Jamiyat | 17:15 / 03.07.2025
8546
13 daqiqa o‘qiladi

40 daraja issiq: bunaqa paytda xodimlar qanday huquqlarga ega?

Yozda 40 daraja atrofida issiq bo‘lishi – O‘zbekiston uchun odatiy hol. Bunaqangi issiqda ishlash esa nafaqat qiyin, balki xavfli ham. Shu sabab ayrim davlatlarda havo juda isib yoki sovib ketganida, xodimlarning ish vaqti qisqartiriladi. Xo‘sh, bizda-chi, mehnat qonunchiligimizda normalar bormi? Hozirgidek jazirama kunlarda xodimlar qanday huquqlarga ega? Kun.uz shu kabi savollarga javob izladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kasaba uyushmalari federatsiyasi mehnatni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Nodira G‘oyibnazarovaning aytishicha, milliy qonunchilikda yaxshi normalar yozilgan, faqat uni amalda qo‘llashni bilish kerak.

“Mehnat kodeksining yangi tahririda aniq normalar belgilab qo‘yildi va bu yerda aytyapti (205-modda): "Yilning issiq yoki sovuq mavsumida ochiq havoda yoxud sovitilmaydigan yoki isitilmaydigan yopiq xonada ishlaydiganlar, shuningdek, yuk ortish-tushirish ishlarida band bo‘lgan shaxslar uchun maxsus tanaffuslar beriladi”, – deydi u.

G‘oyibnazarovaning so‘zlariga ko‘ra, Mehnat kodeksida alohida toifadagi xodimlarning ish sharoitlari to‘g‘risidagi normalar bo‘lishi belgilangan. Bu qonunosti hujjatlarida aniqlashtiriladi.

“Alohida toifadagi xodimlar deganda biz avvallari voyaga yetmaganlar, homiladorligi bor bo‘lgan ayollar, nogironligi bor bo‘lgan shaxslarni tushunardik. Lekin hozirgi yangi Mehnat kodeksi alohida toifadagi xodimlarni kengaytirgan holatda barchasini qamrab olishga harakat qilgan. Masalan, pedagoglar, tibbiyot xodimlari, transport xodimlari, tabiiy iqlim sharoitida ishlayotganlar. Demak, tabiiy iqlim sharoiti deganda zararli, xavfli, o‘ta zararli, o‘ta xavfli sharoitlarda ishlayotganlar tushuniladi. Mana, oddiy novvoyni oling. Bu yoqdagi temperatura bilan tandirning oldidagi temperaturada qancha farq bor? Tandirning ichiga kirib chiqqanda o‘zidan qancha minerallarni yo‘qotadi? Demak, unda minerallarni organizmda saqlab qolishi bilan bog‘liq chora-tadbirlarni ko‘rishni talab etadigan o‘ziga yarasha me’yorlar belgilangan. Ya’ni alohida toifadagi xodimlarning ish vaqti, dam olish vaqtlariga alohida talablar qo‘yilgan. Agar normal ish vaqti bir haftasida 40 soat bo‘ladigan bo‘lsa, alohida toifadagi xodimlarda, masalan, o‘ta zararli, o‘ta xavflida 36 soat belgilanyapti”, – deydi u.

Bundan tashqari, Mehnat kodeksiga asosan, 30 daqiqadan 2 soatgacha tanaffuslar belgilanishi mumkin.

“Ish vaqtingiz bir kunda 8 soatdan oshadigan bo‘lsa, ikkita tanaffus berilishi ko‘zda tutilyapti. Ish vaqtingiz 8 soatgacha bo‘lsa, bitta tanaffus. Tanaffus davomiyligi 30 daqiqadan 2 soatgacha deyilyapti. Bu ish beruvchi tomonidan xodimlarning vakillik organi, kasaba uyushmalari bilan kelishgan holda belgilanadi. Kasaba uyushmalari xodimlarning vakillik organi sifatida ish beruvchi bilan jamoa shartnomalarini imzolaydi”, – deydi federatsiya vakili.

G‘oyibnazarovaning ta’kidlashicha, yuqori haroratda ishlash sharoitlari bo‘yicha xodimlardan kasaba uyushmalari federatsiyasiga murojaatlar tushib turadi. Murojaatlarga asosan o‘rganishga chiqilganda, xodimning kasbi, vazifalari va ish joyidagi sharoitlar o‘rganiladi. Xususan, ish joylari attestatsiyadan o‘tkazilishi mumkin.

“Ya’ni ish o‘rinlari, asbob-uskunalar, jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazishga oid normalar ham belgilangan. Mana shu hujjatlarning barchasi bilan tanishib chiqilganidan keyin, ish beruvchi tomonidan xodimning huquqini buzadigan yoki milliy qonunchiligimizga mos bo‘lmagan holatlar aniqlansa, tegishli choralar ko‘riladi”, – deydi G‘oyibnazarova.

