KXDR harbiylari 2024 yil avgust oyida Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan qisman egallab olingan Kursk oblasti janglarida qatnashgan edi. Shimoliy koreyalik harbiylarning jangovar harakatlardagi ishtirokiga oid ilk xabarlar 2024 yil oktyabrda paydo bo‘ldi. Rossiya buni rasman 2025 yilning aprel oxirlarida tan oldi.

Ukraina rasmiylarining baholashicha, 2024 yil kuzda Shimoliy Koreya Rossiyaga urushda ishtirok etish uchun 11 ming askar yuborgan. Oqibatda ularning 4 mingga yaqini halok bo‘lgan yoki yaralangan. 1 iyul kuni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida halok bo‘lgan KXDR askarlari xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Mavzuga oid