Uning aytishicha, yengil ishlar uchun havo harorati +25-27 darajagacha bo‘lsa, bu optimal hisoblanadi. O‘rtacha og‘irlikdagi ishlarda bu me’yor +23-25 darajagacha. Og‘ir kasblarda ishlaydiganlarda +21 darajadan 23 darajagacha normal deb belgilangan.

“Ish beruvchi shu optimal haroratni ta’minlab bermagan holatda, jamoaviy yoki shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlaydi. Endi bu narsa dala ishlarida bo‘lsa, men hozirgi aytgan Mehnat kodeksining 205-moddasiga murojaat etamiz. Bugungi kunda Mehnat kodeksi bizga yana qanday imkoniyatni berdi deganda, ish kunini qismlarga bo‘lish mumkin. Ya’ni ofis ishchilariga 40 soatlik mehnat haftasi deydigan bo‘lsak, dala ishlarida ishlaydigan xodimlar ish kunini soat 04:00 dan kun ko‘tarilguncha soat 08:00 gacha davom ettirishi mumkin. Qolgani kun botayotganda. Demak, ish kunini qismlarga bo‘lish ham milliy qonunchilikda yozib qo‘yilgan”, – deydi Kasaba uyushmasi vakili.

Qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Unda nimalar ko‘zda tutilyapti?

Hozircha O‘zbekiston qonunchiligida xodimlarni jazirama issiqdan himoyalashni to‘g‘ridan to‘g‘ri nazarda tutuvchi normalar yo‘q. Bu bo‘shliqni to‘ldirish uchun “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri ishlab chiqilgan. Bandlik vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hozirda loyiha Adliya vazirligiga kiritilgan.

Qonun loyihasida anomal issiq yoki sovuq havoda xodimlarga qo‘shimcha mehnat ta’tili berish, ish vaqtini qisqartirish va sanitariya qoidalariga asosan xodimlarga profilaktik maqsadlarda oziq-ovqat mahsulotlari berish ko‘zda tutilgan.

Amaldagi sanitariya qoidalari va normalariga ko‘ra, yilning issiq davrida ishlab chiqarish xonalarida harorat ishning yengil yoki og‘irligiga qarab 21 darajadan 27 darajagacha bo‘lishi kerak. Ochiq havodagi ish zonasida esa 36 daraja va undan yuqori harorat xodimning salomatligi uchun ekstremal sharoit hisoblanadi. Yangi qonun loyihasi bilan, xodimlar uchun mehnat sharoitlarini belgilangan darajada tashkil etmagan ish beruvchilarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 15 baravarigacha jarima jazosini belgilash taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, qonun loyihasining 17-moddasi bilan, mehnatni muhofaza qilish talablari buzilgani oqibatida xodimning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf yuzaga kelgan taqdirda, xodimga bunday xavf bartaraf etilgunga qadar ishlashni rad etish huquqi berilmoqda. Bu holatda xodimning ish haqi saqlanadi va unga nisbatan intizomiy chora ko‘rishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Xorij tajribasi

Xorij davlatlari qonunchiligida yuqori havo haroratiga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Masalan, Belarusda ofisda o‘tirib ishlaydigan xodimlar xonadagi harorat +28,5 darajaga yetganida, bir soat kamroq ishlash va hatto rahbarini ogohlantirmasdan ish joyini tark etish huquqiga ega. Xuddi shu haroratda mashinasozlik va metallurgiya korxonalarida ishlaydiganlar kuniga ko‘pi bilan 4-5 soat ishlashi belgilangan. Xodimlar ochiq havoda ishlayotgan bo‘lsa, ish beruvchi dam olish uchun maxsus xonalar bilan ta’minlashga majbur. Bundan tashqari, Belarus Mehnat kodeksiga asosan, ish beruvchi jazirama issiqda ish vaqtini o‘zgartirishi, ya’ni ishni bir necha soat ertaroq boshlashi yoki tungi vaqtga ko‘chirishi mumkin.

Germaniyada esa ekstremal yuqori harorat kuzatilganda maktablar va korxonalarda qo‘shimcha dam olish kuni e’lon qilinishi mumkin. Jaziramada o‘quvchilarning maktabga bormasligi federal darajada hal qilinadi, korxona va tashkilotlarda esa ish kunini bekor qilish kompaniya rahbariyatining vakolatiga kiradi.

Germaniya mehnat qonunchiligiga ko‘ra, xodimlar ishlaydigan binolarda havo harorati +26 darajadan oshmasligi kerak. Ish beruvchi o‘z xodimlarining sog‘lig‘i to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishga majbur, agar jazirama issiq ishchilar salomatligi uchun zararli bo‘lsa va kompaniya buning oldini olmasa, xodim shikoyat qilish huquqiga ega. Bunday vaziyatlardan qochish uchun kompaniya rahbariyati qo‘l ostidagilarni uylariga qo‘yib yuborishlari mumkin.

Yuqori havo haroratidan qanday himoyalanish mumkin?

Tibbiyot fanlari doktori, professor Zarifboy Ibodullayev bu borada zarur tavsiyalarni berdi.

“Insonning tana harorati 36,4–36,6. Agarda tashqaridagi ob-havo harorati 36 darajadan oshib boshlasa, odamlar o‘zini bezovta his qilib boshlaydi. Chunki organizmda moddalar almashinuvi ham o‘zgaradi. Hammamiz biladigan, hamma yoqda aytilayotgan gap – issiq kunlari 2 litrdan 3 litrgacha oz-ozdan suv ichish kerak. Bu juda ham to‘g‘ri. Issiq havoda qon quyilishi, ayniqsa yurak qon-tomir kasalliklari, bosh miyada surunkali qon aylanishining buzilishi bor insonlar, albatta, doimo yonida suv olib, ichib yurishi kerak.

Ba’zan shunaqa holatni ko‘ramiz: "Men qon suyultiradigan dori ichib yuraman-ku", deydi. Diqqat bilan e’tibor qilishsin, qon suyultiradigan dorini ichdi-yu, bir stakan suv ichib, keyin bir kunda o‘sha 2 yoki 3 litr suv ichib yurmasa, baribir qon quyiladi. Ba’zi qon suyultiruvchi dorilar 6 soat, nari borsa 12 soat ta’sir qiladi. Demak, agar siz mana shu kam kamdan ko‘proq suv, meva sharbatlari ichib yursangiz, yurak faoliyati ham yaxshi ishlaydi. Diqqat konsentratsiyasi va buyrak faoliyati yaxshilanadi”, – deydi shifokor.

Ibodullayevning so‘zlariga ko‘ra, jaziramada soyabon tutib yurish, muzqaymoq iste’mol qilish ham tavsiya etiladi.

“Keyin, suv havzalarida cho‘milish, suzishga borib turish ham foydali. Suv bo‘ylari, soy bo‘ylari toza tutilishi kerak. Ayniqsa, ko‘proq qishloq joylarida, uzoqroq joylarda ochiq suv havzalarida cho‘milishadi. O‘sha yerdagi sanitariya-gigiyena holatlariga ham e’tibor qilish kerak. Mana, biz yoshligimizdan bilamiz, bolalar cho‘milishga chiqqan paytlari uzoqdan brigadirlar yurib, soy bo‘ylarida endi har turli hayvonlar o‘lib yotmaganmi, boshqami, bolalarni chaqirib olib, shundoq bir tozalashardi. Ayniqsa, go‘sht mahsulotlari yoki kichik-kichik hayvonlar o‘lib yotgan bo‘lsa, ular birdaniga achiydi-da, mikrob bosib ketadi, suv havzasiga ketsa, juda ko‘p bolalar qorin tifi bo‘lishi mumkin. Har xil infeksion kasalliklar bor”, – deydi professor Ibodullayev.

Shifokor so‘zi davomida, pulli bo‘lsa-da, cho‘milish havzlari qurish kerakligini aytdi.

“Bu tadbirkorlarga iqtisodiy tomondan foyda olib keladi, ham yoshlarimiz chiniqadi. Bizda suzish havzalari kam”, – deydi u.

Ibodullayevga ko‘ra, ochiq havoda ishlaydiganlar oq rangli kiyim kiyishi kerak.

“E’tibor qaratsangiz, Viyetnam, Tailand kabi guruch ekadigan davlatlarda odamlar oq kiyingan va katta shlyapa kiygan bo‘ladi. Oq rang issiqlikni qaytaradi. Oftob urishi degan tashxis bor, agar odamni oftob ursa, yoshmi-kattami, hushdan ketadi.

Oftob urganda kimdadir qon bosimi tushib ketadi, kimdadir oshib ketadi, bunaqa paytda qanday yordam ko‘rsatishni ham aytay: darrov soya joyga olib, yoki ochiq joy bo‘lsa, soyabonni tutib, yuziga sovuq suv sepsa, darrov o‘ziga keladi.

Issiqda burundan qon ketishi ham mumkin. Ayniqsa, o‘smirlar uchun xos bo‘lgan holat. Bunda ham vaqtincha ketadi-da, dokani ho‘llab, peshonaga muzli suvni qo‘yib, burunning ustki qismini siqib tursa, qon ketish to‘xtaydi.

Umuman olganda, soat 13:00 dan 16:00 gacha, ya’ni quyosh nuri tik tushayotgan paytda, oftob ostida ishlash tavsiya etilmaydi. Shuning uchun ham, e’tibor qilsangiz, dehqonlar erta sahardan soat 05:00 dan dalaga chiqib ishlarni qilib oladi. Soat 12:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan holatlarda ochiq quyosh nuri tik tushadigan joylarda ishlamagan ma’qul”, – deydi Zarifboy Ibodullayev.

Mavzuga oid